Ularning yechimi zamonaviy biotexnologiya, farmatsevtika va biotibbiyot fanlari rivojiga bogʻliq. Ayniqsa, yangi avlod dorilarini yaratish bugun global miqyosda ustuvor ilmiy yoʻnalish sifatida eʼtirof etilmoqda.
Milliy farmatsevtika sanoati rivoji yoʻlida
Hayotbek Abdullayev uch yil avval Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlab chiqarish biologik nazorat boʻlimida faoliyat boshlagan. Serpentariy (zaharli ilonlarni saqlash va ulardan biologik faol moddalar (zahar) ajratib olish bilan shugʻullanuvchi boʻlim) mudiri sifatida ishlaganida, zaharli ilonlardan ajratib olingan biologik faol moddalarning biokimyoviy, toksikologik tahlillari va zaharning biologik faolligini oʻrgangan. 2024-2025-yillarda institutning biotexnologiya laboratoriyasida ilmiy xodim vazifasida xizmat qildi. Ayni paytda bakteriologiya laboratoriyasi katta ilmiy xodimi boʻlgan Hayotbek farmatsevtik biotexnologiya va biomuhandislik hamda bakteriologiya yoʻnalishlarini uygʻunlashtirgan holda ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
U mahalliy ilonlar zahridan saratonga qarshi biologik faol komponentlarni ajratib olish va ular asosida targetlangan dori-darmon yaratish asosiy ilmiy tadqiqot yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidladi. Zero, ilon zahri murakkab biologik aralashma boʻlib, tarkibida koʻplab biologik faol molekulalar mavjud. Ularning baʼzilari oʻsma hujayralariga selektiv taʼsir koʻrsatish, hujayra oʻlimini faollashtirish xususiyatiga egaligi bilan qimmatli. Hayotbek, avvalo, zahar namunalarini yigʻish haqida tushuncha berdi.
Jarayon bioetik talablar, biologik xavfsizlik meʼyorlari hamda ekologik barqarorlik tamoyillari asosida kechadi.
Olingan namunalar standartlashtirilgan sharoitda saqlanadi. Dastlabki bosqichda zahar tarkibidagi umumiy fermentativ faollik, proteolitik xususiyatlar kabi koʻrsatkichlar kompleks baholanadi.
Biologik faol komponentlarning molekulyar darajadagi xususiyatlarini oʻrganish, farmatsevtik shakllarini yaratish hamda xavfsizlik profilini shakllantirish orqali biologik dorilarning yangi avlodini ishlab chiqish uchun ilmiy asos yaratilmoqda. Qahramonimizning tadqiqotlari nafaqat onkologik kasalliklarni davolashda yangi yondashuvlarga erishish, balki tabiiy biologik resurslardan samarali foydalanish, milliy biotexnologiya salohiyatini oshirish hamda innovatsion farmatsevtika yoʻnalishlarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Bunday ilmiy izlanishlar kelajakda xavfsiz va samarali biologik dori yaratishga zamin boʻlishi mumkin.
Yosh olimning ilmiy faoliyatida dori- darmon xavfsizligi alohida oʻrin tutadi. Bu borada u Xitoyda stajirovka oʻtab, amaliy bilimlarni oʻzlashtirgan. Orttirilgan tajriba keyinchalik ilmiy ishlanmalarda xavfsizlik profilini shakllantirish, biologik preparatlarni baholash hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish hujjatlarini tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Yuqorida aytganimizdek, hozirgi kunda yosh olim bakteriologiya laboratoriyasida patogen mikroorganizmlarni identifikatsiyalash, antibiotikka chidamlilik mexanizmlarini oʻrganish, diagnostik test tizimlarini ishlab chiqish ustida ishlayapti. Biotexnologiya, farmatsevtika, mikrobiologiya va biomuhandislik sohalarini integratsiya qilgan ilmiy tadqiqotlari biologik dori-darmonlarning yangi avlodini yaratish, onkologik kasalliklarni davolash, immun tizimini mustahkamlash hamda biologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.
Ilmiy faoliyat bilan bir qatorda u ilmiy innovatsiyalarni amaliyotga joriy qilish, yangi farmatsevtik texnologiyalar ishlab chiqish hamda milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan. Onkologiyada yangi targetlangan biologik preparatlar yaratish, biologik faol tabiiy komponentlar bankini shakllantirish, immunomodulyator vositalar yaratish shular jumlasidan.
Ilmiy ishlanmalardan real mahsulotlarga
— Yevropadagi uchta nufuzli oliy taʼlim muassasasida tahsil olib, zamonaviy biotexnologiya, molekulyar va sintetik biologiya yoʻnalishlari boʻyicha chuqur bilim hamda amaliy tajriba orttirdim, — deydi yana bir yosh olim Ulugʻbek Mavlonov.
Oʻzbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan qahramonimizni “Erasmus Mundus” dasturi jahoniy ilmlar sari yetakladi. Fransiya, Estoniya, Germaniya kabi davlatlarda ilmiy salohiyati oʻsdi. Chet ellarda olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, Oʻzbekistonda ilm-fan rivojiga hissa qoʻshish maqsadida oʻtgan yili vatanga qaytdi. Ulugʻbek ham Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tavsiyasi asosida Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutida tadqiqotchi sifatida faoliyat yurityapti. Bugungi kunda biotexnologiya mamlakatning sogʻliqni saqlash xavfsizligi hamda iqtisodiy barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutishini taʼkidlar ekan, u sohada yechimini kutayotgan muammolarni ham aytib oʻtdi. Xususan, zamonaviy biologik dori importiga qaramlik, ularning yuqori narxi yosh izlanuvchini koʻp oʻylantiradi. U ayrim ilgʻor texnologiyalarning mahalliylashtirilmagani, shuningdek, ilmiy ishlanmalar bilan sanoat oʻrtasidagi uzilishni biotexnologiya rivojini sekinlashtirayotgan asosiy omillardan deb biladi. Zero, ayni omillar sabab koʻplab istiqbolli ilmiy gʻoyalar amaliy mahsulot darajasiga yeta olmayapti.
— Ilmiy faoliyatim aynan ushbu muammolarga yechim topishga qaratilgan, buni ikki asosiy yoʻnalishda olib boryapman, — deydi Ulugʻbek. — «Birinchi yoʻnalish — mahalliy xomashyo va bioresurslar asosida bioaktiv moddalarni aniqlash va chuqur oʻrganish. — Oʻzbekiston boy va xilma-xil biologik resurslarga ega boʻlib, u hali toʻliq oʻrganilmagan katta ilmiy va amaliy salohiyatni oʻzida mujassam etadi. Shu bois, mahalliy oʻsimliklar, mikroorganizmlar va boshqa tabiiy manbalardan biologik faol birikmalarni aniqlash, ularning farmatsevtik va tibbiy qoʻllanilish imkoniyatlarini tadqiq etish ustida izlanishlar qilyapman. Bu yondashuv import oʻrnini bosuvchi, iqtisodiy jihatdan maqbul va mahalliy sharoitga mos biotexnologik mahsulotlar yaratish uchun mustahkam ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Ikkinchi yoʻnalish zamonaviy vaksina texnologiyalari, jumladan, nuklein kislotalar asosidagi vaksinalarni ishlab chiqish va takomillashtirish bilan bogʻliq. Bugungi kunda bunday vaksinalar yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda eng ilgʻor va istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Bu yoʻnalishda hamkasblarim bilan birgalikda vaksinalarning samaradorligi, xavfsizligi va qisqa muddatda ishlab chiqilishini taʼminlovchi yangi texnologik yondashuvlar ustida ishlayapman.
Yoshlar bejiz zamonaviy texnologiyalarga intilmaydi. Bu orqali ular oʻzi tanlagan soha yutuqlarini koʻra oladi. Ayni paytda Ulugʻbek ishtirok etayotgan sil kasalligiga qarshi zamonaviy vaksinalarni ishlab chiqish texnologiyasi ham tezkor, xavfsiz va kelajakda turli kasalliklarga qarshi samarali boʻlishi mumkin. Uning mahalliy ishlab chiqarish yoʻlida boshlagan ezgu ishi mamlakatimizning farmatsevtika sohasidagi mustaqilligini taʼminlash va importga qaramlikni kamaytirishga katta hissa qoʻshadi.
Tadqiqotlar yuzasidan xalqaro hamkorliklar ham ibratga arziydi. Xususan, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya va boshqa rivojlangan davlatlardagi yetakchi ilmiy markazlar hamda zamonaviy laboratoriyalar bilan aloqalar bosqichma-bosqich shakllantirilyapti. Bu esa ilgʻor tahlil usullari, yuqori texnologik platformalar va xalqaro ilmiy tajribadan samarali foydalanish va ilmiy ishlarni xalqaro darajaga olib chiqishga yordam beradi.
Yosh innovatorning asosiy maqsadi — biotexnologiya sohasida Oʻzbekistonda zamonaviy, raqobatbardosh va amaliy natijaga yoʻnaltirilgan ilmiy maktab shakllanishiga hissa qoʻshish. Yaʼni ilmiy ishlanmalarni real mahsulot darajasiga olib chiqish hamda mamlakatimizning ilmiy- texnologik salohiyatini mustahkamlash.
Har ikki yosh olim bilan suhbatimiz odatdagilaridan qiyin kechdi. Zero, ular tanlagan yoʻlning oʻzi-da mashaqqatli. Kutilayotgan natija aytishga arzirli, borilajak manzillar yorugʻ. Shuning oʻzi ilm-fan borasida dunyoviy miqyosda faxrlanadigan yoshlarimiz borligiga yana bir ishora.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri