Muayyan tilning rivojlanishi jarayonida uning lugʻaviy tarkibi, jumladan, terminologiyasi boshqa sohalarga tez, sezilarli, jiddiy oʻzgarishlarga uchraydi. Buning obyektiv sabablari bor, albatta. Ijtimoiy terminologiyadagi taraqqiyot, oʻzgarishlar ham yangi lugʻaviy birliklarning paydo boʻlishi va ayrim lugʻaviy birliklarning isteʼmoldan chiqishi, soʻzlarning yangi maʼnolar kashf etishi va ayrim maʼnolarning yoʻqolishi kabi hodisalardan iborat. Bunday oʻzgarishlar tegishli lugʻatlarda aks ettirilgandagina ularning salmogʻi, koʻlami yaqqol namoyon boʻladi. Ijtimoiy-siyosiy terminlar boʻyicha bir qator terminologik lugʻatlar tuzilgan boʻlsa-da, ular birinchidan, izohli lugʻat emas, ikkinchidan, ancha eskirgan edi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bu muammo yechimiga ham dastlabki qadamni qoʻydi. Departament tashabbusi bilan Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lugʻati”ni tayyorlashga buyurtma berilgan edi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetida taqdimoti oʻtkazilgan mazkur lugʻat OʻzRFAning oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan nashrga tayyorlandi. A.Madvaliyev, N.Mahkamov, Sh.Koʻchimov, Z.Mirahmedova va A.Saidnoʻmonovlar muallifligida yaratilgan kitobga 4400 ga yaqin ijtimoiy-siyosiy terminlar va terminologik birikmalar jamlangan. Lugʻat Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov koʻp jildli asarlari toʻplami, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev asarlari, hukumatimizning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari, vaqtli matbuot sahifalari, 5 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, 12 jildli “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” hamda shu sohaga doir mavjud lugʻatlardan toʻplanib, izohlandi.

Kitob Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida “Mashhur-press” nashriyotida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida koʻp ming nusxada nashr qilindi.

— Bu lugʻat ijtimoiy-siyosiy terminlogiya borasidagi ishlarimizning debochasi, — dedi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.Sirojiddinov. — Hali bu borada qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Katta-katta lugʻatlar tayyorlab, odamlarimizning ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirishga tilni rivojlantirish, izohli lugʻat orqali sababchi boʻlish biz, tilshunos olimlar oldidagi eng katta vazifalardan biri.

Taqdimot davomida Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirgʻizboyev, kitob mualliflari N.Mahmudov, Sh.Koʻchimovlar lugʻat tuzish gʻoyat mashaqqatli jarayon ekani, shunday boʻlsa-da, bosqichma-bosqich mana shunday kitoblarni nashrga tayyorlash zarurligini taʼkidladilar. Zero, tilimiz yangi soʻzlar bilan ancha boyidi. Xususan, soʻnggi yillarda mamlakatimizning butun dunyoga tobora “ochilib” borayotgani bois tilimizda koʻplab xorijiy soʻzlar oʻzlashmoqda. Shu bois bugungi kunda davr talablaridan kelib chiqqan holda tuzilgan turli sohaga doir izohli lugʻatlarga katta ehtiyoj sezilyapti. Ayniqsa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan ijtimoiy-siyosiy terminlarning izohli lugʻatini tuzish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan tilshunos olimlar, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Toshkent shahar va tuman hokimlari maslahatchilarning barchasi taqdim etilgan yangi lugʻatning oʻz faoliyatlari davomidagi ahamiyati katta ekanidan minnatdor boʻldilar.

Darhaqiqat, bundan salgina avval bank-moliya terminlarining izohli lugʻatini mutasaddilarga taqdim etgan departamentning bunday saʼy-harakatlaridan koʻzda tutilgan maqsad turli soha xodimlariga amaliy koʻmak berishdir. Departemet mutasaddilarining taʼkidlashicha, yil oxiriga qadar yana 20 ta nomdagi qoʻllanma va kitoblar nashr etilib, koʻplab soha vakillariga taqdim etiladi. Bu esa oʻzbek tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini avvalo, sohalar kesimida, qolaversa, butun mamlakatimizda keng qoʻllanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri