2040 yilga borib O‘zbekiston aholisi 50 millionga yetishi taxmin qilinmoqda. Bu aholi soni bo‘yicha dunyoning katta, rivojlangan davlatlariga yetib olamiz, deganidir. 2040 yilda aholi sonining kamida 50 foizini yoshlar tashkil etadi. Shunday ekan, yoshlar kelajagi, huquq va manfaatlarini ta’minlash kun tartibidagi masala bo‘lishi tabiiy.
Konstitusiyaning men uchun eng muhim va qiziq bo‘lgan jihatlari ham yoshlarga qaratilgan normalari bo‘ldi. O‘g‘il-qizlar tarbiyasidan tortib, ularning ma’lumot olishi, ish bilan ta’minlanishigacha Konstitusiyada belgilab berildi. Davlat yoshlar huquqini ta’minlash va hayotga tatbiq etish uchun shart-sharoit yaratish, qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oldi.
Ota-onalar majburiyati ham aniq-tiniq belgilab qo‘yilganki, ular farzandini tarbiyalash va voyaga yetkazishga mas’uldir. Shuningdek, o‘g‘il-qizlarning ta’lim olishi ham ota-onaga muayyan majburiyat yuklaydi. Bu juda o‘rinli. Chunki farzand ta’lim-tarbiyasi faqatgina maktabga bog‘lanib qolishi kerak emas. Oilada ta’lim olishiga sharoit yaratilishi zarur. Bolaning har bir xatti-harakatidan, albatta, ota-ona xabardor bo‘lib turishi shart. Bu, birinchi navbatda, onalarga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayol bilimli bo‘lsa, millat bilimli bo‘ladi, degan hikmat bor. Keyingi yillarda xotin-qizlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor mohiyatida ham ana shu hikmat mujassam. Shu bois, yangilangan Konstitusiyamizda xotin-qizlarga qator imtiyozlar berildi.
Bu islohotlar oliy ta’lim tizimida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Avvalgi yillarda bitiruvchilarning 8-9 foizida oliy ma’lumot olishga imkon bo‘lsa, hozir 50 foizga yaqinlashdi. Buning uchun yetarli sharoit va huquqiy asos yaratildi. Bundan tashqari, o‘g‘il-qizlar maktabni muayyan kasb egasi bo‘lgan holda bitirishi ham yoshlarimiz kelajagi uchun qilingan ishlar, deb bilaman.
Bugun yurtimizda katta islohotlar kechmoqda. Jamiyatdagi jarayonlar, ta’lim bilan bog‘liq masalalar yuzasidan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni kuzatyapmiz. Davlatimiz rahbari 2016 yilning so‘nggi kunlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zolari bilan uchrashib, fan-ta’lim oldida turgan vazifalarni o‘rtaga tashlagan va ilm-fan sohasiga e’tiborni kuchaytirish to‘g‘risida topshiriqlar bergan, Fanlar akademiyasi haqida farmonni imzolagan edi. Shundan so‘ng bu borada bir qancha me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu esa bizga ilm-fanimiz kelajagi borasida katta umid berdi. Bugun bu sa’y-harakatlarning ilk natijalarini kuzatishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Ana shu jarayonlar Konstitusiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bilan uyg‘unlashgani e’tiborga molik.
Ilm-fanga e’tiborni matematika fanini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlar va ularning hayotga tatbiq etilishi misolida aytishni istardim. Namangan, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda institutimizning hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi ilgari xayolimizga ham kelmagan. Bugun joylarda beshta bo‘linmamiz faoliyat yurityapti. Fan bilan oliy ta’lim uzviy bog‘lanishini ta’minlash maqsadida ushbu bo‘linmalar o‘sha viloyatlardagi yetakchi universitetlar ichida joylashtirildi. Bu, albatta, yoshlarni fanga, ta’limga jalb qilishni ko‘zda tutadi. So‘nggi yillarda institutimizda ilmiy izlanish olib borayotgan, faoliyat yuritayotganlarning yarmidan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etayotgani ham fanga qaratilgan e’tibor mahsulidir. Doktoranturada o‘rinlar soni ko‘paydi.
