Izchil muloqot samarasi

    Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi anʼanaviy tusga kirgani ishbilarmonlik yoʻlidagi koʻplab muammolar yechimiga xizmat qilayotir. Bu jarayonda muhim ahamiyatga ega boʻlayotgan omil izchillikdir.

    Chunki xohlaymizmi-yoʻqmi, soha bir joyda depsinib turgani yoʻq. Dunyoga integratsiyalashuv teran va jadallashgani sari hal etilishi zarur boʻlgan masalalar yuzaga qalqib chiqaveradi.

    Eng muhimi, jarayon izchil davom etib, muammolar bosqichma-bosqich bartaraf qilinmoqda. Buning uchun soha qozonida qaynayotgan odamlar bilan uchrashuv oldidan muloqotlar oʻtkazilib, baʼzi masalalar yoʻl-yoʻlakay yechimini topmoqda.

    2021-yil 20-avgustda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ilk ochiq muloqotida qatnashganim hamon esimda. Oʻzim tibbiyot sohasi vakili boʻlsam-da, xususiy klinika rahbari, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatayotgan ishbilarmon sifatida taklif etilgandim. Biroq soʻzga chiqib, taklif aytish imkoni boʻlmagan. Oradan bir yil oʻtib, 2022-yil 18-martda davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida mana shunday sharoit paydo boʻldi. Anjumanlar saroyida mingdan ortiq, hududlardagi studiyalarda 20 mingga yaqin tibbiyot xodimi, aholi vakillari ishtirok etgan uchrashuvda xususiy tibbiyotni rivojlantirish boʻyicha fikr-mulohazalarimni bildirdim. Kelgusida koʻrib chiqish uchun takliflarimni aytdim. Shunday qilib, ularning maqbullari qonunchilik darajasida maʼqullanib, hayotga tatbiq etildi.

    Birinchisi, oliy tibbiy taʼlimdan keyingi taʼlim, yaʼni ordinaturani xususiy klinikalar bazasida ochish edi. Bu orqali OTMlarga tushadigan yuklamani kamaytirish barobarida xususiy klinikalar uchun zarur malakali kadrlar tayyorlash mumkin boʻladi. Prezidentimizning tegishli qarori eʼlon qilingach, moddiy-texnik bazasi muayyan talabga javob beradigan xususiy klinikalarda klinik ordinatura ochildi. Jumladan, men rahbarlik qiladigan “Hayat” tibbiyot markazida ham Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan namunaviy oʻquv dasturi asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Keyinchalik unga zamonaviy mutaxassislar oʻrganishi kerak boʻlgan boshqa zarur fanlarni ham qoʻshdik. Bugun kardiologiya, nevrologiya va urologiya yoʻnalishida mashgʻulotlar oʻtilyapti.

    Asosiy eʼtibor amaliyotga qaratiladi. Bundan tashqari, nomzodlar bepul taʼlim olishi uchun maxsus grantlar ajratiladi. Oʻqishni tamomlagach, ular klinikamizda ishlashi mumkin. Prezidentimizning mana shu qoʻllab-quvvatlovi tufayli biz biratoʻla ikkita muammoni hal qildik: kadrlar taqchilligini kamaytirish va malakali yosh mutaxassislarni ish bilan taʼminlash.

    Ikkinchi taklifimiz xususiy tibbiyot muassasalariga yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar berishga doir edi. Davlatimiz rahbari buni ham inobatga oldi. Shunday qilib, sogʻliqni saqlash muassasalari egallab turgan yer (turizm zonasida joylashgan sanatoriy-kurort muassasalari bundan mustasno) soliq solinmaydigan yer uchastkalari roʻyxatiga kiritildi. Mazkur chora sohada qulay ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga katta turtki boʻlmoqda. Chunki boshqa chakana koʻchmas mulk obyektlariga qaraganda klinika barpo etish uchun katta yer uchastkasi zarur.

    Masalan, samarali faoliyat yuritadigan koʻp tarmoqli klinika qurish uchun kamida 1000 kvadrat metr joy kerak. Tabiiyki, buncha yer maydoni uchun toʻlanadigan soliq summasi hazilakam pul boʻlmaydi. Shuningdek, uchrashuvda xususiy tibbiyot sohasiga doir qator masalalar yechimini topdi.

