Jamshid Xoʻjayev: Atom elektr stansiyasi Oʻzbekistonning yangi industrializatsiyasi ramziga aylanadi

    Sanoat 26 Sentabr 2025 728

    Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt boʻlgan katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt boʻlgan kichik atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda.

    Bu haqda 25-sentyabr kuni Moskvada boʻlib oʻtgan Global atom forumida Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev maʼlum qildi, deya xabar bermoqda UzA.

    Jamshid Xoʻjayev oʻz nutqida atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, mamlakatimizdagi ilk atom elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar, bu borada tomonlar hamkorligiga toʻxtalib oʻtdi.

    — Oʻzbekiston koʻp yillardan buyon uranning muhim ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz hissasiga dunyo zahiralarining taxminan 4 foizi toʻgʻri keladi va yiliga 3,5 ming tonnadan ortiq qazib olinadi.

    Mamlakat yirik ishlab chiqaruvchilar qatorida mustahkam oʻrin egallab keladi va global yoqilgʻi siklida ishonchli hamkor boʻlib qolmoqda. Ana shu asosiy sanoat tajribasi esa sohani rivojlantirishning yangi bosqichiga xizmat qilyapti.

    Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz oʻz atom generatsiyasini yaratishga oʻtmoqda. Bu koʻp qirrali yoʻnalishga ega. «Rosatom« bilan qoʻshma loyihamiz — mamlakat tarixidagi ilk AES boʻlib, oʻziga xos ahamiyatga ega. Bir maydonda ikkita yirik quvvatli (1000 MVt) reaktor va ikkita kichik (55 MVt) reaktor quriladi.

    Bunday yondashuv bir vaqtning oʻzida 2,1 GVt bazaviy generatsiya va manyovrchan quvvatlarni taʼminlaydi. 2035-yilga kelib, 525 gektar maydondagi stansiya yiliga 15 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu loyiha energetika diversifikatsiyasi strategiyasining bir qismi.

    2030-yilga kelib, Oʻzbekistonda toza energetika ulushi 40 foizdan oshib ketishi kerak va AES bu maqsadga katta hissa qoʻshadi. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan manbalar boʻyicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Bir maydonda katta va kichik bloklarning kombinatsiyasi tarmoq barqarorligini kuchaytiradi, integratsiyani yengillashtiradi. Katta bloklar barqaror bazaviy generatsiyani taʼminlaydi, kichik bloklar esa pik yuklamalarni qoplaydi hamda quyosh va shamol stansiyalarining noaniq ishini muvozanatlaydi.

    AES nafaqat «yashil« energiya manbai, balki tizim yaratuvchi obyekt sifatida ham xizmat qiladi.

    Alohida yoʻnalish — kadrlar tayyorlashdir. Bu tizim maktabdan boshlab, oliy va keyingi taʼlimni qamrab oladi. Toshkentdagi MIFI filiali asosiy tayanadigan oʻquv muassasasi hisoblanadi. 2030-yilga qadar filialda 300 dan ortiq talabalar mutaxassislikka ega boʻladi. Moskva maydonidagi MIFIda ham oʻz talabalarimiz magistratura dasturlari boʻyicha oʻqimoqda.

    Jizzax viloyatida AES qurilishi nafaqat elektr quvvati ishlab chiqarishni oshiradi, balki butun mintaqani industrial rivojlantirishga xizmat qiladi. Qurilish jarayonida 12 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi, ekspluatatsiya davrida esa 2 mingdan ortiq yuqori malakali ish oʻrni taʼminlanadi. Shuningdek, “Atomchilar shahri” ham quriladi, u “aqlli shahar” konsepsiyasida boʻladi.

    Bu loyiha mintaqada katta investitsiyalar jalb qiladi, infratuzilma rivojiga turtki beradi. Biz xalqaro hamkorlikka ochiqmiz. MAGATE oʻz koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Xulosa qilib aytganda, bu loyiha nafaqat energetik mustaqillikka qadam, balki Rossiya Federatsiyasi bilan strategik hamkorlik namunasidir.

    Atom elektr stansiyasi Oʻzbekistonning yangi industrializatsiyasi ramziga aylanadi, energetika modernizatsiyasi harakatlantiruvchisi va mamlakatlarimiz hamkorligi uchun mustahkam poydevor boʻladi, — dedi oʻz nutqida J.Xoʻjayev.