Ammo uning eng teran mazmuni oddiy insonning oʻz taqdirini oʻzi belgilashida, ona tilida erkin soʻzlashida, farzandi uchun munosib taʼlim tanlashida, mehnati va tashabbusi bilan farovon hayot qurish imkoniyatida namoyon boʻladi.

Tarixiy nuqtayi nazardan, oʻttiz besh yil davlat uchun juda qisqa davr. Lekin shu vaqt ichida siyosiy xaritada yangi suveren davlat qaror topishi, milliy ins­titutlar shakllanishi, iqtisodiy tizim oʻzgarishi, xalqning dunyoqarashi va jamiyatning ijtimoiy tarkibi yangilanishi mumkin. Oʻzbekiston tajribasi ana shu jarayonlarning murakkab, baʼzan ziddiyatli, ammo uzluksiz harakatini koʻrsatadi. Shu bois, “Yangi Oʻzbekiston fenomeni”ni faqat soʻnggi yillarda qurilgan binolar yoki oshgan raqamlar bilan emas, davlat va inson oʻrtasidagi munosabatning oʻzgarishi bilan anglash kerak.

2026-yilda davlat mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoya asosida nishonlanishi ham istiqlolga muzeyda saqlanadigan tarixiy xotira emas, har kuni davom etadigan umummilliy masʼuliyat sifatida qarashga chorlaydi. Yagona Vatan turli qarash, millat, avlod va hudud vakillarining umumiy taqdir oldida hamjihat boʻlishi demak. Yagona xalq degani farqlarni yoʻqotish emas, ularni bir huquqiy makon va bir fuqarolik hissida uygʻunlashtirishdir.

Mustaqillikning 35 yilligini munosib nishonlashga bagʻishlangan Prezidentimiz qarorida istiqlol xalqimiz qatʼiy irodasi va ajdodlar jasorati bilan qoʻlga kiritilgan, yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ishlarimizning asosi boʻlgan buyuk qad­riyat sifatida baholandi. Bu taʼrifda oʻtmish, bugun va kelajak birlashadi: mus­taqillik tarixdan kuch oladi, islohotlarda mazmun kasb etadi va kelajak avlodlar oldidagi burchga aylanadi.

2016-yil: taraqqiyot mantigʻini oʻzgartirgan burilish

2016-yil oxiridan mamlakatda davlat va jamiyat munosabatlarini qayta koʻrib chiqish jarayoni boshlandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning siyo­siy-falsafiy yoʻnalishini belgiladi. Virtual va Xalq qabulxonalari orqali murojaatlar bilan ishlash, rahbarlarning joylarga chiqishi, muammolarni yashirmasdan muhokama qilish davlat boshqaruvining odatiy uslubini oʻzgartirdi.

2017-2021-yillarga moʻljallangan ­Harakatlar strategiyasi besh ustuvor yoʻnalish — davlat va jamiyat qurilishi, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy soha, xavfsizlik va tashqi siyosatni bir dasturda birlashtirdi. Muhimi, strategiya yillik davlat dasturlari, aniq vazifalar va jamoatchilik muhokamasi bilan bogʻlandi. Shu tariqa islohotlar alohida qarorlar yigʻindisidan strategik boshqaruv tizimiga oʻta boshladi.

Yangi bosqichning birinchi vazifasi yillar davomida toʻplangan oddiy, ammo inson hayotini qiynagan toʻsiqlarni bartaraf etish boʻldi. Valyuta ayirboshlash, propiska, xorijga chiqish, fuqarolik, davlat xizmatlari, tadbirkorlik ruxsatnomalari, chegaradan oʻtish kabi masalalardagi oʻzgarishlar jamiyatda islohotlarning amaliy mazmunini koʻrsatdi. Baʼzan katta siyosiy konsepsiya inson uchun pasport olish, bankdan valyuta sotib olish yoki qoʻshni davlatdagi qarindoshini koʻrish imkonida namoyon boʻladi.

