Afsuski, kecha 276 holatda kasallik aniqlanib, rekord koʻrsatkich qayd etildi. Shu kuni 24 nafar aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent shahrida 17 nafar, Toshkent viloyatida 4 nafar, Jizzax viloyatida 2 nafar hamda Andijon viloyatida 1 nafarni tashkil etdi.

Jumladan, Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi Z.X.da, Qibray tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroda (har ikki holatda ham tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna topshirgan), Parkent tumanida yashovchi Sh.A.da ham kasallik aniqlangan.

Shuningdek, Jizzax viloyati Sh.Rashidov va Jizzax tumanlarida yashovchi 2 nafar fuqaroda (Sh.Rashidov tumaniga tugʻilgan kun nishonlashga borishgan, shundan soʻng tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna topshirgan), Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi S.A.da (Rossiya harbiy kosmonavtlar akademiyasi talabasi. Shu yilning 12-may kuni Sankt-Peterburg shahridan charter reys bilan kelgan va 27-mayda karantin muassasasidan chiqqan) koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholidan imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar oʻtkazishdan vaqtinchalik tiyilishlarini, va albatta, qoʻl berib salomlashish, quchoq ochib koʻrishishmaslik, ozodalikka rioya qilish, sababsiz koʻchaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, niqobni toʻgʻri taqib yurish kabi karantin qoidalariga qatʼiy rioya etib, bizga, shifokorlarga yordam berishingizni soʻrab qoladi.

Oʻzingiz va atrofdagilarning sogʻligiga beparvo boʻlmang!

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.