Ipak kelin...

Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosirning onasi –Xolambibi asli namanganlik boʻlib, Adham Oxund va Salima otinlarning farzandi edi. U Qoʻqon shahriga Masodiqboyning oʻgʻli Nosir hojiga uzatilgan. Qaynonasi Nodirabonu eʼzozlab “ipak kelinim” deb atar edi. Xolambibi bu xonadanda xudda farishtadek uchib yurardi. Tovushi hech qachon baland chiqmagan, hech kimga jahl qilmagan.

Mayin ovozda soʻzlab, ohista qadam tashlar, yurganda yelkasi uzra qiriq oʻrim sochlar mayin tebranar edi. Xolambibi ilmli ayol boʻlgan. Qoʻshni ayollar gurungga chiqsa, oʻzbek xalq dostonlaridan parchalar aytib berib ularni lol qoldirardi

Erta tongdan hovli-yu gulzorni yogʻ tushsa yalagudek qilib tozalab, soʻngra sepib separ, qozon oʻchogʻi esa hech qachon qora qurum koʻrmagan. Saharda rahonlarga suv quyib qoʻllarida tebratib chiqardi. Bir pastda hovlini rayhon hidi tutib shamol yoʻnalishida iforlar qoʻshnilarnikiga ham oʻtardi.

Xolambibi qaynonasi Nodirabonuning koʻngliga yoʻl topib xuddi qizidak mehr berganligi bilan eʼzozga loyiq edi. U yopgan qat-qat patirlar dasturxonga chiroy berib, pishirgan taomlari ogʻizda erirdi.

Asli Qoʻqonlik boʻlgan Nosir hoji Masodiqov paxtachilik boʻyicha mutaxassis boʻlgani uchun Namanganning yirik paxta zavodiga ishga yuborildi.

1912-yil 13-noyabrida Nosir hoji Masodiqov va Xolambibi Adham Oxund qizi oʻgʻil farzand koʻradi. Uning ismini Usmonxon atashib, qulogʻiga azon aytishdi. Oila xizmat topshirigʻini oʻtagach yana Qoʻqonga qaytdi. Usmonxondan soʻng Alloh ularni Ravzaxon, Rohatxon, Inobatxon ismli qizlar bilan siyladi.

Xolambibida goʻdak bolalarni parvarishlash va tarbiyalashda katta tajriba bor edi. Qoʻqondaligida jondek yaqin ovsini Turdixon vafot etadi. Uning ortida toʻrtta norasida goʻdak: Nabijon, Alijon, Gʻanijon va toʻrt oylik Vasijonlar qoldi.

Turdixon Xolambibi uchun eng yaqin sirdosh, darddosh va suhbatdosh edi. Ularni koʻrgan odam opa – singil deb oʻylashardi. Qaynotasi Masodiqboyning yigirma besh xonali katta hovlisida ular deyarli har kun mehmon kutardilar. Ularning eshigida hech qachon xizmatkor boʻlmagan.

Bu xonadonga kelganlarni kelinlar “Atoi xudo”, deb mehmon qilganlar. Kelinlar kun davomidada chumolidek mehnat qilishib, oqshomlari dostonlar oʻqib, chevarchilik bilan mashgʻul boʻlishar edi. Ovsini Turdixonning toʻrtinchi bolasiga ogʻiroyoqli boʻlganini birinchi boʻlib sezgan Xolambibi uni darhol avaylashga oʻtdi.

Ovsinining rangi dokadek oqarib, sal narsaga nafasi tiqilib, hansirab qolayotganini koʻrgach “Bundan buyon tandirning, qozon – oʻchoqning boshiga bormaysiz. Kirlarni yuvishni xayolingizga keltirmang“, deya roʻzgʻorning ogʻir yumushlarini oʻz zimmasiga oldi. Xolambibining madadkorligi tufayli ovsini eson – omon chaqalogʻini qoʻlga oldi.

Ammo, Turdixonning sogʻligi tiklanmadi. Goʻdakka deyarli Xolambibi qarardi. Chaqaloq toʻrt oylik boʻlganida Turdixon, ovsinjonini yoniga chaqirib: “Xolambibi menga bir nima boʻlsa, bolalarimni hech kimga va hech qayerga bermangizlar. Ayniqsa murgʻakkina Nabijon sizni hidingizga oʻrgandi, uni bagʻringizdan uzoqlashtirmang”, dedi.

“Yoʻq, unday demang opajon, sizdek farzand koʻrib, xastalangan kammi? Bir oz oʻtib tuzalib ketasiz. Siz hamma qatori menga ham togʻdek tirgaksiz, suhbatdoshsiz, maslahatgoʻyim, duogoʻyimsiz. Yomon xayollarga bormang. Hali bu bolalarning huzurlarini koʻrasiz”, dedi.

