Tadbirda Yevroosiyo turkshunoslik instituti, Koreya -Oʻzbekiston Biznes assotsiatsiyasi, Koreya savdo va investitsiyalarni rivojlantirish agentligining Yaqin Sharq, Afrika va MDH tadqiqotlari guruhi, Xankuk xorijiy tillar universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti, Kemyong universiteti Siyosatshunoslik va xalqaro aloqalar fakulteti, Xankuk Xorijiy tillar universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti rahbarlari va xodimlari, boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi. Shu bilan birga, tadbirda “Koreya — Markaziy Osiyo” Hamkorlik forumi kotibiyati, Koreya Eksport-import bankining Xorijdagi iqtisodiy tadqiqotlar instituti vakillari va boshqa hamkorlar onlayn tarzda qatnashdi.

Ilmiy-amaliy anjumanda Janubiy koreyalik siyosatchilar, tahlilchi va ekspertlar mustaqillik yillarida yurtimizda erishilgan muvaffaqiyatlar, soʻnggi 5 yil ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi siyosatda konstruktiv aloqalarning yoʻlga qoʻyilishi, mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan munosabatlardagi ijobiy oʻzgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, ekologiya muammolarini bartaraf etish, yoshlar siyosati, gender tenglik masalasiga berilayotgan eʼtibor, saylov qonunchiligidagi oʻzgarishlarga yuqori baho berdi.

Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi sobiq elchisi, Kemyong universiteti professori Chon De Vanning fikricha, ikki mamlakat rahbarlarining alohida qiziqishi va intilishi tufayli Oʻzbekiston, shubhasiz Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkoriga aylandi va oʻzaro munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi.

Uning taʼkidlashicha, “bugun dunyoda Yevropa ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va boshqa qator birlashmalar mavjud boʻlib, ular asosan siyosiy va iqtisodiy sohalarga eʼtiborini qaratadi. Oʻzbekiston va Janubiy Koreya esa hozirgi “alohida strategik sheriklik” doirasidan tashqari hamkorlik paradigmasini oʻzgartiradigan “Ijtimoiy koalitsiya”ni yaratish orqali oʻzaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

KOTRA vakili Pak Ji Vonning qayd etishicha, bugungi kunda Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonda asosan ishlab chiqarish, energetika, logistika, telekommunikatsiya va moliya sohalariga sarmoya kirityapti, Oʻzbekiston import oʻrnini bosish va sanoatlashtirishda oʻz hissasini qoʻshgan holda Koreyaning Markaziy Osiyodagi eng ishonchli hamkoriga aylanyapti.

Eksport-import bankining Xorijdagi iqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Jo Yung Kvanning fikricha, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida 2021-yil yanvar oyida boʻlib oʻtgan onlayn-sammitda erkin savdo toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimni imzolash boʻyicha muzokaralar boshlangani rasman eʼlon qilindi. Tomonlar ilgari surayotgan savdo shartnomasi — bu erkin iqtisodiy kelishuvning yangi modeli boʻlib, u ikkala mamlakatda ham bozorlarning ochilishi bilan birgalikda Koreyaning sanoatni rivojlantirish tajribasi va erkin savdo kelishuvini ilgari surish tajribasi bilan oʻrtoqlashish orqali Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshishni oʻz ichiga oladi.

Xankuk xorijiy tillar universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti tadqiqotchisi Yun Si Na oʻzaro madaniy-gumanitar aloqalar haqida toʻxtalar ekan, taʼlim sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratdi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston aholisining taʼlim darajasi eng yuqoriligi bilan ajralib turadi. Taʼlim boʻyicha alohida uchta vazirlik — Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklariga boʻlinganligi ushbu sohaga davlat darajasida qanchalik katta eʼtibor va kuch sarflanayotganligini koʻrsatib turibdi.

Hozirgi vaqtda Janubiy Koreya va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim sohasida tajriba almashish, ilgʻor taʼlim tizimlari, oʻqitish usullarini yaratish borasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekistonda aholi orasida koreys tili va madaniyatini oʻrganishga boʻlgan qiziqishning ortib borishi natijasida bugungi kunda Toshkentda “Koreya taʼlim markazi” va “Sejong Xakdang” til markazi faoliyat olib boryapti. Istiqbolda ular sonini yanada koʻpaytirish rejalashtirilgan.

Shu oʻrinda Janubiy Koreyada oʻzbek tili va madaniyatini keng targʻib qilish, ishbilarmonlar va keng jamoatchilikka, shuningdek, Oʻzbekistonga qiziqqan koreys fuqarolari, talaba yoshlariga yetarli maʼlumotlarni taqdim etish va ikki mamlakat oʻrtasida madaniy almashinuvni ragʻbatlantirish imkoniyatlarini kengaytirish haqida ham fikr yuritildi.

Shu bois ikki davlat madaniyatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamfikrlik va muloqotni yanada mustahkamlash maqsadida Koreyada “Oʻzbekiston madaniyat markazi”ni tashkil etish masalasini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi

“Janubiy Koreya -Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Kim Song Inning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng oʻtgan 30 yil mobaynida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari asosan savdo, iqtisodiyot va sarmoyalarga qaratilganligini hisobga olsak, kelgusi 30 yil ichida mamlakatlarimiz hamkorligining doirasi va darajasini nafaqat insoniyat uchun jiddiy tahdid solayotgan global ekologik muammolarni hal qilish, balki madaniyat, sanʼat va ilmiy doiralarda ham yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga qaratiladi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilariga 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakunlari boʻyicha ham keng maʼlumot taqdim qilindi. Ushbu xalqaro konferensiyada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda – savdo iqtisodiy, transport-kommunikatsiyalari, xavfsizlik va barqarorlik, shu bilan birga madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun juda muhim omil boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, tadbir chogʻida joriy yil sentyabr oyida Xiva shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro madaniyat forumi oʻtkazilishi haqida ham soʻz yuritildi. Boʻlajak forumning mintaqa va uning sarhadlaridan tashqarida sivilizatsiyalar shakllanishida muhim rol oʻynagan Markaziy Osiyoning umumiy madaniyati va merosini oʻrganish uchun yana bir ajoyib imkoniyat boʻlishi taʼkidlangani holda Janubiy koreyalik mutaxassislar ushbu madaniyat forumiga taklif etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.