Jahon bankining Yillik Vazirlar davra suhbatida Oʻzbekiston mehnat bozoridagi tajribasi namoyish etildi

    Xalqaro hamkorlik 21 Oktabr 2020 585

    Jahon bankining 2020-yilgi yigʻilishlari doirasida “Ish bilan taʼminlash bilan bogʻliq muammolarni hal qilish va COVID-19 inqirozidan xalos boʻlish” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Jahon banki rahbarlari, yuqori martabali xorijiy ekspertlar va siyosatchilar ishtirokida virtual davra suhbati tashkil etildi.

    Uchrashuvda COVID-19 pandemiyasi tufayli korxona va ishchilarda yuzaga kelayotgan muammolar hamda bunga mamlakatlarning munosabati, qolaversa, ushbu masalalarning yechimi muhokama qilindi. Muhokama diqqat markazida mehnat bozoridagi muammolarni yengillashtirish va qayta tiklash masalalari boʻldi.

    Tadbir ikkita sessiyadan iborat boʻlib, barqarorlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali bandlikka koʻmaklashish masalalari koʻrib chiqildi. “Davra suhbati” davomida butun dunyodagi ushbu dolzarb mavzular boʻyicha tajriba va bilim almashildi.

    “Davra suhbati” auditoriyasida Quvayt, Pokiston, Filippin, Gana, Efiopiya, Bangladesh, Ekvador kabi mamlakatlarning moliya, sanoat, iqtisodiyot vazirliklari, markaziy banklar, va boshqa tuzilmalarning masʼul xodimlari, shuningdek, xususiy sektor va Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

    Davra suhbatining ikkinchi sessiyasi doirasida Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar Xalqaro Mehnat Tashkilotining pandemiyaga qarshi toʻrtta asosiy tamoyillariga toʻliq mos keladi, yaʼni, iqtisodiyot va bandlikni ragʻbatlantirish, biznes, ish oʻrinlari va daromadlarni qoʻllab-quvvatlash, joylardagi ishchilarni himoya qilish va ijtimoiy muloqotni rivojlantirishga qaratilganligi taʼkidlagandi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida inqirozga qarshi 10 trillion soʻm miqdorida “Mehr-muruvvat” jamgʻarmasi tashkil etilganligi eʼtirof etildi.

    Bundan tashqari, hukumat ish bilan taʼminlashning vaqtinchalik tartibini tasdiqladi. Vaqtinchalik bandlikni taʼminlash jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 500 mingdan ortiq ishsiz fuqarolar ish bilan taʼminlandi; ulardan 50 mingga yaqin kam taʼminlangan oilalarga shaxsiy uy-joy uchastkalarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini yaratish subsidiyalash mexanizmi orqali amalga oshirildi;

    4 ming ishsiz aholi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun beriladigan subsidiyalar hisobiga ish bilan taʼminlandi; 37 ming band boʻlmagan fuqaro ishsizlik nafaqasini oldi. Shunday qilib, 910,2 ming fuqaro mehnat vazirligi tomonidan toʻqqiz oy davomida ish va doimiy daromad bilan taʼminlandi.

    Shu bilan birga, uzoq muddatli istiqbolda COVID-19 ning mehnat bozoridagi salbiy oqibatlari normativ-huquqiy hujjatlarda ham oʻz aksini topgan. Xususan, Mehnat kodeksining yangi tahriri pandemiya xavfini kamaytirishga qaratilgan qoʻshimcha qoidalarni oʻz ichiga oladi. Ilgari qonun hujjatlarida tartibga solinmagan mehnat faoliyatining yangi shakllari hisobga olindi, pandemiya paytida ish haqi toʻlanmagan taʼtilning davomiyligi oshirildi, mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari Vazirligi matbuot xizmati.