Shu soʻzlarni aytgan ovsinining tonga yaqin joni uzildi. Ovsinining bu olamni tark etishi Xolambibi uchun ogʻir edi. Ammo, nachora taqdiri peshona. Uni hech kim oʻzgartira olmaydi. Ovsinining toʻrt bolasini to oʻsmir yoshigacha Xolambibi jonida asrab katta qildi.

Oʻzi koʻklam, bagʻri mavj urgan daryo edi

Koʻzlarida yulduz yongan Usmonxon esa olti yoshdan arab alifbosini bobosidan oʻrgandi. U maktabga borgach, eng aʼlochi oʻquvchi boʻldi. Rus tilini oʻzi mustaqil oʻrgandi. Sevgan fani esa adabiyot edi. Uning uchun eng yaxshi sovgʻa kitob edi. “Onajon, siz mening ilhomim parisisiz. Meni tongda uygʻoting. Oʻshanda sizga eng yaxshi sheʼrlarimni oʻqib beraman” – derdi u.

Uning oʻgʻli olamga hayrat bilan boqqanida juda yosh edi. Oʻgʻlining oʻzi koʻklam, bagʻri mavj urgan daryo edi. Xolambibi oʻgʻlining qiyofasida husni Yusufni koʻrsa, kitobdan bosh koʻtarmay tunlarni tongga ulaganida olamlarga dars beruvchi donishmandlikni koʻrardi. U bilan faxrlanardi.

Usmon Nosir maktabni aʼlo baholarga bitirgach Moskvadagi Kinematografiya institutining ssenariy fakultetida, undan soʻng Samarqand davlat universitetining til va adabiyot fakultetida tahsil oldi. 20 yoshligida uni butun mamlakat taniy boshladi. Ustozi Choʻlponning asarlarini u ilohiy bitiklar deb tushinardi.

Zamona ijod ahliga shavqat qilmayotgan bir vaqtda oʻgʻlining Toshkentda yolgʻiz qolishini istamagan Xolambibi har kuni Nosir hojiga – Hojam, Usmonxoningizning qoni qaynoq, haqaqatparvar, xalqparvar. Sheʼrlarining har satri mashʼaldek tunlarni yoritmoqda. Iltimos, uning oldiga koʻchib ketaylik, – deya zorlandi.

Ayolining koʻz yoshlariga chiday olmagan Nosir hoji oilasini bilan Toshentga koʻchib keladi. Dastlab “Chaqar” mahallasida ijarada yashashdi. Soʻngra aziz doʻsti, taniqli pedagog Olim Sharafuddinov topib bergan Sebzor daha, Qozikoʻcha, Muvaffaqiyat 37 – uyni sotib oldilar.

Sheller asarlari bilan tanishmisiz

Hammasi yaxshi ketayotgan edi. Tuhmat balosi yopishishiga Usmonning Butunittifoq miqyosidagi shon – shuhrati boʻldi. Moskvada oʻtgan Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati dekadasidan soʻng Pushkin vafotining 100-yilligi munosabati bilan Plenum oʻtkazildi. Moskvadagi Markaziy adabiyotchilar uyida butun Ittifoqdan shoiru yozuvchilar, adabiyotchi-yu tanqidchilar yigʻilgan.

Shu kechani boshqarib borayotgan shoir Bezimenskiy Pushkinning ijodi, u qilgan tarjimalar haqida gapirib misol tariqasida nemis shoiri Gyotedan parcha oʻqib bergan...

Shunda zalda oʻtirgan Usmon Nosir birdan oʻrnidan turib, “Kechirasiz, siz hozir Gyote asaridan emas, Shellerdan parcha oʻqidingiz” deb yuboradi. Hamma gur etib Usmonga qaragan. Bezimenskiy bir oz sarosimaga tushib, buni ( Usmonga ishora qiladi.) sahnaga taklif qilgan va “kimsiz?” deb soʻragan Usmon baland ovozda “Ya uzbekskiy poet Usman Nasir”, degan.

Bezimenskiy “Siz meni tuzatdingiz, oʻqiganimisiz, Sheller asarlari bilan tanishmisiz?” deb soʻraganda, Usmon: “Men bu asarni yoddan bilaman”, deya javob qilgan va shunday mahorat bilan oʻqigan-ki, Bezimenskiy uni quchoqlab, zalga qarata: “Vot nash sovremenniy Vostok!” deb xitob qiladi.

Shundan soʻng Moskva gazetalari ertasigayoq uning sheʼrlarini rus tiliga oʻgirib, “Na Vostoke poyavilsya Pushkin!” rukni ostida chop etgan. Uning bu muvaffaqiyati Moskvada ham, Toshkentda ham oʻziga koʻplab dushmanlar orttirdi. ( Nodira Rashidova “Yetti sayyora” asar. 106 betdan parcha).

