“Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusidagi mazkur butunjahon konferensiyaning 1-sessiyasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakultetining 2-bosqich talabasi Mirsaid Muxtorov “Inklyuziv taʼlim – yoshlarni ish bilan taʼminlashning bosh mezoni” mavzusidagi nutqi bilan qatnashdi.

Talabamiz oʻz maʼruzasida inklyuziv taʼlimdagi muammolar, bu yoʻnalishdagi taʼlim konsepsiyasini “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Toshkent deklaratsiyasi”ga qoʻshish boʻyicha mezonlar haqida va koʻzi ojizlar maktab internatlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash dinamikasi va oʻz tajribasi haqida soʻzladi.

Shuningdek, M.Muxtorov oʻz chiqishi davomida tahsil olish uchun nega aynan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tanlaganini hamda oʻqish mobaynida qanday yutuqlarga erishganligi borasida ham yigʻilganlarga soʻzlab berdi.

Yakuniy soʻz oʻrnida esa nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish uchun davlatimizda qonunchilikni takomillashtirish, oʻz mehnati va tajribalarini “Inson huquqlarini” himoya qilish uchun safarbar etishga, shu bilan birga xalqaro tajribani oʻrganish uchun zaruriy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish uchun JIDUning imkoniyatlari haqida ham gapirib oʻtdi, deb xabar beradi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti matbuot xizmati.