Hozir soch-soqollari qordek oppoq nuroniy otaxon jangchilar siymosida oʻz otamni ham koʻrgandek boʻlaman, ularni oʻn chandon yaxshi koʻrib ketaman, otalari, jigarbandlari qaytmagan kishilarda ham shunday holat boʻlsa kerak. Otajonim omon qaytib kelganda, Yaratgan umr berganda bayram, tantanalarida qatnashgan boʻlarmidi, bagʻrimiz toʻlarmidi...
Otam Umirqul Haydarov Gʻallaorolning Oʻgat qishlogʻida tavallud topgan, taqdir taqozosi bilan Payariqqa kelib ishlab qolgan, shu yerda oyimga uylangan, uch farzand (bir qiz, ikki oʻgʻil) koʻrishgan. Tengqurlari xotiralariga qaraganda, selpoda rais, halol, xushmuomala, mehribon, qoʻli gul inson sifatida obroʻ-eʼtibor qozongan, texnikaga qiziqqan, birinchilardan boʻlib patefon olgan, qishloqqa radiokarnay oʻrnatgan ekan. Urush boshlarida birinchilardan boʻlib frontga joʻnagan, otliq kavaleriyada xizmat qilgan. Endi bir-bir qadam tashlab yiqilayozganimda otam suyab qolgani, erkalatganlari, keyinroq Darxon togʻa degan qarindoshimiz aravasida oyim va biz, farzandlarini Bulungʻurning Oqtepa degan qishlogʻiga ularni koʻrgani borganimiz esimda qolgan. Urushga chaqirilganlar oldin ikki-uch oy mashq qilishgach, soʻng frontga joʻnatilar ekan. Bir xil kiyingan otliqlar saf boʻlib mashq qilishayotgani, qilichlarini bir paytda chiqarib, havoda oʻynatib, soʻng qiniga solib qoʻyishayotgani murgʻak tasavvurimda naqshlanib qolgan. Keyin suvoriylardan biri – otam safdan ajralib chiqib kelib, bizlar bilan koʻrishgandi...”
Onam Oysulov Haydarova qora xat olib, uch bola bilan chirqiragancha qoladi, dardi, alami, hissiyotini ichiga yutadi, oʻzini mehnat bilan ovutadi, kolxozda terimchi, zveno boshligʻi boʻlib ishlaydi, paxtadan katta hosillar olib orden, medallarga sazovor boʻladi, tuman kengashi deputatligiga saylanadi. Ustozim professor Gʻaybulloh as-Salom hamkorligimiz mevasi – “Tolibnoma” asarida yozgandilar: “Xudorahmati mushtipar volidasini koʻrganman. Oh, oʻzbegimning onasi-ya. Taʼrifiga taraf yoʻq. Oting oʻchkur qirgʻinbarot urushda eri nobud boʻlibdi hamki, yostiqdoshini bu yoqda kutaveradi, kutaveradi... To bu dunyodan koʻz yumganigacha. Yosh kelinchak Oysuluv farzandlari bilan boshi ochiq qolib ketadi. Jujuqlarini katta qiladi. Bizim ardoqli mutafakkir shoirimiz Abdulla Orif oʻzining goʻzal “Ayol” sheʼrini Saidiyning onasi haqida yozgan boʻlsa kerak. Shunday emas, albatta, lekin –shunday! Shunday emasmi, shoiri zamonim?”
Yillar oʻtgan, ulgʻayganing sari otangni koʻproq qoʻmsaydigan, oʻlimi tafsilotlarini bilging kelaverar ekan. Qoʻshni kolxozda Sanaqul Ollonov otamiz bilan urushda birga boʻlganini, qadrdon ekanini eshitgan edik. Oltmishinchi yillar oxirlarida, 9-may kuni ukam bilan tabriklagani gul olib, sarupo qilib borgandik. Benihoya mutaassir boʻlgan, koʻzlariga yosh olgandilar: “Qarang, quroldosh ogʻaynimning oʻgʻillari er yetishibdi, otamiz haqida bilganlaringizni aytib bering, deb kelishibdi... Haliyam koʻz oʻngimda turibdi oʻsha kun. Yalanglikka chiqib, oldinga yoʻl olayotgandik. Kutilmaganda nemis samolyotlari paydo boʻlib, bomba tashlay boshladi. Darhol oʻrmonga chekinishga buyruq boʻldi. Barimiz otimizga qamchi bosdik. Otangiz nimagadir sal kechikkanini sezdik, keyin bilsak oti ariqcha oldida sakramay, bir zum tislanib qolibdi, shunda bir snaryad parchasi tegib yiqitibdi. Samolyotlar qaytib ketgach, barimiz oʻzbek, bir viloyatdanmiz, oʻzimiz koʻtarib borib janoza oʻqib, bir daraxt tagiga koʻmib, belgi qoʻyib ketdik. Koʻp yaxshi inson edi dadalaringiz”...
Sanaqul Ollonov urushdan qaytib kelgach, uzoq yillar kolxozda mehnat qiladi, xoʻjalikka rais, hosilot kengashi raisi vazifalarida ham ishlaydi. Yetmishinchi yillar ikkinchi yarmida tashabbus koʻrsatib, oilaviy zveno tuzib, Mingchuqur degan joydan oʻn gektar yer ochib, paxta ekadi. Boʻz yer, qattiq mehnat oʻz samarasini beradi, gektaridan qirq besh sentnerdan paxta olinadi. Qishloqdoshlari oʻsha kezlarda tuman rahbari boʻlgan Xayrulla Saydiyev kelib bir belbogʻ pul va yangi chiqqan “Rassvet” televizori berib, rahmat aytib ketganini eslashadi. Sharofat aya Pay arigʻi qazilishida qatnashadi. Er-xotin toʻqqiz farzand – besh oʻgʻil, toʻrt qiz koʻrishadi, barini oʻqimishli, odobli, mehnatsevar qilib tarbiyalashadi. Katta oʻgʻil Toshmamat uzoq yillar moliya idoralarida xizmat qilib oʻtdi, Quvondiq Sanaqulov bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, texnika fanlari doktori, Konchilik instituti rektori, Sirliboy Samarqand viloyati soliq idorasi masʼullaridan. Hamma farzandlar hayotda oʻz oʻrnini topib, el koriga yaraydigan insonlar boʻlib yetishdi.
Bugungi tinch, osoyishta, farovon hayotimiz shahid jangchilar qoni, marhum insonlar fidoyi mehnati evaziga ekanini bir zum unutishga haqimiz yoʻq, buni hammaga, ayniqsa, yosh avlodga muttasil tushuntirib bormogʻimiz lozim.
Gʻalaba bayrami ilk bor 1945-yil Moskvada, Qizil maydonda oʻtkazilgani, marshal Jukov oq otda paradni qabul qilgani, toʻp-toʻp fashist bayroqlari Kreml devorlari poyiga tashlangani kadrlari teleekranlarda vaqti-vaqti bilan koʻrsatib turiladi. Oʻsha yili “Fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalaba uchun” medali taʼsis etilgan va joylarda tanatanali topshirilgan. Andre Marte deb ataladigan kichik kolxozimiz idorasi yonidagi bir xonada tuman komsomoli rahbari, sochi tipratikan oʻsgan Nasriddinov degan yigit (keyin bilsam, bir qancha masʼul vazifalarda ishlagan, tuman partiya komitetlarini boshqargan Turdi aka Nasriddinov ekan, joylari jannatda boʻlsin) roʻyxatga qarab odamlarni bir-bir chaqirgani, yordamchisi xaltadan olib uzatgan medallarni yaxshi soʻzlar aytib topshirganini eslayman. Bilmadim bittasini, oyim oʻrnigami, halok boʻlgan jangchining farzandi debmi menga – endi birinchi sinfga boryotgan bolaga ham topshirgan edi. Medalni taqib xursand boʻlib uyga kelganimda oyim quchoqlab oʻpgan, koʻzlarida yosh qalqqan edi. Shundan beri Gʻalaba bayramlari har yil qanday oʻtganini radiodan eshitib, matbuotda oʻqib, keyinchalik televizorda koʻrib, baʼzilarida qatnashib kelaman. Birda unday, birda bunday oʻtardi, ittifoqchi respublikalarda kamtarroq, Moskvada, Qizil maydonda tantanali, dabdabali nishonlanardi. Askar, ofitserlarning maydon uzra shaxdam qadamlari, toʻplar, tanklar, raketalarning guldirab, vahima solib oʻtishlarida ichdan nurayotgan imperiyaning koʻrib qoʻying kimligimizni, kuch-qudratimizni, degan iddao, tahdidi sezilib turardi.
Keyingi yillarda yurtimizda Navroʻz, Gʻalaba bayramlari yangi joylarda, xushhavo maskanlarda, yangicha shaklda oʻtkazilayotgani, bir xillikdan qochilayotgani barchaga maʼqul boʻlayotir. Poytaxtning biz yashayotgan Bogʻishamol koʻchasi toʻridagi Botanika bogʻida ikki yil oldin benihoya zoʻr oʻtgan Gʻalaba baramini eslayman, taassurotlarim haqida bir maqola ham yozgandim. Katta koʻchaning ikki tarafi ikki kilometrlar chamasi mashinalarga toʻlib ketgandi, tumonat odam qatnashgandi, yurib boʻlmas darajada koʻp edi. Bogʻda front va front orti manzaralari tiklangani tadbirga oʻzgacha shukuh, joziba bagʻishlagandi: kiraverishdagi keng maydonning chap tomonida tank, toʻp, samolyot, orqaroqda yuz metrlar uzunlikda temir yoʻl, qop, yashiklar yuklangan ikki vagon, “Hamma narsa – frontga!” degan yozuv, frontga yoʻl olayotgan milliy kiyimdagi yigitlar, kuzatayotgan ota-onalar, qiz-juvonlar, oʻng tomonda bomba vayron qilgan bino, urib tushirilgan dushman samolyoti maketlari, koʻngillilar yozilayotgan, tayyorgarlik koʻrilayotgan xonalar, front gazetalari, plakatlar nusxalari, nariroqda minomyot, turli rusumdagi toʻplar, okop, blindajlar, mashinaga tirkalib, yoʻl-yoʻlakay taom tayyorlab ketadigan “dala oshxonasi”, tank, toʻplar, oʻzimizning samolyot ustiga chiqib rasmga tushayotgan, mos, yarashigʻlik gimnastyorka, pilotka kiygan oʻgʻil-qizlar, hamshiralar, mikrofon, kamera koʻtargan jurnalistlar, oʻyin-kulgi... Xalq bunday bayramni orziqib kutgani koʻrinib turardi. Eng qizigʻi, taʼsirlisi toʻrroqda, maxsus hozirlangan sahnda boʻlgandi. Poʻrim kiyingan, koʻkraklari orden, medallar bilan bezangan, Prezidentimiz bilan qoʻl olib, quchoq ochib koʻrishgan frontovik otaxon, onaxonlar, mehnat faxriylari, hukumat aʼzolari, xorijlik mehmonlar, taniqli ziyolilar, sanʼatkorlar... Davlatimiz rahbarining qisqa, yorqin nutqi... Betakror ovozi bilan buyuk gʻalaba haqidagi xushxabarni yetkazgan Yuriy Levitan, haroratli sheʼrlar oʻqishgan Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulomlar tantanada ishtirok etishayotgandek edi. Mashhur “Katyusha” va boshqa front ashulalarining jaranglagani, ishtirokchilar, otaxon, onaxonlarning raqsga tushib ketganliklari... Bayram tantanalari Mustaqillik, Xalqlar doʻstligi, Qardoshlik qabristoni maydonlarida, Qoraqalpogʻistonda, viloyatlarda davom etgandi, kechqurun tiniq osmonimizda rang-barang mushaklar porlagandi...
Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisidagi qarorning barcha bandlari, dasturda koʻzda tutilgan tadbirlarning bajarilishi, jumladan, urush talafotlari, tinchlik sharofatlarini aks ettiruvchi, oʻxshashi yoʻq alomat majmua bitkazilishi nihoyasiga yetayotir. Afsus, ming afsus, kutilmagan “mehmon”, koʻrinmas yov koronavirus hayot tarzini oʻzgartirib, koʻp rejalarni buzib, tantanalarni surib yubordi. Hatto Moskva Qizil maydonidagi parad ham kechiktirildi. Qutlugʻ bayram arafasida va 9-may kuni beomon janglarda halok boʻlgan yurtdoshlarimizni iztirob-la eslaymiz, haqlariga duolar qilamiz, shu kunlargacha yetib kelgan urush qahramonlarini, mehnat faxriylarini koʻrishganda, koʻproq matbuot, efir, ekran orqali iftixorla yana qizgʻin qutlaymiz, oʻtganlar va yashayotganlar oldida bir umrlik qarzdormiz, burchdormiz, axir. Koronavirus daf boʻlib, hayot tarzi normal izga tushgach, ulugʻ bayramni urush va mehnat qahramonlari, taniqli insonlar, xorijlik mehmonlar ishtirokida havas qilsa, ibrat olsa arzigulik darajada qoyilmaqom oʻtkazishimiz shubhasiz. Pandemiya sabab kaminaning Volgograd oblasti Serafimovich rayoni Gorbatovskiy xutoridagi Qardoshlik qabristoniga qoʻyilgan otamning qabrini ziyorat qilib, bir hovuch tuprogʻidan olib kelib oyimning yoniga qayta dafn etish orzusi ham hozircha amalga oshmaydigan boʻldi (oʻgʻlim internetdan izlab, Podolsk harbiy arxivi bilan bogʻlanib, dadam 1942-yil 23-27-noyabr oraligʻida halok boʻlgani, jasadi olib kelinib, dafn etilganini, qabriston yaxshi saqlanayotgani, muntazam qarab turilishini aniqladi).
Beomon urushda halok boʻlganlar xotirasi dillarimiz toʻrida, tillarimiz uchida. Yaratganning inoyati bilan shu kunlargacha yetib kelgan urush qahramonlariga hurmat, eʼtiborimiz beadad, ular oldida koʻp qarzdormiz, burchdormiz.
Ulugʻ bayramingiz, bayramimiz muborak boʻlsin, aziz yurtdoshlar!
Saydi Umirov,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi









