Yozuvchilar uyushmasining ijodiy uchrashuvlar zaliga kirib borar ekanmiz, adabiy davralarimiz tobora gavjumlashib, sheʼriyatga oshno qalblar safi kengayib borayotganidan koʻnglimiz yorishdi.
Uyushma aʼzosi, shoira Zilola Xoʻjaniyozova qalamiga mansub “Sogʻinch shivirlari” hamda “Hulvo” nomli kitoblarini varaqlar ekanmiz, adabiyotshunos Qozoqboy Yoʻldosh taʼkidlaganidek, soʻzlar qatidagi samimiy dard olovini his qildik. Ushbu kitoblardan biri Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot”, boshqasi Turkiyaning “Baygench” nashriyotida chop etilgan.
Taqdimotni kirish soʻzi bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid ochib berdi. Shuningdek, taniqli shoir va adabiyotshunoslar Eshqobil Shukur, Salim Ashur, Amir Xudoyberdi, Gulnoz Sattorova, Rahimboy Jumaniyozov va boshqalar kitoblarning mazmun-mohiyati, mavzulari, sheʼrlarda shoirning aks etgan quvonch va gʻamlari haqida soʻz yuritdi.
– Nega hamisha koʻksimizda bir dengiz suzib yuradi, nega doimo yomgʻir toʻla osmon adashgani adashgan, – deydi taniqli shoira Halima Ahmedova. – Odam zoti borki, mudom baxtga talpinadi. Baxtga yetganimizda esa u chiroyli jilmayib deydi: Agar qaygʻuning bir tomchisi menga qoʻshilmaganida edi, bu qadar qadrli boʻlmasdim. Shoirlar koʻnglida ham mangu uygʻoq baxt va qaygʻuning shirin shivirlashlari bor.
Shoira bir sheʼrida:
Daraxtlarning sirgʻasin yechib,
Olib qochar oʻyinqaroq yel.
Derazamdan sezdirmay kirib,
Jilmayadi men suygan aprel.
...Atirgullar koʻylagi qat-qat,
Qimtibgina yechishar nahor.
Shirin ertak boshlagin faqat
Muhabbatdan soʻz ochma, bahor, – deydi yal-yal yongan yurak bilan.
Aslida yaxshi sheʼrlar yurak yarasidan silqiyotgan soʻz evaziga yaraladi. Ana shu dardnok va yorugʻ soʻzga boʻlgan ishq Zilolani tark etmasin va “Sogʻinch shivirlari” har bir oʻquvchi qalbida aks-sado berishini tilab qolaman”.
Shoiraning qardosh Turkiyada nashr etilgan “Hulvo” nomli kitobi soʻzboshisi muallifi – adib va tarjimon Arslan Bayir. Sheʼrlarni oʻzbekchadan turk tiliga yosh tarjimon Rahmat Bobojon oʻgirgan. 80 ta sheʼr oʻrin olgan tarjima kitobdagi sheʼrlar oʻzbek va turk adabiy doʻstligiga hissa boʻlib qoʻshiladi, degan umiddamiz.
Taqdimotda xonanda Sharofiddin Murodov Zilola Xoʻjaniyozova sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlarni kuyladi.
Tadbir soʻnggida muallif mehmonlarga oʻz kitoblarini sovgʻa qildi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri