ISSVda Finlyandiya Respublikasi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Akram Aliev va Finlyandiya Respublikasining Markaziy Osiyodagi elchisi Ilkka Raisänen o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Shuningdek, muhokamada Finlyandiyaning «Peikko Group», «Elematic», «AINS Group», «Kone« va «East office» kabi yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari konstruktiv tarzda muhokama etildi. Finlyandiya tomoniga O‘zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitining asosiy jihatlari hamda uy-joy qurilishi va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida yangi investitsiya loyihalari taqdim etildi.

    O‘z navbatida, Finlyandiya kompaniyalari vakillari yangi loyihalarga katta qiziqish hamda qisqa muddatlarda loyihaoldi ishlarni yakunlab, amaliy bosqichga o‘tishga tayyorliklarini bildirdilar. Finlyandiya tajribasi va texnologiyalarini jalb etgan holda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qator loyihalar amalga oshirilishi haqida kelishib olindi.

    Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikning barcha muhokama etilgan yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni yanada mustahkamlash va kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar hamda 2025-yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.