Jizzaxda koʻlvor ilonni tiriklay yegan fuqaro jarimaga tortildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda koʻlvor ilonni tiriklay yegan fuqaro haqida xabarlar tarqaldi. Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi Zomin tumani boʻlimi va IIB xodimlari tomonidan ushbu holat boʻyicha oʻrganish ishlari olib borildi.

    Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu holat fuqaro Q. H. tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

    Fuqaro bu harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4,30,51,53-moddalari talablarini buzgan.

    Hozirda fuqaroga nisbatan MJtKning 90-modda 1-qismi bilan BHMning 20 baravari (7,5 mln.) miqdorida jarimaga tortilgan. Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan 1 125 000 soʻm miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.