Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida inson huquqlari va manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar kechmoqda. Bu kabi demokratik islohotlarni izchillashtirish, iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash hamda erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish davrida ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi farovonligi barqarorligini taʼminlash choralarini tizimli ravishda amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Rivojlangan davlatlar tarixi iqtisodiyotni yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijtimoiy masalalarni hal qilish bilan barobar olib borish joizligini koʻrsatadi. Bu amaliyot jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlab, barqaror rivojlanishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu tariqa rivojlangan davlatlarda ijtimoiy muammolar va ziddiyatlar barham topadi, yuzaga kelayotgan har qanday masala davlat va jamiyat institutlarining oʻzaro ijtimoiy kelishuvi, konsensusi orqali hal qilib boriladi. Aks holda, ijtimoiy norozilik va kelishmovchiliklar keskinlashib, jamoat xavfsizligi, odamlar tinchligi va osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar koʻpayaveradi.
Shu maʼnoda, mamlakatimizning yangilanish va taraqqiyot yoʻliga asos qilib olingan adolatli ijtimoy siyosat yuritish tamoyillari, avvalo, ijtimoy kelishuvni, hamjihatlikni, millatlararo totuvlik va birdamlikni taʼminlashga qaratilgan. Bu demokratik va iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning, ular orqaga qaytmasligining muhim sharti sanaladi.
Shunga koʻra, ijtimoiy barqarorlik, ijtimoiy adolatni taʼminlash kabi xalqparvar siyosatning muhim elementlariga alohida eʼtibor berish, odamlarning ijtimoiy kayfiyatiga taʼsir etuvchi muammolarni aniqlash va hal etish, ijtimoy kafolatlarni, aholini har tomonlama himoyalash choralarini koʻrish davlatimizning muhim vazifalaridan boʻlib kelmoqda.
Jamiyatimizda har bir inson demokratik oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini teran his qilayotgani, islohotlar tufayli oʻz imkoniyatlarini toʻla roʻyobga chiqara olishini anglay olgani va, eng muhimi, oʻz tasavvurlarini jamiyat va davlat intilishlari bilan uygʻunlashtirgani oldimizga qoʻygan ulugʻvor maqsadlarga erishishimizda gʻoyat muhim omil hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan referendum koʻp millatli xalqimizning hamjihatligi va birdamligini koʻrsatib berdi hamda Bosh qonunimiz normalari asosida davlatimiz bilan bir tan, bir jon boʻlib jamiyatimizni yangilash, ertangi kunimiz bugundan koʻra yaxshiroq boʻlishini taʼminlashga bel bogʻlaganining yorqin namunasi boʻldi.
Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar oxirgi yillarda shiddat bilan kechayotgan islohotlar natijasi oʻlaroq shakllangan davlatimiz va jamiyatimiz yutuqlarining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy qiyofasida oʻz aksini topdi.
Konstitutsiya normalari davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurishni hamda ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik tamoyillari asosida xalq farovonligini oshirish, aholining zaif qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, har bir insonga tinch va munosib hayot kechirishiga imkon beradigan shart-sharoitlar yaratilishini belgilab berdi.
Eng asosiysi, bu normalar demokratik, adolatli fukarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamladi. Bunday jamiyatda davlat idoralari, davlat hokimiyatining har qanday boʻgʻinida xizmat qilayotgan xodimlar xalq manfaatlarini koʻzlab, Konstitutsiyamiz hamda u asosida qabul qilingan qonunlarda belgilangan inson huquq va erkinliklarini amalda roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi va bu faoliyatda ijtimoiy adolat, qonuniylik tamoyillariga tayanadi.
Ijtimoiy adolatning asosiy jihatiga toʻxtalar ekanmiz, davlat idoralarining barcha darajadagi xizmatchilari maqsadi millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning talab-istaklarini qondirishga qaratilganida namoyon boʻlib, konstitutsiyaviy-huquqiy normalarda xalqimizning azaldan insonparvar, odamoxun fazilatlari hamma narsadan ustun qoʻyilgani, inson tom maʼnoda eʼzozlanganidan darakdir.
