Shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev mehmonlarni yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, ularga mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, shahar hokimi iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi chora-tadbirlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, Turkiya bilan bilan barcha sohalarda oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, taraqqiy etayotganidan mamnunligini bildirdi.
Turkiyalik mehmon Suleyman Savash Erdem samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan keng koʻlamdagi olib borilayotgan islohotlardan xabardorligini, hamkorlik qilishdan maqsad ham ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qoʻshish ekanligini taʼkidladi.
Suleyman Savash Erdem “OYAK” kompaniyasi tashkil etilganligiga 60 yildan oshganligini, dunyoda katta nufuzga ega ekanligini hamda tobora rivojlanib borayotganligini qayd etdi. Kompaniya logistika, moliya, kimyo sohalari, sellyuloza va sement ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik kabi sohalarda hamkorlikka qiziqishini bildirdi. Keng koʻlamli faoliyatga ega kompaniyaning Toshkent shahrida ham ishlab chiqarish korxonalari barpo etish rejasi borligini va bu aloqalar ijobiy natijalarga berishiga umid bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.