Mazkur davrni “islohotlarning birinchi bosqichi” deb atash mumkin: tizimning yopiq qismlarini ochish, eski muammolarni tan olish va inson qadrini davlat siyosati markaziga olib chiqish bosqichi. Ammo ochishning oʻzi yetarli emas. Keyingi vazifa yangi qoidalarni barqaror institutlarga aylantirish, qarorlarning joylarda bir xil ishlashini taʼminlash va miqdoriy oʻsishni sifat bilan mustahkamlashdan iborat boʻldi.

Iqtisodiy ochiqlik: cheklovdan unumdorlikka

2017-yil sentyabrda valyuta siyosatining liberallashtirilishi yangi Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlarining ramziy nuqtasi boʻldi. Milliy valyutaning bozor tamoyillari asosida ayirboshlanishi eksportchi, investor, tadbirkor va oddiy fuqaro uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Valyuta bozoridagi maʼmuriy farq qisqarishi iqtisodiyotning haqiqiy holatini koʻrish, investitsiya qarorlarini aniq baholash va tashqi savdoni kengaytirish imkonini berdi.

Soliq stavkalari va turlari qisqartirildi, bojxona va litsenziyalash jarayonlari soddalashtirildi, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari kengaydi. Bularning barchasi darhol mukammal raqobat muhitini yaratdi deb aytish qiyin. Lekin iqtisodiy siyosatning mantigʻi oʻzgardi: xususiy sektor nazorat obyektidan chiqib, oʻsish va ish oʻrni yaratadigan hamkor sifatida qarala boshlandi.

2025-yil yakunlariga koʻra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarixda birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi, eksport 33,4 milliard dollarga, jalb qilingan xorijiy inves­titsiya 43,1 milliard dollarga yetdi, oltin-­valyuta zaxiralari esa 60 milliard dollardan oshdi. Jahon banki 2025-yilda real iqtisodiy oʻsish 7,7 foizni tashkil etganini qayd etdi. 2026-yilning birinchi yarmida bu surʼat yanada jadallashdi: iqtisodiyot 8,5 foiz, sanoat 8 foiz, xizmatlar 16,9 foiz, qurilish 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligi 4,7 foiz oʻsdi, investitsiya hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. “Fitch” va “Moodyʼs” agentliklari Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini bir pogʻona yaxshiladi.

Yangilangan makroiqtisodiy prognozda 2026-yil yakunida YAIMning 8,1 foiz oʻsishi kutilmoqda. Prezidentimiz 40 millionli aholi turmushini yanada yaxshilash uchun iqtisodiy oʻsishni 9-10 foiz darajasiga olib chiqish imkoniyatlarini safarbar etishga eʼtibor qaratdi. Bu dinamika islohotlar iqtisodiy faol­likni sezilarli kengaytirganini koʻrsatadi.

Biroq iqtisodiy fenomen raqamning kattaligida emas, oʻsishning tarkibi va odamlar hayotiga taʼsiridadir. YAIM oshib, munosib ish oʻrinlari yetarli yaratilmasa, yoshlar salohiyati toʻliq ishga tushmaydi. Investitsiya kirib, mahalliy korxona texnologiya va malaka olmasa, qoʻshilgan qiymatning katta qismi tashqarida qolishi mumkin. Shuning uchun nav­batdagi bosqichda raqobat, xususiy mulk himoyasi, mustaqil sud, energiya samaradorligi va mehnat unumdorligi iqtisodiy siyosatning asosiy mezonlariga aylanishi zarur.

Tadbirkorlik va mulkdorlik madaniyati

Mustaqillikning iqtisodiy mazmuni insonning halol mehnat qilishi, mulkka egaligi va tashabbusini roʻyobga chiqarish huquqida koʻrinadi. Soʻnggi yillarda roʻyxatdan oʻtish, litsenziya olish, soliq hisobotini topshirish va bank xizmatlaridan foydalanishning elektronlashishi tadbirkor uchun vaqt va xarajatni qisqartirdi. 120 turdagi hujjatni talab qilish va 160 dan ortiq litsenziya hamda ruxsatnomaning bekor qilinishi natijasida bozorga qariyb 200 ming yangi tadbirkor kirib keldi, chet el ishtirokidagi korxonalar soni besh karraga yaqin oshib, 23 mingga yaqinlashdi.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash kredit berish bilangina cheklanmasligi kerak. Yer, infratuzilma, elektr, logistika, malakali kadr, standart va bozorga kirish bir zanjirda ishlasa, mablagʻ ishlab chiqarishga aylanadi. Aks holda, imtiyoz qisqa muddatli yengillik berib, barqaror biznes modelini yaratmasligi mumkin. Yangi Oʻzbekistonning vazifasi imtiyozga emas, raqobat va innovatsiyaga tayanadigan mulkdorlar qatlamini kengaytirishdir.

Mahallabay ishlash va hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvi kichik tashabbusni milliy iqtisodiyot bilan bogʻlash imkonini berdi. Bir hududda bogʻdorchilik, boshqasida toʻqimachilik, hunarmandlik, turizm, logistika yoki axborot texnologiyalari drayver boʻlishi mumkin. Bu yondashuv markazdan bir xil loyiha yuborish oʻrniga hududning tabiiy, madaniy va inson resurslarini hisobga olishni talab qiladi.

Haqiqiy mulkdorlik madaniyati huquq va masʼuliyatning birligidir. Tadbirkor qonun himoyasiga ishonishi, biroq soliq, mehnat xavfsizligi, ekologiya va mahsulot sifati boʻyicha jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerak. Davlat esa qoida belgilab, oʻzi ham unga rioya qilishi shart. Iqtisodiy erkinlikning eng ishonchli kafolati mansabdorning vaʼdasi emas, barchaga bir xil ishlaydigan qonundir.

Muhim konseptual oʻzgarish

Yangi Oʻzbekiston islohotlarida kambagʻallikning rasman tan olinishi muhim konsep­tual oʻzgarish boʻldi. Muammo tan olinmaguncha uning koʻlamini oʻlchash, sabablarini tahlil qilish va manzilli siyosat yuritish mumkin emas. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, Yagona ijtimoiy reestr, hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar tizimi ehtiyojni xonadon darajasida koʻrishga xizmat qildi.

2025-yilda kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgani, qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqqani va 1435 mahalla ilk bor “kambagʻallikdan xoli” hududga aylangani qayd etildi. Jahon banki ham milliy kambagʻallik koʻrsatkichining 2024-yildagi 8,9 foizdan 2025-yilda 5,8 foizga tushganini tasdiqlaydi.

Bu raqamlar muhim, ammo oilani roʻyxatdan chiqarishning oʻzi barqaror farovonlik degani emas. Daromad manbai qanchalik mustahkam? Ish rasmiy va xavfsizmi? Oila salomatlik yoki hosilning yoʻqolishi kabi zarbaga bardosh bera oladimi? Bolalar taʼlimdan uzilib qolmayaptimi? Kambagʻallikdan chiqish siyosatining keyingi bosqichi ana shu savollarga javob beradigan uzoq muddatli kuzatuv va “ijtimoiy lift” mexanizmlarini talab qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekis­tonning ijtimoiy davlat ekani mustahkamlandi. Bu qoida nafaqa va moddiy yordam miqdorini oshirishdan kengroq maʼnoga ega. Ijtimoiy davlat sifatli taʼlim va tibbiyot, munosib mehnat, nogironligi boʻlgan shaxs­lar uchun teng muhit, keksalarga gʻamxoʻrlik va bola huquqlarini kafolatlovchi institutlar tizimidir. Davlatning insonga yordami uni doimiy qaram qilib qoʻymasdan, imkoniyatini ishga solishga yetaklashi kerak.

Taʼlimdagi kengayish: endi asosiy mezon — sifat

Mustaqillik yillarida taʼlim milliy taraqqiyotning eng katta ijtimoiy maydoniga aylandi. Yangi maktablar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oilaviy va nodavlat bogʻchalar, xorijiy va xususiy oliy taʼlim tashkilotlari paydo boʻldi. Oliy taʼlimda kechki, masofaviy va qoʻshma dasturlar kengaydi. Bu oʻzgarishlar yoshlarning bilim olish imkoniyatini oshirishga qaratildi.

Milliy statistika maʼlumotlariga koʻra, 1991/1992 oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarida 337,4 ming talaba tahsil olgan boʻlsa, 2025/2026 oʻquv yili boshida

1 million 535 ming nafarga yetdi — qariyb 4,6 barobar oʻsdi. Ayniqsa, 2017-yildan keyin qabul kvotalari, nodavlat va xorijiy oliygohlar hamda taʼlim shakllari kengayishi bilim olishga boʻlgan ulkan ijtimoiy talabni ochib berdi.

Biroq auditoriyada oʻtirgan talabalar soni koʻpayishi oʻz-oʻzidan inson kapitali sifatini kafolatlamaydi. Professor-oʻqituvchilar salohiyati, akademik halollik, laboratoriya va kutubxona, chet tillar, raqamli koʻnikmalar, ish beruvchi bilan hamkorlik hamda bitiruvchining bandligi bir tizimda baholanishi kerak. Taʼlimdagi navbatdagi tarixiy vazifa qamrov inqilobini sifat inqilobiga aylantirishdir.

Universitet faqat diplom beruvchi muassasa emas, jamiyatning tanqidiy tafakkurini shakllantiruvchi makondir. Mustaqil fikrlaydigan yosh savol beradi, dalil talab qiladi va yangi yechim taklif etadi. Istiqlolning maʼnaviy quvvati ham shunda: davlat yoshlarni tayyor javobni takrorlashga emas, Vatan muammolari uchun masʼuliyat bilan fikr yuritishga oʻrgatadi. Ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish uygʻunlashgandagina Uchinchi Renessans gʻoyasi hayotiy mazmun kasb etadi.

 

Huquq qogʻozda emas, amaliyotda

Yangi Oʻzbekiston davrining eng sezilarli oʻzgarishlaridan biri inson huquqlari bilan bogʻliq ogʻriqli masalalarning ochiq tan olinishi boʻldi. Paxta yigʻim-terimida bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga barham berilishi shular jumlasidandir. Xalqaro mehnat tashkiloti 2022-yilda Oʻzbekiston paxtasi tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatdan xoli ekanini qayd etdi. Shu asosda Cotton Campaign xalqaro boykotni bekor qildi.

Bu oʻzgarish bir tarmoqdagi mehnat munosabatidan ancha keng maʼnoga ega. U insonni reja va maʼmuriy topshiriq vositasi sifatida koʻrishdan uning mehnat huquqi, vaqti va qadrini hurmat qilishga oʻtishni anglatadi. Eng muhimi, paxtachilik yoʻqolmadi, klaster, manfaatdorlik va bozor mexanizmlari orqali qayta tashkil etildi. Demak, iqtisodiy natija inson huquqi hisobidan emas, mehnat unumdorligi va texnologiya orqali taʼminlanishi mumkin.

Xorijga chiqish, propiska tizimi yumshatilishi, fuqarolik berish tartibi kengayishi, diniy qarashlari tufayli maxsus hisobda turgan minglab fuqarolarning roʻyxatdan chiqarilishi va “Mehr” operatsiyalari orqali mojaro hududlaridan yuzlab vatandoshlarimiz qaytarilishi shaxs erkinligi va davlat himoya­siga amaliy mazmun berdi. Mazkur jarayonlar jamiyatda qoʻrquvni kamaytirib, fuqaroning davlatga daxldorlik hissini kuchaytirdi.

Inson huquqlari sohasida “erishildi” degan yakuniy nuqta boʻlmaydi. Sud mustaqilligi, tergovda qonuniylik, soʻz va uyushish erkinligi, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, gender teng­lik va mansabdorning javobgarligi doimiy nazorat talab qiladi. Islohotning ortga qayt­masligi rahbar irodasigina emas, mustaqil institut, ochiq maʼlumot, professional jurnalistika va faol fuqarolik jamiyati bilan taʼminlanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: inson, jamiyat va davlatning yangi ahdi

2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mustaqil taraqqiyotning yangi huquqiy bosqichini belgiladi. Unda inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi, Oʻzbekistonning huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani kabi qoidalar mustahkamlandi.