Yana bir muhim masala. Davlatimiz, konstitutsiyaviy normalarda mustahkamlab qoʻyilganidek, xalq manfaati yoʻlida hayotimizning barcha jabhalarida, jumladan, ijtimoiy sohada islohotlarni amalga oshirar ekan, birinchi navbatda, ular adolatni taʼminlashga, yaʼni har bir inson huquq va erkinliklarini toʻlaqonli, hech qanday kamsitishlarsiz roʻyobga chiqarishga, aholi farovonligini, jamiyatimiz birlamchi boʻgʻini boʻlgan oilalarda munosib va barqaror turmush tarzini kafolatlashga yoʻnaltirilgandir.
Islohotlar mazmun-maqsadi ham har bir fuqaro millati, dini va maslagidan qati nazar, shaxs sifatida namoyon boʻlishi, oʻz qobiliyatini roʻyobga chiqarishi, farovon yashashi, maʼnaviy barkamolikka erishishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining munosib, erkin va farovon hayotini taʼminlash, har bir inson huquq va imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Shu oʻrinda aytish lozimki, jamiyatni demokratlashtirish va bozor iqtisodiyotini erkin rivojlantirish davrining ayrim bosqichlarida tabiiy kuzatiladigan aholi turmush darajasi pasayishiga yoʻl qoʻymaslik, ishsizlar soni oʻsishining oldini olish, kam taʼminlangan oilalarni, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash choralari tizimli amalga oshirib kelinmoqda.
Turli vaziyatlar tufayli kambagʻallik darajasiga tushib qolishi mumkin boʻlgan guruhlar – nogironlar, yolgʻiz onalar, yetim bolalar, keksalarga alohida eʼtibor berilmoqda va bu chora-tadbirlar aniq maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bois, davlat oʻz oldiga qoʻygan ijtimoiy majburiyatlarini bajarishda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish ham dolzarb masala boʻladi.
Bugun fuqarolarga zarur huquq va erkinliklar berilgan. Bu jarayonda yurtdoshlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishi, yangi Oʻzbekiston fuqarosi ekanini his qilishi, konstitutsiyaviy darajada berilgan huquq va erkinliklarni qadrlashi, mashaqqatli mehnat bilan qoʻlga kiritilgan demokratik qadriyatlarni asrab-avaylashi va himoya qilishi juda muhimdir.
Aholining turmush darajasi oʻsishi uchun shart-sharoit va ishonchli kafolatlar yaratib beruvchi omillar tobora ortib bormoqda. Eng asosiysi, hamyurtlarimiz fikrlashi, dunyoqarashi oʻzgarmoqda, siyosiy va ijtimoiy ongi, saviyasi oʻsib bormoqda. Bugungi xalqimiz bundan 6-7 yil oldingi odamlar emas, endilikda bizni tanlab olgan yoʻlimizdan ortga qaytarib boʻlmaydi.
Ijtimoiy siyosat, uni roʻyobga chiqarish mexanizmlari fuqarolarning mehnat faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratishdan ham iborat. Bu, oʻz navbatida, aholi turmush darajasi keskin pasayib ketishining, daromadlari va turmush darajasida asossiz katta farqlarning oldini olishda muhim rol oʻynaydi, jamiyat osoyishtaligi va barqarorligini taʼminlash, islohotlarga ishonch mustahkamlanishi omili boʻladi.
Har qanday davlatda turli koʻrinishdagi tengsizlik koʻpaysa va bunga imkoniyat beradigan omillar mavjud boʻlsa, ijtimoiy barqarorlikka putur yetadi. Ijtimoiy tabaqalar oʻrtasida keskin farq paydo boʻlishi jamiyatda qarama-qarshiliklar, ichki mojarolar kelib chiqishiga zamin yaratadi. Shuning uchun demokratik davlatning eng muhim vazifasi ijtimoiy ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish, yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hal qilish, odamlar turmush sharoitini yaxshilab borishdan iborat boʻlmoqda.
Bunday sharoitda davlat xizmatchilari islohotlar mazmun-mohiyatini juda yaxshi anglab yetishi talab etiladi. Aks holda, ijtimoy adolat buzilishi, korrupsiya holatlari urchishi, muayyan ijtimoiy masala yuzasidan qiynalib turgan insonning shunday ham ogʻir ahvolini yanada ogʻirlashtirishi, jiddiy ijtimoiy beqarorlik vujudga kelishiga sababchi boʻlib qolishi, fuqarolar tinchligi, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqdik. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻ esa 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi.
Kam taʼminlangan oilalar farzandlarini parvarish qilish boʻyicha nafaqalar qamrovi kengaytirildi, nafaqa tayinlashda hisobga olingan bolalarning yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar koʻpaydi, 2022-yildan boshlab oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oilani kam taʼminlangan, deb eʼtirof etilishi belgilab qoʻyildi.
Kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy qilindi, kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda toʻrt barobar oshib, 1,9 millionga yetdi.
2023-yil uchun davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgan mablagʻi miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratildi. 2023-yilda taʼlim sohasi xarajatlariga 58,4 trillion soʻm, sogʻliqni saqlash sohasiga 28,4 trillion soʻm, madaniyat sohasiga 2,5 trillion soʻm, sport sohasiga 2,3 trillion soʻm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,8 trillion soʻm yoʻnaltirish belgilandi.
Joriy yilgi davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trillion soʻm ajratilishi, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj jami 52 mingdan ortiq fuqaroga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun byudjet mablagʻlari hisobidan 1,1 trillion soʻm subsidiya toʻlab berilishi koʻzda tutildi.
Soʻnggi olti yilda ijtimoiy yordam koʻlami 5 barobar oshirilib, 2 milliondan ortiq oila qamrab olindi. Hozirgi kunda har bir ehtiyojmand oila byudjet va 3 ta “daftar” tizimi orqali moddiy yordam olmoqda. Bu maqsadlarga byudjetdan har yili ajratiladigan mablagʻ 18 trillion soʻmga yetdi. Holbuki, 2016-yilda bu koʻrsatkich 2,2 trillion soʻm edi.
Ijtimoiy taʼminotga yoʻnaltirilgan mablagʻning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobar yoki 2016-yildagi 0,9 foizdan 2022-yilda 2,2 foizga koʻpaydi.
Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyamizda nogironlar haqida soʻz yuritilmagan. Biroq hozirgi kunda Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan 1 millionga yaqin shaxs, jumladan, 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan 100 mingdan ortiq bola istiqomat qilishini hisobga olsak, Konstitutsiyaning alohida moddasi ijtimoiy himoya va aholining ushbu toifasiga nisbatan kamsitishni taqiqlash masalalariga bagʻishlangani juda muhimdir.
Oʻzbekiston BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi, nogironlarni jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi, deb tan oluvchi va hayotning barcha sohalarida (taʼlim, bandlik, tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash va boshqalar) teng imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha qator chora-tadbirlarni belgilab beruvchi qonun qabul qilindi.
Soʻnggi paytlarda nogironlar uchun pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori (747 ming soʻm) oshirildi. 2021-yilda isteʼmol harajatlarining minimal miqdori belgilandi.
Oxirgi yillarda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Bu davrda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshirilib, 90 mingga yetkazilishi belgilangan. Bu borada imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettirilmoqda.
Joriy yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida, birinchi navbatda, turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi belgilangan.
Agar eʼtibor bersak, 2016-yilgacha kambagʻallik soʻzi ishlatilmagan. Bugungi kunda kambagʻallik darajasini kamaytirish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Uzoq muddatga moʻljallangan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish barqarorligini taʼminlash milliy strategiyamizning bosh maqsadi qilib qoʻyildi. Bu borada, birinchi navbatda, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bosh vazifalardan biriga aylandi.
Kambagʻallikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus vazirlik tashkil etildi, 2030-yilgacha Kambagʻallikni kamaytirish strategiyasi ishlab chiqildi, uni kamaytirishga qaratilgan koʻplab davlat va ijtimoiy dasturlar ijro qilinmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyatini yaratish, kasbga oʻqitish koʻlamini 2 barobar oshirib, jami 1 million ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalari ishtirokini 30 foizga yetkazish belgilandi.
Davlat dasturiga muvofiq, alohida konsepsiya asosida nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtilishi, ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgir kasblarga oʻqitish hamda ulardan kamida 5 ming nafarining kasbiy malaka darajasini tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish kabi muhim vazifalar bajarilishi koʻzda tutildi.
Yuqoridagilarga koʻra, davlatimizning demokratik va ijtimoiy adolatli jamiyat qurish maqsadidagi taraqqiyot yoʻlining barcha jabhalarida, millati, irqi va eʼtiqodidan qatʼi nazar, adolat hamma uchun teng va barobar ekani hamda ushbu tamoyilga ogʻishmay amal qilinishi yaqqol koʻrinib turibdi.
Abdulaziz RASULEV,
yuridik fanlar doktori, professor
Dilshod CHINIYEV,
yuridik fanlar doktori, dotsent