Avval xabar berganimizdek, ushbu nufuzli musobaqada mamlakatimizning birinchi raketkasi Denis Istomin ham ishtirok etyapti. Hamyurtimiz turnirdagi ishtirokini saralash bahslaridan boshladi. U avvaliga yarim finalida reytingda oʻzidan 114 pogʻona yuqorida borayotgan avctriyalik Yuriy Rodionovni 6:4, 6:2 hisobida magʻlub etdi.
Keyin esa saralashning final uchrashuvida ekvadorlik Emilio Gomesdan 7/6(7), 6/2 hisobida ustun kelib, asosiy toʻrga yoʻl oldi. Gomes ATP reytingida 149, Istomin esa 267-oʻrinni egallab turibdi. Kecha tunda Denis asosiy toʻrning ilk davrasida dunyoning 117-raketkasi, amerikalik Sem Kuerriga qarshi kortga chiqdi.
Bir soatu 12 daqiqa davom etgan uchrashuvda Istomin nomdor raqibini 6/1, 7/6(5) hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Tennischilarning oʻzaro uchrashuvlarida Denis hisobda oldinga chiqib oldi - 3:2!
Endi yurtdoshimiz ikkinchi davrada yana bir AQSH tennischisi, dunyoning 41-raketkasi Tommi Polga qarshi kortga chiqadi. Hozircha tennischilarning oʻzaro uchrashuvlarida hisob teng boʻlib turibdi - 1:1. Istomin - Pol bahsi Toshkent vaqti bilan bugun tunda soat 00:30da boshlanadi.