Leyn Kirkland tadqiqot dasturida Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Tojikiston, Ukraina va Oʻzbekistondan vakillar tanlov asosida ishtirok etishlari koʻzda tutilgan.
Bu yilgi dasturda ushbu davlatlardan 6 ta tadqiqotchi 2023-yil oktyabr oyidan 2024-yil yanvar oyiga qadar Varshava universiteti, Vroslav universiteti va Krakovning Yagellon universitetlarida boʻldilar.
Oʻzbekistondan tanlov asosda qabul qilingan Surayyo Usmonova “Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonida turizm xizmatlarini huquqiy tartibga solish” mavzusida oʻz ilmiy izlanishini olib bordi. Tadqiqotga Polshaning Jahon savdo tashkilotidagi vakili, Vroslav universiteti professori Marek Vroblevskiy ilmiy rahbarlik qildi.
Varshava universitetida boʻlib oʻtgan tadqiqot natijalariga bagʻishlangan ilmiy anjumanda Leyn Kirkland dasturi vakillari, “Polsha-Amerika” ozodlik jamgʻarmasi aʼzolari, Varshava universiteti professor-oʻqituvchilari hamda yosh tadqiqotchilar va talabalar qatnashdi.
Surayyo Usmonova tadqiqot ishini munosib himoya qildi. Taqdimot chogʻida Oʻzbekistonning turizm imkoniyatlari, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha koʻrayotgan chora-tadbirlari va uning istiqbollari xususida batafsil maʼlumot berildi. Oʻzbekiston vakilasining ilmiy ishi ishtirokchilarning yuqori qiziqishiga sabab boʻldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.