Rezolyutsiya loyihasi Bryussel`da bo'lib o'tgan Ta'lim masalalari bo'yicha global konferentsiyada taklif etilgan va uni 58 ta mamlakat qo'llab-quvvatlagan.

BMT tomonidan belgilanadigan xalqaro kunlar odatda davrning global muammolariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratish va unga echim topish uchun siyosiy iroda hamda mavjud resurslarni jamlash, bu yo'nalishda jahon hamjamiyati erishgan yutuqlarni yanada mustahkamlashga qaratiladi.

Bugungi kunda zamonaviy demokratik jamiyatning eng muhim qadriyati va resursi — bu yangi bilimlarni izlash, egallash va nostandart qarorlar qabul qilishga qodir insondir. SHu bois  hozirgi davrda ta'lim shaxs va jamiyatni rivojlantirishning hal qiluvchi omiliga aylandi.

Globallashuv va keskin raqobat jahon miqyosida  kuchayib borayotgan sharoitda insonning nafaqat yoshligi, balki butun hayoti davomida uzluksiz ta'lim olishi ob'ektiv zarurat sanaladi. Qolaversa, sifatli ta'lim kambag'allikni bartaraf etish va farovonlikni ta'minlashga imkoniyat yaratadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari aynan   keng qamrovli va  sifatli ta'limni ta'minlash, barcha uchun hayot davomida o'qish imkoniyatini rag'batlantirishni nazarda tutadi.

Biroq afsuski hozirgi paytda dunyo miqyosida 262 million nafardan ortiq bolalar va yoshlar maktabga bormaydi. 617 million bolalar va va o'smirlar savodsiz: o'qish, yozish va hisob-kitobni bilmaydi. Demak, ularning ta'lim olish huquqi buzilmoqda.

Bizning mamlakatimizda esa ta'lim tizimi davlat siyosatining ustivor yo'nalishiga aylandi. Bu sohada so'nggi yillarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat ta'lim tizimi, balki uning tarkibiy tuzilishi, eng asosiysi, natijadorlik darajasi tubdan o'zgarmoqda.

eng muhimi, intellektual jihatdan yuqori darajada rivojlangan va oliy ma'lumotga ega bo'lgan insonni tarbiyalashga xizmat qiluvchi investitsiyalar hajmi oshdi. SHuningdek, ta'lim tizimining asosiy kuchi va hal qiluvchi omili hisoblangan pedagoglarni rag'batlantirish, jamiyatda ustoz maqomi va nufuzini yuksaltirishga alohida ahamiyat qaratildi. Bugungi kunda O'zbekistonda o'qituvchi davlat tomonidan qo'llab- quvvatlanadigan, o'z ustida tinimsiz ishlaydigan, yangi bilim va tajribaga boy shaxsga aylandi.

Ta'lim sohasidagi islohotlar aynan ilmiy va pedagogik kadrlarni qo'lab-quvvatlash, ularning bilim hamda malakasini oshirishdan boshlandi. Ularga dastlab kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek zamonaviy malaka oshirish kurslarini o'tash taklif etildi.

YAngi uy qurish uning poydevorini mustahkamlashdan boshlanganidek, tizimdagi islohotlar ta'limning eng quyi bo'g'inidan boshlandi. Maktabgacha ta'lim  tizimida vaziyat 2017 yilda o'zgardi. Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, jumladan, so'nggi 3-4 yilda mamlakatimizning barcha hududida yangi bog'chalar qurish, ta'lim-tarbiya sifati va darajasini yangi bosqichga ko'tarish vazifasi qo'yildi.

Uni amalga oshirish uchun Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi. Avval maktabgacha ta'lim bilan qamrov atigi 27 foizni tashkil etgan bo'lsa, so'nggi 4 yil davomida uning miqdori 2 barobar ortib, 60 foizga etdi. Bog'chalar soni  3 barobar ko'payib, 14 mingdan oshdi.   Davlatimiz rahbarining bu yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, kelgusi yil yakunida maktabgacha ta'lim qamrovi 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga etkaziladi.

Davlat byudjetidan 600 milliard so'm subsidiya berish hisobiga qo'shimcha ravishda 2 mingta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etiladi va xususiy sektor ulushi 25 foizni tashkil etadi. SHuningdek, 2021 yilda 6 yoshli 560 ming nafar bolalar (82 foiz)  maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qamrab olinadi. Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta'limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi: YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta'limni uyda berish modeli yo'lga qo'yiladi.

SHu o'rinda son – bu sifat emas, degan fikr tug'ilishi mumkin. SHu bois maktabgacha ta'limning sifatiga ham  alohida e'tibor qaratilmoqda. So'nggi yillarda pedagogika yo'nalishidagi barcha oliy ta'lim muassasalarida maktabgacha ta'lim bo'yicha kvotalar oshirildi.

2019 yili Toshkent davlat pedagogika universitetida ilk bor kechki ta'lim fakul`teti ochildi. Bundan tashqari, 97 ta pedagogika kolleji to'liq Maktabgacha ta'lim vazirligi tasarrufiga o'tkazildi. Bundan maqsad – bog'cha tarbiyachilari va boshqa mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishdir.

Qolaversa, maktabgacha ta'lim bo'yicha mutaxassislar Toshkentdagi PUCHON universitetida ham tayyorlana boshlandi. Maktabgacha ta'lim vazirligi qoshida rahbar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti ochildi.

Mamlakatimizda umumta'lim tizimi ham tubdan isloh qilinmoqda. Davlatimiz rahbari   bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug' ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i maktabdir” degan fikrini alohida ta'kidlagandi.

Prezidentimiz tomonidan xalq ta'limi tizimiga oid ko'plab  farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 20 dan ortiq qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me'yoriy asoslari mustahkamlandi. Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi tiklandi.

Ko'plab umumta'lim maktablari yangidan qurildi. 2021 yilda ham  30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta'mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so'm ajratiladi. Sohada yagona “elektron ta'lim” tizimini joriy etishga kelgusi ikki yilda 250 milliard so'm yo'naltiriladi.

Mamlakatimizda oliy ta'lim tizimi ham keng isloh qilinmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining  2017 yil 20 aprelda qabul qilgan “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq 2017 — 2021 yillarda oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Unga ko'ra oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlashni tubdan qayta ko'rish, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlashni xalqaro standartlar darajasiga ko'tarish uchun zarur sharoitlar yaratishni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. O'tgan to'rt yil mobaynida oliy ta'lim sifati tubdan oshdi. 

Ta'lim sohasini isloh qilishda  jahon standartlariga amal qilinmoqda. Hayot davomida, mahalliy bilim yurtlari hamda internet vositasida masofali o'qish shakllari ommalashayapti.

Ta'lim insonga to'laqonli hayot kechirish, o'z orzu va intilishlarini ro'yobga chiqarish, jamiyat rivojiga hissa qo'shish imkonini beradi. Sohada tizimli va uzluksiz olib borilayotgan islohotlar yaqin kelajakda o'z oldimizga qo'ygan maqsadlarimizga erishish uchun mustahkam poydevor vazifasini o'tashi shubhasiz.

                                                                                       Malika Qodirxonova,

                                                                                 Oliy Majlis Senati a'zosi