    Birinchi: mamlakatimiz hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan davolash muassasalari tomonidan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʻim bekor qilindi.

    Ikkinchi: 2025-yil 1-yanvarga qadar xorijiy, yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomalari boʻyicha olib kiriladigan yangi tibbiy texnika, butlovchi qismlar, tibbiy texnika uchun ehtiyot qismlar va sarf materiallari uchun bojxona imtiyozlari berildi.

    Uchinchi: tibbiyot uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlari hamda tibbiy maqsadda ishlatiladigan sarflash materiallarini 2025-yil 1-yanvarga qadar mamlakatimiz hududiga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻi olinmaydi.

    Toʻrtinchi: 2022-yil 1-apreldan yuqori malakali va malakali mutaxassislar toifasiga kirmaydigan boshqa chet el fuqarosi boʻlgan shifokorlarga yurtimiz hududida mehnat faoliyati yuritish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganlik uchun yigʻim miqdori 6 barobar kamaytirildi.

    Beshinchi: nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining klinik bazalari tashkil etilib, ularda shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat etilgan.

    Oltinchi: “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga binoan, xususiy tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma soliqdan ozod etilgan.

    Bugungi tibbiyot tizimidagi eng katta oʻzgarishlardan biri shuki, davlat shifoxonalari bilan birga xususiy meditsina ham rivojlanmoqda. Hozir xususiy klinikalar deyarli barcha yoʻnalishlarda faoliyat yuritmoqda. Aholiga aniq tashxis qoʻyish va davolashda davlat shifoxonalariga tushadigan yuklamani kamaytirishga koʻmaklashmoqda.

    Davlat tibbiyot muassasalari va xususiy klinikalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi muhim masala maʼlumotlarni raqamlashtirish bilan bogʻliq. Bu jarayon oilaviy poliklinikalarda toʻliq bajarilsa, xususiy tibbiyot muassasalari bilan maʼlumot almashish osonlashadi. Qayta koʻrik va tahlillar ancha kamayadi. Odatda bemor haqidagi koʻp tibbiy maʼlumotlar faqat qogʻozda, yaʼni anketa daftarida mavjud. U anketani oʻzi bilan doim olib yurolmaydi. Shu bois, boshqa shifoxonaga borsa, sogʻligʻi haqida maʼlumot yigʻishga vaqt va ortiqcha pul ketadi.

    Chet elda bu masala ID karta tizimini joriy etish orqali hal qilingan. Bemor qaysi shifoxonaga borishidan qatʼi nazar, ID kartasini doim oʻzi bilan olib yuradi. Unda shaxsga doir maʼlumotlar, olgan emlanmalari, yillar davomida oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasi, fuqaro chalingan kasalliklar, qilingan muolajalar, muayyan dorilarga taʼsirchanligi — hammasi elektron shaklda saqlanadi. Bizda esa bu maʼlumotlar oilaviy poliklinika arxivida turadi.

    Tabiiyki, bemorning qoʻliga berilmaydi. Shuning uchun ham bemor boshqa muassasaga borganda qiynaladi. Hamma tekshiruvdan boshqatdan oʻtishi kerak. Bu esa tor ixtisoslikdagi mutaxassislar ishlaydigan muassasalarda tirbandlikni oshiradi. Deylik, tor ixtisoslikdagi urologiya yoki koʻz shifoxonasiga borsa, poliklinika tekshiruvlaridan oʻtish uchun bemorning bir-ikki kun vaqti ketadi. Vaholanki, kerakli maʼlumotlar anketasida mavjud. Oʻsha anketa raqamlashtirilsa, bu muammo yechiladi.

    Bemor borgan barcha tibbiyot muassasalari ID kartaga kerakli maʼlumotlarni kiritib qoʻyadi. Masalan, rentgen tasvirimi, kompyuter tomografiyasi yoki laboratoriya tahlili natijasimi — barchasi shunga kiritiladi. Tabiiyki, bu maʼlumotlar elektron bazada doim koʻrinib turadi.

    Nuriddin NURITDINOV,

    “Hayat” klinikasi rahbari,

    tibbiyot fanlari doktori

    Hamkorlik materiali