Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning “ESB Group” kompaniyasi boshqaruv kengashi maslahatchisi, xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Gaetano Krishi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda mazkur kompaniyaning Oʻzbekistonda yangi qurilish loyihalarini amalga oshirish, xususan, Samarqand shahrida barpo etilayotgan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar majmuisi loyihasidagi ishtirokini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
“ESB Group” kompaniyasi “Shirin” majmuasi hududida 20 gektar maydonda italyan arxitekturasining oʻziga xos anʼanalari va zamonaviy yutuqlari asosida uy-joy, sport, taʼlim inshootlaridan iborat mavze loyihasini ishlab chiqmoqda.
Kompaniya vakilining aytishicha, Abrusso viloyati seysmik hududda joylashgani tufayli, bu yerdagi qurilish kompaniyalari binolar zilzilabardoshligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratadi va ushbu yoʻnalishda katta tajribaga ega.
“Bugun kunda Oʻzbekistonda qurilayotgan «Yangi Toshkent”, “Bukhara City” kabi yirik loyihalar mamlakat qurilish bozorining dunyo miqyosida jozibadorligini yanada oshirishga va yangi hamkorlarni jalb etishga xizmat qilmoqda», – dedi Gaetano Krishi.