Konstitutsiyada taʼlim, tibbiy xizmat, ijtimoiy taʼminot, uy-joy, mehnat va ekologik huquqlarga oid kafolatlar kengayishi davlatning fuqaro oldidagi majburiyatlarini oshirdi. Bu meʼyorlar deklarativ qolmasligi uchun byudjet, maʼmuriy tartib-taomil, sud amaliyoti va mahalliy boshqaruv ularga moslashishi lozim. Konstitutsiyaning kuchi uning matnida emas, fuqaro huquqini himoya qilgan har bir qarorda koʻrinadi.

Yangi tahrirning tarixiy ahamiyati jamiyatda “davlat nima berishi kerak?” degan savol bilan birga “fuqaro davlat boshqaruvida qanday ishtirok etadi?” degan savolni ham kuchaytirganidadir. Tashabbusli byudjet, ochiq muhokama, jamoatchilik kengashlari va mahalliy vakillik organlarining roli ana shu kons­titutsiyaviy madaniyatning amaliy koʻrinishlaridir.

Biroq huquqiy ong faqat yangi normalar qabul qilinishi bilan shakllanmaydi. Mansabdor Konstitutsiyani oʻz ish faoliyatining bosh mezoni, fuqaro esa uni oʻz huquqining amaliy himoyachisi sifatida his qilishi kerak. Maktabdan boshlab huquqiy taʼlimni kuchaytirish, sud qarorlarining tushunarli va ochiq boʻlishi, davlat organlarining konstitutsiyaviy majburiyatlari yuzasidan hisobdorligi yangi Oʻzbekistonning huquqiy fenomenini mustahkamlaydi.

Raqamli davlat: navbat qisqarganda vaqt qadrlanadi

Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilishi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali kengayishi fuqaroning idora bilan munosabatini oʻzgartirdi. Ilgari bir maʼlumotnoma uchun bir necha eshikni taqillatishga toʻgʻri kelgan boʻlsa, endi koʻplab xizmatlar yagona nuqta yoki telefon orqali olinmoqda. Raqamlashtirishning eng katta samarasi kompyuterlar sonida emas, inson vaqti, yoʻl xarajati va ortiqcha muloqotning qisqarishidadir.

2025-yilga kelib, elektron davlat xizmatlari soni 15 karra oshib 721 taga, ulardan foydalanuvchilar soni 11 milliondan ziyodga yetdi. Raqamli rivojlanish boʻyicha 2025-yilgi hisobotda Oʻzbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 63-oʻrinni, Jahon bankining GovTech yetuklik indeksida esa 9-oʻrinni egallagani qayd etildi.

Elektron xizmat korrupsiya xavfini kamaytiradi, chunki qarorning izi, muddati va masʼuli tizimda qayd etiladi. Lekin algoritm ham notoʻgʻri maʼlumot yoki adolatsiz mezonni tezlashtirishi mumkin. Shu bois, raqamli davlatda shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, algoritm shaffofligi, kiberxavfsizlik va qaror ustidan insonga murojaat qilish imkoni asosiy huquqiy talab boʻlib qoladi.

Raqamlashtirish shahar va qishloq, yosh va keksa, internetga ega va undan foydalana olmaydigan fuqarolar oʻrtasida yangi tafovut yaratmasligi kerak. Elektron xizmatning oflayn muqobili, raqamli savodxonlik va barqaror internet infratuzilmasi taʼminlansa, texnologiya ijtimoiy tenglikka xizmat qiladi. Aks holda, qulaylikning oʻzi yangi toʻsiqqa aylanishi mumkin.

“Yashil” taraqqiyot va infratuzilma

Aholi va iqtisodiyot oʻsishi energiya, suv, transport va shahar infratuzilmasiga talabni keskin oshirdi. Soʻnggi sakkiz yilda elektr ishlab chiqarish 38 foiz koʻpayib, 81,5 mil­liard kilovatt-soatga yetdi, xususiy sektorning generatsiyadagi ulushi 24 foiz, “yashil” energiya hissasi 16 foizni tashkil etdi. Quyosh va shamol stansiyalari barpo etilishi Oʻzbekis­ton energetikasida yangi texnologik va investitsiyaviy davrni boshladi.

Bu oʻzgarishlar ikki karra ahamiyatga ega. Birinchidan, sanoat va aholi uchun qoʻshimcha quvvat yaratiladi. Ikkinchidan, iqtisodiyotning uglerod sigʻimi kamayib, global “yashil” bozor talablariga moslashish imkoni paydo boʻladi. Biroq yangi stansiya qurishning oʻzi yetarli emas: elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiyani saqlash, hisob-kitob intizomi va tejamkor texnologiyalarni ­ommalashtirish zarur.

Orol fojiasi mustaqil Oʻzbekistonga qolgan eng ogʻir ekologik merosdir. Qurigan dengiz tubida oʻrmonzorlar barpo etilishi, Orolboʻyi aholisi uchun suv, sogʻliq va bandlik loyihalari amalga oshirilishi milliy harakatni xalqaro hamkorlik bilan bogʻladi. Oʻzbekiston tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasi 2021-yilda Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qildi.

Kelajakda suv tanqisligi, iqlim oʻzgarishi va shaharlashuv taraqqiyotning eng jiddiy cheklovlaridan boʻladi. Suvni hisobga olish, tejamkor sugʻorish, chiqindilarni qayta ishlash, jamoat transporti, yashil hududlar va ekologik taʼlim bir-biridan ajratilmasligi kerak. Yangi Oʻzbekistonning ulkan salohiyati tabiiy resursni koʻproq sarflashda emas, har bir kub metr suv va har bir kilovatt energiya­dan koʻproq qiymat yaratishda namoyon boʻladi.

Maʼrifat, milliy xotira va erkin tafakkur

Mustaqillik tarixiy xotirani tiklash uchun beqiyos imkoniyat yaratdi. Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, jadidlar, qatagʻon qurbonlari, buyuk muhaddis va mutafakkirlar merosi milliy oʻzlikning uzviy qismi sifatida qayta oʻrganildi. Tarixiy shaharlar va obidalar taʼmirlandi, yangi ilmiy markazlar, muzeylar va madaniy maydonlar paydo boʻldi. Milliy xotira oʻtmish bilan faxrlanishgina emas, kelajak oldida masʼuliyat his qilish uchun ham zarur.

Yangi Oʻzbekiston davrida maʼrifat va diniy bagʻrikenglik ichki siyosatdan xalqaro tashabbus darajasiga koʻtarildi. 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston ilgari surgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Hujjat taʼlim, savodxonlik, oʻzaro hurmat va din erkinligini ekstremizmga qarshi uzoq muddatli vosita sifatida belgilashi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 konfessiya vakillari tinch-totuv yashashi istiqlolning katta ijtimoiy boyligidir. Birlik barchaga bir xil madaniy qolipni majburan berish emas. U davlat tiliga hurmat, boshqa til va anʼanalarning erkin rivoji, dinlararo bagʻrikenglik va teng fuqarolik huquqlarining uygʻunligida shakllanadi.

Erkin tafakkur maʼrifatning eng yuksak koʻrinishidir. Ilm ahli tarixni faqat tantanali sahifalar orqali emas, murakkab va bahsli jihatlari bilan oʻrganishi kerak. Tanqid Vatanga muhabbatning ziddi emas, dalilga asoslangan tanqid xatoni vaqtida koʻrsatib, taraqqiyotni tezlashtiradi.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi: istiqlolning kelajak dasturi

2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraq­qiyot strategiyasi “inson qadri uchun” tamo­yilini yetti ustuvor yoʻnalishda tizimlashtirdi. 2023-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston —

2030” strategiyasi esa barqaror iqtisodiy oʻsish, sifatli taʼlim, suv resurslari, qonun ustuvorligi va xavfsizlik masalalarini uzoqroq istiqbol bilan bogʻladi.