Yoshlarga shart-sharoit yaratib berilmasa, ilm olishi uchun maydon yaratilmasa va rag‘bat bo‘lmasa, natija ham bo‘lmaydi. Ayni paytda ilm ahliga berilayotgan e’tibor yoshlar uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ularning kasb tanlashi, ilm bilan shug‘ullanishi, fan rivojiga hissa qo‘shishi uchun muhit yaratilgan. Olimlar ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lishi, maoshi uch barobar oshgani yoshlarning qiziqishiga sabab bo‘layotgan jihatlardan biridir. Bu kelajakda o‘z mevasini beradi. Sifatli ta’limni ta’minlash oldimizda turgan muhim vazifadir.
Konstitusiyada o‘qituvchining maqomi masalasiga alohida norma kiritilib, kafolatlandi.
Albatta, ta’lim sifati o‘qituvchiga bog‘liq. Birinchi navbatda, maktab o‘qituvchisiga. Chunki maktabni bitirib kelgan bolaning bilimi unchalik kuchli bo‘lmasa, oliy ta’limda u biror narsani o‘rganishi qiyin. Bunda esa o‘qituvchining salohiyati muhim o‘rin tutadi. O‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi ortidan salohiyati, jamiyatdagi obro‘-e’tibori juda tushib ketdi. Konstitusiyada ularning mavqeini yuksaltirish bo‘yicha huquqiy asos yaratildi. O‘qituvchilarni asosiy vazifasidan boshqa ishga jalb qilish mumkin emas. Ana shunda o‘qituvchi o‘z ustida ishlashiga imkon bo‘ladi va maoshi ham oshadi. Bularning barchasi Konstitusiyada muhrlandi.
Bundan tashqari, Bosh qonunimizda ajdodlarimiz qoldirgan merosni o‘rganish va kelajak avlodni ham shunga munosib tarbiyalash masalasiga alohida urg‘u berilgan.
Bundan uch-to‘rt yil oldin Samarqandda Markaziy Osiyo olimlarining jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazilgan edi. Dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan allomalar bizning zaminda kamol topgani kishiga hamma vaqt faxr bag‘ishlaydi. Biz yoshligimizda shunday buyuk ajdodlarimiz borligini bilmas edik. Yoshlarimiz hozir ularni bilishi, merosini o‘rganishiga hamma imkoniyat bor. Ularga munosib avlodni shakllantirish galdagi vazifamiz. Hatto Bosh qonunimizda ularning nomi tilga olingani voyaga yetib kelayotgan avlodga shunday mas’uliyat yuklaydi.
Kelajakda hozirgi yoshlar orasidan Xorazmiylar, Beruniylar chiqishini xohlaymiz. Buning uchun, albatta, poydevor kerak.
Yurtimizda ilm-fan, maktablar, olim va tadqiqotchilar, kashfiyotlar va yaratuvchilik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yangi ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari, institutlar va markazlar, ilmiy laboratoriya va kafedralar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ko‘p tarmoqli ilmiy-tashkiliy infratuzilma yaratildi.
Fan-ta’lim — nozik masala. Uni izdan chiqarish oson. Lekin sifatli ta’limni, ilm-fanni yuksaltirishga o‘nlab yillar kerak bo‘ladi. Natijani bir yil, ikki yilda emas, o‘n yilda ko‘rish mumkin. Lekin unga hozirdan harakat qilmasak, keyin kech bo‘ladi. Shu bois, ishonchim komilki, bu boradagi sa’y-harakatlar, albatta, Uchinchi Renessans, buyuk uyg‘onish davri uchun poydevor bo‘ladi.
Muddatidan ilgari Prezident saylovini o‘tkazish, ushbu masalani xalq hukmiga havola etish to‘g‘risidagi qaror mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalarga yangi tahrirdagi Konstitusiyadan kelib chiqib, yangi dasturlari bilan xalqqa murojaat etish imkonini, xalqimizga esa kelajagi, taqdiri, ertangi kuni uchun erkin tanlov qilish imkoniyatini beradi. Prezident uchun hamisha xalq manfaati birlamchi va ustuvor ekaniga shaxsan men yana bir karra amin bo‘ldim.
Shavkat AYUPOV,
O‘z FA Matematika instituti direktori,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zbekiston Qahramoni,
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2023 yil 11 may, 91 soni)