Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, IT-taʼlimni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash AKT sohasida oʻzaro yaqinlikni kengaytirish boʻyicha atroflicha fikrlar almashildi. Shuningdek, IT Park va “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi faoliyatlari toʻgʻrisida, Oʻzbekiston va Tataristonda IT sohasini rivojlantirish va IT tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida taqdimotlar ham oʻtkazildi.
Muzokara doirasida “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi vakillari bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, autsorsing IT-xizmatlarni tashkil etish maqsadida IT Park bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.
Shu bilan birga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) hamda “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi oʻrtasida koʻp tomonlama hamkorlik olib borish maqsadida “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Mazkur tadbirda IT Park, “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonasi rahbarlari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, 2021-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan “Kazan Digital Week – 2021” xalqaro forumida ishtirok etish doirasida IT-Park rahbariyati tomonidan “Innopolis” vakillari bilan oʻtkazilgan muzokaralar koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun asos boʻldi.
Memorandum doirasida har ikki tomon rezidentlariga Oʻzbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi bozoriga chiqish, milliy ishlab chiqaruvchilarning dasturiy mahsulotlari va xizmatlarini tashqi bozorlarda ilgari surish, eksport qilish uchun koʻmak berish, rezidentlar faoliyati uchun shart-sharoitlarni rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha tajriba almashish, tomonlarning innovatsiyalarga bagʻishlangan forumlari, konferensiyalari, koʻrgazmalari, seminarlari va boshqa tadbirlarini tashkil etish va ishtirok etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.
Mazkur memorandumga asosan ham BPO va KPO xizmatlari boʻyicha hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishi moʻljallangan.
Bugun Oʻzbekistonda xorijiy IT kompaniyalarning toʻlaqonli faoliyat olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shunga koʻra xorijiy kompaniyalar, shular qatorida Tatariston texnoparklari ham Oʻzbekistondan IT mutaxassislarni keng jalb qilishlari mumkin. Bu esa yoshlarning bandligini oshirish, ularni yuqori maoshli ish bilan taʼminlashga zamin yaratadi.
IT mutaxassislarni tayyorlashda xususiy oʻquv markazlari ham munosib hissa qoʻshadi. Ulardan biri Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Astrum” IT akademiyasi hisoblanadi. “Astrum” IT akademiyasi ikki qavatli zamonaviy bino boʻlib, taʼlim va ishlab chiqarishni qamrab olgan klasterdir.
Bu yerda yoshlar avval dasturlashni oʻrganib, keyin shu sohada ishlaydi. Ularning oʻzlashtirishini sunʼiy intellekt baholaydi.
Tomonlar taʼkidlaganidek, mazkur memorandum har ikki mamlakatning axborot texnologiyalari sektori va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga va Oʻzbekistondagi ishlab chiquvchilar va startap egalariga xalqaro bozorga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
Tashrif doirasida mehmonlar uchun “Astrum” IT akademiyada yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va tinglovchilar bilan suhbat uyushtirildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.