Onalik baxtining oʻzi yetarli edi

Shu voqea sabab boʻldi-yu, oʻgʻlining shon shuhrati yoyilgandan yoyildi. Xolambibining mushfiq qalbiga esa ulkan xavotir yopirilib kirdi. Uning uchun oddiy va buyuk onalik baxtining oʻzi yetarli edi. U ham hamma qatori oʻgʻlini toʻyini koʻrgisi, sovchilikka borib, qudali – andali boʻlmoqchi edi.

Usmonxon sizni soʻrab uyimizga ham muxlislaringiz kelmoqda. Meni kelin borasidagi orzularim juda baland oʻgʻlim.

  • Xavotir olma aya, sen uzoqqa, chekka bir goʻzal qishloqqa sovchilikka borasan. Oʻsha yerdagi yomon koʻzlardan panada yurgan qizni kelinlikka tanlaysan. U qiz senga yoqsagina men oʻshanga uylanaman. U albatta oʻzbek qizi boʻladi.

Ularning suhbatiga aralashgan singlisi Inobatxon:

  • Akajon, nega siz bir umr ayamni senlaysiz?
  • Eh, tushinmagan. Ayam men uchun Allohdan keyin turadi. Xuddi Allohga siz deb murojaat va munojat qilolmaganimdek, ayamga ham siz deb murojaat qila olmayman.

Oʻgʻlining shoirligi Xolambibi ayaning ham baxti, ham baxtsizligi edi. Baxti bolasining sheʼrlari gazetalarda muntazam nashr etilar, tarjimalari shov – shuvga aylanardi.

Bolasining qoʻl ochiq edi. Yozganlari uchun berilgan kattagina qalam haqqini bir haftada muhtojlarga tarqatardi. Sheʼriy toʻplamlari va dostonlariga berilgan qalam haqqiga shoir doʻstlarini uyga chaqirib ziyofat berar edi. Tarjimalari uchun berilgan gonorarlarni taniqli va hali nomi chiqmagan tarjimonlarni yigʻib haq berar va oʻsha kundan boshlab yangi asarlar ustida bosh qotira boshlardi.

U oʻshanda 25 yoshda edi...

Xolambibi aya uchun, Nosir hojining xavotir olgan kunlari yetib keldi. Usmon Nosirning Oʻzbekistondagi gʻanimlari uni komsomollar safidan va SSSR Yozuvchilar Ittifoqi aʼzoligidan oʻchirdi. U oʻshanda 25 yoshda edi.

1937-yil 13-iyulda Usmon Nosir “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olindi va Rossiyaning eng sovuq oʻlkasi Magadan va Kemerovo viloyatlaridagi qamoqxonalarga yuborildi. Oʻsha kun, oʻsha daqiqadan boshlab Xolambibi onaning koʻzlaridan yosh tinmadi.

Oʻgʻlini avf etishlarini soʻrab bormagan eshigi, bosh urmagan devori qolmadi. Oʻgʻli qilgan jinoyatni nomini tushintirib berishlarini soʻrab sargʻaymagan mahkamasi qolmadi. Hamma uni koʻksidan itardi. Hamma uni yuziga eshik yopdi.

Oʻsha kun, oʻsha daqiqadan boshlab oʻgʻli bilan birga sovuq oʻlkalarda xayolan hibsga tushdi. Yuragini oʻgʻlining qoʻllariga solingan kishan oʻrab olgan, qalbi oʻgʻli yotgan zimistonda edi.

U hech kimni qargʻamadi. Chunki u qargʻashni bilmas edi.

Usmon Nosir qamoqqa oligandan soʻng faqat bir martagina singlisi Rohatxonga Toshkendagi turmadan xat keldi. Unda: “Singlim Rohatxon! Uygʻunnikiga borib narsalarimni ol. Madamin Davronning uyida paltom bor. Ibrohim Nazirnikida etigim ham. Shularni olib kelib, menga kirgazib yubor. Ketadiganga oʻxshayman”... deb yozilgan edi.

Boshqa bunday imkoniyat boʻlmadi. Sovuq oʻlkalarga ham mahbuslarga maktublar va yogʻoch qutilarda joʻnatmalar: quriq mevalar, issiq kiyimlar yuborish mumkin boʻlgan. Birgina Usmon Nosir bu marhamatlardan bebahra edi. Onasi esa oʻgʻlidan biror mujda eshitishga uchun oʻzini oʻtga, choʻqqa urardi.

Tuhmat yogʻdirganlarga oʻzing kifoya qil

Xiyobon yonida, Pushkin koʻchasida joylashgan Yozuvchilar uyushmasiga borib, oʻgʻlini hech boʻlmasa qayerdagi qamoqxonaga yuborilganini aytishlarini oʻtinib soʻradi. Biror bir javob yoki dalda oʻrniga haqorat eshitgan ona, uyushmaning zinasidan tushayotganda turtinib ketib, koʻzi tinib yuz tuban yiqildi.

Yonida 4 oylik chaqalogʻini koʻtarib olgan qizi Rohatoy bor edi. Oʻsha toʻrt oylik chaqaloq hozirda 80 yoshni qarshi olayotgan, ijodini katta qismini Usmon Nosirga bagʻishlagan adiba va shoira Nodiraxon Rashidova edi.

Rohatoy bir qoʻlida chaqalogʻi, bir qoʻli bilan esa onasini suyab turgʻizmoqchi boʻldi. Ona esa sovuq yerda choʻkkaladi-yu qiblaga qarab “Allohim bolamning boshiga tuhmat yogʻdirganlarga oʻzing kifoya qil!

Bolamning yigit joniga rahm qil! Usmonimning yuzini oqla! – deya yerga bosh urdi. Qoʻlida yigʻlayotgan chaqalogʻi bilan Rohatoy ham “Gunohimiz nima Allohim? Bizga ham yorugʻ kun bormi? Bizga ham roʻshnolik bormi? – deya yigʻlab, onasini turishiga koʻmaklashdi.

1944-yil 9-mart kuni Usmon Nosir ogʻir xastalikdan soʻng Kemerova qamoqxonasida vafot etdi.

Afsuski endi kech edi...

Xalqimizning sevimli shoiri 1940-yil 20-avgustida I. Stalin nomiga xat yozadi. Maktubda shoir “ish”ini qayta koʻrib chiqishlarini soʻraydi. Ajablanarlisi, minglab shunday maktublar orasidan Usmon Nosirning xati eʼtiborga tushadi va Oʻzbekiston hukumati Kremldan shoir ishini qayta koʻrib chiqish haqida buyruq oladi.

Buyruq ijrosi choʻzilib, 1944-yilning soʻnggida professor Borovkov, shoir Maqsud Shayxzoda va “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriridan tarkib topgan komissiya Usmon Nosirni aybsiz deb topadi. Afsuski endi kech edi...

***

1956-yilda Yozuvchilar uyushmasidan kelgan vakillar Xolambibi aya va Nosir hoji otalarga farzandi Usmon Nosir vafot etganini va u vafotidan soʻng oqlangani haqidagi xabarni yetkazdilar.

Shu paytgacha oʻgʻlini tirik degan umidga suyanib turgan Xolambibi bu musibatni bir necha oy koʻtara oldi xalos. U 1957-yilda Allohga omonatini topshirdi. 1975-yilda esa Nosir hoji yorugʻ dunyoni tark etdi. “Oʻgʻlim Usmonxon meni jannat eshigida kutib turibdi”. Bu Nosir hojining soʻnggi soʻzlari boʻldi.

Unutmas meni bogʻim

2022-yil 10-fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra Usmon Nosir hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatagʻon davrida kechgan yillarini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash maqsadida ishchi guruh tuzilib, uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishish uchun sharoit yaratiladi.

Namangan shahrida Usmon Nosirga haykal oʻrnatiladi. Toshkent va Namangan shaharlaridagi koʻchalarga Usmon Nosir nomi beriladi. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻrtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Unitmas meni bogʻim” mavzusida insholar tanlovi oʻtkaziladi.

Ushbu tarixiy qarorni oʻqir ekanman, Xolambibi ayaning 25 yoshida “xalq dushmani” diya qamoqqa olingan shoir oʻgʻli haqqiga qilgan iltijolari endi ijobat boʻlganini koʻrdim.

Tuhmatga uchragan shoir: “Itardilar meni chuqur bir jargʻa”, deb yozgan edi. Shoir ruhi yillar davomida “chuqur jar”dan chiqmoq uchun yer tirnadi. Uning erkparvar ruhi Magadan, Kemerovadagi qorogʻu oʻrmonlarda sarosar kezdi.

Davlatimiz rahbarining adabiyotga boʻlgan hurmati, Usmon Nosir ijodiga qaratilgan gʻamxoʻrligi shoirni “chuqur jar”dan olib chiqdi. Bu adolatli qarorni umri davomida kutib, koʻzlaridan qonli yosh toʻkib oʻtgan mushfiq onaning ruhlari ham shod boʻlsin.

Endi shoirning haykali poyiga gul qoʻyadigan, u haqda dostonlar, sheʼrlar, insholar yozadigan avlodlar shunday shoiri borligini unitmaydilar. Men ularga yuragimda faxru gʻurar bilan shunday deyman: oʻzbekning afsonaga aylangan isteʼdodli, jasur farzandlarini magʻrur Onalar dunyoga keltiradilar. Unitmang! Ulardan birining ismi Xolambibi edi.

Zulfiya Moʻminova,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira