13-avgust kuni Jenevada Qurolsizlanish boʻyicha konferensiya Bayrutdagi portlash qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan oʻz ishini boshladi, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Qurolsizlanish boʻyicha konferensiya formati qurol poygasini cheklash boʻyicha shartnomalar va bitimlarni ishlab chiqish uchun tashkil etilgan. Konferensiyaning vazifasi yadroviy sinovlarni toʻliq va universal ravishda toʻxtatish, ommaviy qirgʻin qurollari va kimyoviy qurollarni taqiqlash, qurolli kuchlarni cheklash va kamaytirishga qaratilgan ustuvor choralarni belgilashdan iborat. Qurolsizlanish boʻyicha konferensiya 65 davlatni qamrab olgan.
BMTning Jeneva shahridagi vakolatxonasi bosh direktori va qurolsizlanish boʻyicha konferensiya bosh kotibi Tatyana Valovaya sessiya ishtirokchilariga murojaat qilib, 2020-yil qurolsizlanish sohasidagi muhim yubileylar yili boʻlganini, yaʼni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgani va Xirosima hamda Nagasakida portlashlar sodir boʻlganining 75 yilligi, shuningdek, Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirganiga 50 yil toʻlganini taʼkidladi. Shu bilan birga, Tatyana Volovaya ushbu yubileylar qurolsizlanish sohasidagi muhim masalalarni hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarga turtki boʻlganligini ham aytib oʻtdi.
“Bugungi kunda davlatlar bir-biriga yoki global tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun yaratilgan koʻp tomonlama tuzilmalarga ishonmaydi”, dedi u.
BMT vakili davlatlar oʻrtasidagi ishonchni tiklash, ular oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, yadroviy qurollarni boshqarish rejimining yoʻq qilinishining oldini olish uchun hamma narsani qilishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu borada yetakchilikni yadro quroliga ega davlatlar namoyish qilishi kerak. Qurolsizlanish boʻyicha oʻtgan yillar davomida Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma, Kimyoviy qurollar toʻgʻrisidagi konvensiya hamda Biologik qurollar toʻgʻrisidagi konvensiya kabi muhim hujjatlar ishlab chiqildi.
Ammo 20 yildan ortiq vaqtdan buyon sessiyalar ishtirokchilari qurolsizlanish sohasidagi yangi vositalarni ishlab chiqish boʻyicha muzokaralarni boshlay olmadilar. Gap shundaki, mazkur konferensiya murosaga asoslangan holda ishlaydi va barcha aʼzo davlatlarning roziligisiz hech qanday, hatto protsessual qarorlarni ham qabul qila olmaydi.