Senat aʼzosi Farod Boqiyev ushbu masala yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirib, kadastr sohasida uchrayotgan muammo va kamchiliklarga eʼtibor qaratdi.

– Kadastr agentligi tashkil etilgandan buyon 354 mingta qoʻshimcha obyekt aniqlangan va byudjetga 468 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushirilgan, – dedi senator F.Boqiyev. – Joylardagi 403 mingta koʻchmas mulk obyektida qoʻshimcha qurilmalar aniqlangan va kadastr bahosi qayta koʻrib chiqilib, byudjetga mol-mulk soligʻi boʻyicha qoʻshimcha 99,9 mlrd soʻmlik manba yaratilgan. Umuman olganda, Kadastr agentligi hozirda 17 turdagi xizmatlardan 13 tasi elektron inson omilisiz amalga oshirilmoqda. Bu yaxshi, albatta.

Biroq oxirgi paytlarda kadastr sohasida deyarli har kuni yer bilan bogʻliq korrupsion holatlar sodir boʻlmoqda.

Taʼkidlash joizki, 2020-yilda 67 nafar va 2021-yilning olti oyida 48 nafar agentlik mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan 70 ta jinoyat sodir etilgan. Natijada davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Albatta, jinoyat sodir etganlar jazosini olishi muqarrar, yetkazilgan zarar ham undiriladi.