Muloqot chog‘ida Eudjenio Jani shu yil iyul oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishini ta’kidladi. Bo‘lajak tashrif davomida Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo va madaniy sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi qayd etildi.
Suhbat davomida tomonlar mazkur hujjat hududlararo aloqalarni institutsional asosda rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini bildirdi.
Italiya delegatsiyasining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi doirasida Toskananing yetakchi kompaniyalari hamda biznes hamjamiyati vakillari o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan turli uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Delegatsiya tarkibiga to‘qimachilik, charm sanoati, farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika va sertifikatlash sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillarini jalb etish rejalashtirilgan. Mazkur tashrif doirasida ikki tomon ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.