Jamoatchilik palatasi — fuqaro, jamoat tashkilotlari, davlat birligini mustahkamlovchi yangi institut

    Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo'qoladi”, deya bundan olti asr muqaddam ta'kidlagan edi.

    Ushbu o'git bugun, XXI asrga kelib ham o'z mazmun-mohiyatini, dolzarb ahamiyatini yo'qotgani yo'q. Binobarin, inson haq-huquqlarini ta'minlovchi va himoya qiluvchi Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga asoslangan huquqiy-demokratik davlatni barpo etish O'zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy jarayonlarda eng ustuvor maqsad etib belgilangan.

    Albatta, bu o'rinda qonunlarning amaliyotda ishlashi muhim jihat hisoblanib, ularning ijrosi ta'minlanishida esa jamoatchilik nazorati institutidan samarali foydalanish taqozo etiladi.

    Aslida jamoatchilik nazorati yurtimizda uzoq va qadimiy tarixiy ildizlarga ega. Bu institut bizda qadim-qadimdan oqsoqollar kengashi ko'rinishida namoyon bo'lib kelgan. Bu kengashlar mahallalardagi obodonlashtirish, aholi muammolarini hal etish, o'zini o'zi himoya qilish, hamisha ogoh va hushyor bo'lish, farzandlar tarbiyasiga loqayd qaramaslik va boshqa jamoat ishlari bilan shug'ullanadigan jamoatchilik tuzilmasi hisoblangan.

    O'z davrida gullab-yashnagan Amir Temur saltanatining eng katta yutug'i ham Sohibqironning “Temur tuzuklari”da ta'kidlangan “Davlat ishlarining to'qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, tamoyili bilan bog'liq, desak mubolag'a emas.

    Bugungi kunda ham aynan jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar va jamoat tuzilmalari jamiyat hayotidagi muammolarning echimini topishga erishadilar. Demak, jamoatchilik nazorati instituti yangi O'zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari o'rtasidagi samarali hamkorlikni tashkil etishning muhim vositasidir.

    Darhaqiqat, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini ta'minlashda jamoatchilik nazorati muhim o'rin tutadi. Mazkur institutning davlat organlari xodimlari qonunga rioya etib, vazifa va majburiyatlarini mas'uliyat bilan ado etishida ta'sir doirasi yuqori ekanini keyingi vaqtlarda yaqqol ko'rib turibmiz.

    Jamoatchilik nazoratining o'ziga xos xususiyati shundan iboratki, davlat nazoratidan farqli ravishda uning asosiy maqsadi kimnidir jazolash yoki kimgadir chora ko'rish emas, balki qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, davlat dasturlarida keng jamoatchilik tomonidan shakllantirilgan fikr-mulohazalar, takliflarni aks ettirish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari, jamiyat manfaatlarining himoyasini, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo'lgan vazifalar va funktsiyalarni, davlat xizmatlarining samarali ko'rsatilishini ta'minlash hisoblanadi.

    SHu ma'noda, Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o'ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e'tiborini qaratib, o'zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq ekanini alohida ta'kidlab, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

    Murojaatnomada mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg'otadigan o'ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o'tkazish majburiyligini aniq belgilash, jamoatchilik ma'qul desa — ma'qul, noma'qul desa — noma'qul bo'lishi kerakligi aytib o'tilgandi.

    Davlatimiz rahbarining 2020 yil 16 apreldagi “O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to'g'risida”gi farmoni mamlakatimizda aynan jamoatchilik nazorati instituti faoliyatini takomillashtirish va yanada rivojlantirish, bu boradagi ishlarni yaxlit tizim asosida tashkil etish imkonini beradi.

    “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi g'oya ilgari surilgan mazkur farmonga muvofiq, markazda va barcha hududlarda oliy maqomda tashkil etilayotgan Jamoatchilik palatasining eng asosiy vazifasi fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini ­faollashtirish, davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko'maklashishdan iborat bo'ladi.

    SHuningdek, mazkur palata Prezident va Oliy Majlisga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendentsiyalari to'g'risida yillik milliy hisobotlarni taqdim etib borishi, Konstitutsiyaga o'zgartirish hamda tuzatishlar kiritish to'g'risidagi takliflar, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg'otadigan o'ta muhim va dolzarb masalalarga doir qonun hujjatlari loyihalarini ko'rib chiqish huquqiga ega bo'lmoqda. O'z navbatida, davlat organlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan tushuntirish berish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so'rovini yuborish vakolati ham berilmoqda.

    Palata faoliyatining asosiy yo'nalishlari esa davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqotini yo'lga qo'yish, ularning ijtimoiy manfaatlari kelishilishini ta'minlash, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish hamda davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga ko'maklashish, aholi fikrini tizimli o'rganib borish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularning echimi bo'yicha takliflar kiritish, jamoatchilik fikrini o'rganish, umumlashtirish va tahlil qilishdan iborat bo'ladi.

    Jamoatchilik palatasi fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan hamkorligi darajasi, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qo'shayotgan hissasini baholovchi ko'rsatkichlarni ishlab chiqadi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda jamoat tashkilotlarining hamkorligini yo'lga qo'yadi, muhim normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazib boradi. Fuqarolar, NNTlar va OAV vakillari, blogerlarning OAVlarda so'z erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirish, “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik monitoringi” kabi ta'sirchan zamonaviy nazorat shakllarini hayotga joriy etish, islohotlar va davlat dasturlarining joylarda, shuningdek, sohalarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkillashtirish, ­tavsiyalar va natijalar haqida Prezident, parlament va hukumatga muntazam axborot kiritib borish ham palata faoliyatining dolzarb yo'nalishlaridan hisoblanadi.

    Ushbu tashkilot mamlakat tashqi siyosatining ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etish, uning nufuzli xalqaro reytinglarda egallagan o'rnini yaxshilashda fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan yaqindan aloqalar o'rnatish, NNTlarga xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda yordam ko'rsatib boradi.

    CHindan ham, davlat organlarining samarali faoliyat yuritishi, pirovardida mamlakatning jadal taraqqiy etishida jamoatchilik nazorati institutining o'rni beqiyos. Jamoatchilik palatasining Prezident huzurida mutlaqo yangi institut sifatida tashkil etilishidan ko'zlangan maqsad ham fuqaro — jamoat tashkilotlari — davlat birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olish, Konstitutsiyamizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi printsipini amalda ro'yobga chiqarishga qaratilgan.

    Ta'kidlash joiz, ayni vaqtda mamlakatimizda 9 200 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilot mavjud bo'lsa-da, ularning aksariyati jamiyat hayotida o'z o'rni va rolini topolmagan, faoliyati sezilarli darajada emasdi. endilikda Jamoatchilik palatasi ana shu tashkilotlar ishiga ham zarur tashkiliy-huquqiy yordam ko'rsatib, ularning bundan buyon samarali faoliyat yuritishiga o'z hissasini qo'shadi, degan umiddamiz.

    Bu, o'z navbatida, “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonun normalarining ijrosi ta'minlanishida, xususan, ta'sirchan jamoatchilik nazorati orqali davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligini mustahkamlash, xalqimizning davlat boshqaruvida samarali ishtirokini amalga oshirish, odamlarning huquqiy bilimlarini, har bir shaxsning yurt taqdiriga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasini, shuningdek, nodavlat tashkilotlarning tashabbuskorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    e'tirof etish kerak, keyingi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi pragmatik islohotlar samarasi tufayli jamiyatda jamoatchilik nazoratining ham ta'sir doirasi sezilarli ravishda kuchaydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning rahbar-mutasaddilari xatti-harakatlariga nisbatan bildirilayotgan munosabat tufayli ko'plab kamchilik va muammolar, qonunbuzilish holatlariga chek qo'yilayotgani barchaga ayon haqiqat.

    Ammo ochiq tan olish kerak, jamoatchilik nazorati sub'ektlari hisoblangan fuqarolar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hozircha bugungi kun talablari darajasida emas.

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilgan monitoring ishlari va tahlillar natijasi jamoatchilik nazorati aksar hollarda nomigagina, quruq rasmiyatchilik uchun qog'ozdagina tashkil etilgani, real hayotda bu institutning o'rni va roli deyarli sezilmayotganidan dalolat bermoqda.

    Ayniqsa, davlat organlariga murojaatlar va so'rovlar, davlat organlarining ochiq hay'at majlislarida ishtirok etish, jamoatchilik muhokamasi, eshituvi, monitoringi, ekspertizasi, jamoatchilik fikrini o'rganish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish kabi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning qonun bilan belgilab qo'yilgan sakkizta shaklidan unumli foydalanilmayapti. SHu jumladan, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi kabi normalar deyarli hayotga joriy etilmayapti.

    Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga taalluqli va ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan masalalar muhokamasi bo'yicha jamoatchilik eshituvlarini o'tkazish yuzasidan qonuniy vakolatga ega bo'la turib, bu normani amaliyotda ishlatishga etarli e'tibor qaratilmayapti.

    YAqin vaqt ichida faoliyat boshlashi kutilayotgan Jamoatchilik palatasi yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etishda ham alohida o'rin tutishi, shubhasiz. YA'ni palata tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi sub'ektlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga ko'maklashish, ularga muntazam tegishli maslahat va tavsiyalar berib borish ham bu boradagi sa'y-harakatlar samaradorligi kuchayishiga xizmat qiladi.

    Jamoatchilik palatasining faoliyat boshlashi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi uchun ham ayni muddaodir. Markaz palata bilan faol hamkorlik qilishni, jumladan, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan kelib chiqib, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini kuchaytirish, bu borada ilg'or xorijiy va xalqaro tajribani o'rganib, amaliyotga joriy etish, ushbu yo'nalishlarda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va izlanishlar qilish, ishlab chiqilgan tegishli taklif va tavsiyalarni berib borishni rejalashtirmoqda.

    Shuningdek, har yilgi davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqish va umumxalq muhokamasidan o'tkazishda milliy va xalqaro jamoatchilikni keng jalb etish, qabul qilingan davlat dasturlari va muhim ahamiyatga molik boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoring qilib borish yuzasidan ham Jamoatchilik palatasi bilan birgalikda faol ish olib borish ham maqsadga muvofiq.

    Muxtasar aytganda, jamoatchilik nazorati ijtimoiy adolatni qaror toptirish uchun shaxs, jamiyat va davlat aloqalarida muvozanat, tenglik, o'zaro mas'uliyat va javobgarlikka xizmat qiladi. Mazkur institut mamlakatimizda insonning huquq va erkinliklari nafaqat davlat tomonidan kafolatlangani, balki davlat organlari faoliyatida ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta'minlaydi va bunda jamoatchilik nazoratining mavjudligi siyosiy hokimiyatning tom ma'noda xalq qo'lida bo'lishining ko'rsatkichi hisoblanadi.

    Ushbu ezgu maqsadlar ro'yobida esa mutlaqo yangi institut sifatida tashkil etilayotgan Jamoatchilik palatasining o'rni va roli beqiyosdir.

    Eldor TULYAKOV,

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori