Xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi bilim va koʻnikmalarini boyitish maqsadida “IT WomenUz — 2021” loyihasi amalga oshirilgan edi. Zahiridddin Muhammad Bobur nomidagi Markaziy ekopark hududida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirish marosimi va 1000 metrga yugurish marafoni oʻtkazildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, IT-Park, Yagona umumrespublika protsessing markazi (“UZCARD”), Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan loyihaning birinchi bosqichida 1228 nafar xotin-qiz kurslarni muvaffaqiyatli yakunlashdi. Keyingi bosqichda esa 1086 nafar xotin-qiz qatnashdi. Ular uchun kompyuter savodxonligi, elektron tijorat va tadbirkorlikka oid qisqa muddatli mashgʻulotlar va psixologik treninglar tashkil etildi.

— “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda olingan, shuningdek, AKT sohasida bilim va koʻnikmalarini oshirishga ehtiyoji boʻlgan xotin qizlar loyiha doirasida oʻqib, sertifikatga ega boʻlishdi, — deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining xotin-qizlar kengashi raisi Hilola Sultonova. — Xotin-qizlar kompyuter savodxonligi, elektron tijorat va tadbirkorlikka oid qisqa muddatli mashgʻulotlar va psixologik treninglarda qatnashib, oʻz bilimlarini boyitdi. Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlarida tashkil qilingan mashgʻulotlarda AKT sohasi murabbiylari, professor-oʻqituvchilari boshlangʻich ofis tajribasini shakllantirish uchun 36 soatlik dars oʻtishdi.

Darhaqiqat, ayollar faqatgina oila muhitida qolib ketmasligi, innovotsion sohadagi bilimlarni oʻzlashtirib, jamiyatga foyda keltirishi maqsadida tashkil etilgan loyiha barcha ishtirokchilarning oʻziga boʻlgan ishonchini yana-da oshirdi.

Feruza Joʻrayeva