2026-yilda strategiya maqsad va koʻrsatkichlarining qayta koʻrib chiqilishi islohotlarni yangi sharoitga moslashtirish zaruratidan kelib chiqdi. Yangilangan maqsadlar 2030-yilga borib, YAIM hajmini 240 milliard dollardan, aholi jon boshiga 5,8 ming dollardan oshirishni nazarda tutadi. Bunday marra faqat kapital kiritish bilan emas, mehnat unumdorligi, texnologiya, eksport tarkibi va inson kapitali sifatini oshirish bilan taʼminlanadi.

Strategiyaning qiymati maqsadning balandligida emas, uning oʻlchanishi va jamoatchilikka hisob berilishidadir. Koʻrsatkichlar har yili ochiq eʼlon qilinsa, muvaffaqiyat bilan birga ortda qolgan sohalar ham koʻrinsa, strategik hujjat davlat va jamiyat oʻrtasidagi ahdga aylanadi. Aks holda, katta raqamlar mahalladagi real ehtiyojdan uzilib qolishi mumkin.

2030-yilga moʻljallangan taraqqiyot istiqlolni keyingi avlodga qanday davlat sifatida topshirishimiz haqidagi savoldir. Daromadi oʻrtachadan yuqori mamlakat boʻlish muhim, ammo bu maqom adolatli sud, toza havo, sifatli maktab, inklyuziv shahar, xavfsiz mehnat va erkin fikr bilan toʻldirilsa, haqiqiy qadrga ega boʻladi. Yangi Oʻzbekiston fenomeni iqtisodiy yuksalish va insonparvar davlatchilikning birligida namoyon boʻlishi kerak.

Xulosa

Fenomen tushunchasi oddiy holatdan koʻra kengroq, oʻziga xos tarixiy hodisani anglatadi. Yangi Oʻzbekiston fenomeni, nazarimda, uch jarayonning bir vaqtda kechayotganida koʻrinadi. Birinchisi — mustaqil davlatchilikning 1991-yilda yaratilgan asoslarini saqlash. Ikkinchisi — 2016-yildan keyin davlatni ochish va insonga yaqinlashtirish. Uchinchisi — milliy oʻzlikni global iqtisodiyot, texnologiya va umuminsoniy qadriyatlar bilan uygʻunlashtirish.

Bu fenomenning birinchi belgisi — islohotlar koʻlami. Davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, taʼlim, ijtimoiy himoya, energetika, tashqi siyosat va maʼnaviy hayot bir vaqtning oʻzida oʻzgarmoqda. Ikkinchi belgi — surʼat: qisqa davrda uzoq yillar yechim kutgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilindi. Uchinchi belgi — jamiyatning kutilmalari oʻsishi. Odamlar endi faqat barqarorlikni emas, sifat, adolat, tezkor xizmat va ochiqlikni talab qilmoqda.

Jamiyat kutilmasi ortishi bilan baʼzan norozilik yoki tanqid koʻpaygandek koʻrinadi. Aslida, bu fuqarolik yetukligining belgisidir. Oʻz ovozining taʼsiriga ishonmagan inson savol bermaydi. Murojaat qilayotgan, muhokamada qatnashgan va natija talab qilayotgan fuqaro davlatni oʻziniki deb biladi. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekiston fenomeni faqat davlat tashabbusi emas, jamiyatning uygʻonish jarayonidir.

Tarixchi uchun eng muhim mezon oʻzgarishning qay darajada barqaror institutga aylanganidir. Bir yillik yuqori oʻsish yoki bitta yirik loyiha tarixiy tendensiyani isbotlamaydi. Ammo qoida, kadr, moliya, jamoatchilik nazorati va avlodlar davomiyligi birlashsa, islohot yangi tarixiy sifatga aylanadi. 35 yillik tajriba Oʻzbekistonning ana shu murakkab, ammo istiqbolli bosqichga kirganini koʻrsatadi.

Naim OBLOMURODOV,

tarix fanlari doktori, professor