Tadbir Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlarda savdoni rivojlantirishning yangi vositalarini ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiya ishtirokchi mamlakatlarning davlat va xususiy sektori vakillari uchun barqaror va inklyuziv oʻsishni taʼminlash va koʻp tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qilish va birgalikda belgilash uchun ochiq platformaga aylandi.
Tadbirning ochilish marosimida Turkiy Kengash Bosh kotibi B.Amreyev (videokonferensiya orqali), Turkiya Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar qoʻmitasi prezidenti N.Olpak, Turkiya Respublikasi savdo vaziri M.Mush, Turkiy kengash Savdo-sanoat palatasi prezidenti R.Hisarjiklioʻgʻli, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabborov, Qozogʻiston Respublikasi milliy iqtisodiyot vaziri A.Irgaliyev, Qirgʻiziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiyev ishtirok etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarlik qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Turkiy Kengashga aʼzo davlatlarining oʻtgan 30 yil davomida erishgan yutuqlarini muhokama qilib, turkiy tilli respublikalarning yaqin kelajakda iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish yoʻllari toʻgʻrisida fikr almashdilar. Ishtirokchilar orasida nafaqat mamlakatlar hukumatlarining vazirlari, balki rasmiy va jamoat tashkilotlari, shuningdek, aʼzo mamlakatlarning davlat va xususiy sektorlari vakillari ham bor.
Jahon iqtisodiyotining asosiy tendensiyalari, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi savdoni kengaytirish istiqbollari, investitsiyaviy muhitni yaxshilash chora-tadbirlari, transport va logistika sohasida ishtirokchi mamlakatlar oldida turgan dolzarb masala va muammolari, shuningdek, qoʻshma loyiha va tashabbuslarni moliyalashtirishning yangi samarali mexanizmlari koʻrib chiqildi.
Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov oʻtgan 5 yil mobaynida Oʻzbekistonning Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan aloqalari izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Jumladan, savdo aylanmasi ikki barobar, turkiy tilli mamlakatlar ishbilarmonlarining sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni esa 5 barobar oshib, 2808tani tashkil qildi.
Shu nuqtayi nazardan, Kengashga aʼzo davlatlarning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlashning muhim omili sifatida ular oʻrtasidagi koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Oʻzbekiston tomoni hamkor davlatlarni mavjud savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, uygʻunlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga chaqirdi.
Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va Kengashga aʼzo mamlakatlar tadbirkorlari oʻrtasida oʻzaro investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishni hamda turkiy tilli davlatlar iqtisodiyotlarining salohiyati va ustunliklaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan sanoat hamkorligini rivojlantirishning yagona dasturini ishlab chiqish orqali mintaqalararo qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishdan manfaatdor ekanligi bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Anjuman oʻz ishida davom etadi. Tadbir dasturiga turkiy davlatlarning bir xil nigohlarini belgilash maqsadida Turkiy kengash mamlakatlari vazirlarining yigʻilishi, bir qator panel muhokamalar, tadbirda ishtirok etgan rasmiylarning ikki tomonlama uchrashuvlari, shuningdek, “B2B” va “B2C” shaklidagi uchrashuvlar kiritilgan.