Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad korxonalar faoliyati bilan joylarda yaqindan tanishish, hududiy investitsiya dasturini oʻz vaqtida amalga oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oʻrganishdan iborat.

Maʼlumot uchun: Sirdaryo viloyatida yil boshidan buyon qiymati 120,4 million dollarlik 299 ta loyihalar ishga tushirildi va natijada 4 973 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bugungi kunda viloyatda 2 279 ta sanoat korxonalari mavjud. 2023-yilda viloyatda 13,7 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va oʻtgan yilga nisbatan 110,8 foiz (2022-yilda 12,2 trillion soʻm) oʻsishni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Tashrif ish dasturiga muvofiq, Sirdaryo, Guliston, Mirzaobod, Xovos tumanlari hamda Guliston va Yangiyer shaharlaridagi korxonalarga borildi.

Xususan, “Peng Sheng” kompaniyasi tomonidan charm mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasining amalga oshirilishi, polipropilen qop va streych plenka ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sirdaryo mega lyuks” va “World of Techno” korxonalari, shuningdek, zamonaviy avtomobilm ishlab chiqaruvchi “Asaka motors” korxonasi, dori mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Omonmedpharm”, qurilish ip-kalava ishlab chiqaruvchi “Mili teks Sirdaryo” va “Guliston Gold Yarn”, tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Elegant fiber textile”, quvvati 220 MVt boʻlgan “Cengiz Enerji San. ve Tik. Ink.” elektr stansiyasi faoliyati oʻrganildi.

Tashrif doirasida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida ular viloyatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha oʻz muammo va takliflari bilan oʻrtoqlashdi. Har bir koʻtarilgan masala boʻyicha yechim yoʻllari, jumladan, tizimli muammolarga kompleks yondashuvni nazarda tutuvchi algoritmlar ishlab chiqildi, aniq muddatlar va masʼul ijrochilar belgilab olindi.

Tashrif yakunida masʼul rahbarlarga tadbirkorlarni har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlanib, viloyatning sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.