Qaniydi bu kabi shaxsiy fojialaru jinoiy tafsilotlar haqida soʻz yuritmasak!.. Taassufki, ogohlik va hushyorlikka chorlash, inson degan nomga munosib hayot kechirishga undash uchun ham gohida jinoyat haqida soʻz yuritishga majbur boʻlamiz…

Jahl va murosasizlik Zafar Karimboyevni (ismi shariflar oʻzgartirilgan) voyaga yetkazgan xolasining qotili sifatida yuzini qora qilib, sudning qora kursiga olib keldi. Uning qilmishi sabab bir inson hayotdan bevaqt koʻz yumdi, biri esa jabr tortdi. Sudda sudlangan oʻz aybiga iqror boʻlib, quyidagilarni maʼlum qildi:

– Onam Karimboyeva Mashhura 1997-yilda koʻkrak bezi saratonidan vafot etganidan keyin otam bizni buvimning qoʻlida qoldirdi va oʻzi boshqa turmush qurib, alohida chiqib ketdi. Oʻshanda men 3 yoshda edim. 2006-yilda buvim olamdan oʻtdi. Shundan keyin biz onamning turmushga chiqmagan singlisi Alimova Masturaning qaramogʻida qoldik. Voyaga yetgach, Qozogʻistonning turli shaharlarida novvoychilik, ustachilik qildim, issiqxonalarda ishlab, pul topdim, tirikchilik qildim. Men Qozogʻistonda ishlab yurgan vaqtimda akam Asqarjon kelinoyim Dilafroʻz bilan oila qurishdi. Ular ham xolamning uyida yashashadi. Opam Ozoda esa turmushga chiqib ketgan. Oʻsha kuni oʻzim novvoy boʻlib ishlaydigan novvoyxonadan chiqib, qattiq charchaganim tufayli dam olish maqsadida toʻrt bokal pivo sotib olib, ichdim. Uyga kelganimda xolam televizor koʻrib oʻtirgan, kelinoyim esa oshxona ishlarini bajarayotgan ekan. Indamay, oʻzimga ajratilgan xonaga kirib ketayotganimda, xolam “Qachongacha ichib kelasan? Hozir hudud profilaktika inspektorini chaqiraman. Oʻzi bemor boʻlsam, meni qiynab yubording! Onangning erta oʻlib ketishiga sen bilan akang aybdor, endi navbat mengami? Uyimdan chiqib ket!” deb baqirdi. Spirtli ichimlik isteʼmol qilganim uchun bu gap menga qattiq taʼsir qildi. Oshxonaga kirib stol ustida turgan jigar rang sopli pichoqni olib chiqib, xolamga oʻdagʻayladim. Ammo xolam bundan choʻchimadi, aksincha “Soʻymoqchimisan, soʻy!” deb baqirdi. Uning bu gapi battar asabimni oʻynadi, chapaqay boʻlganim bois chap qoʻlimdagi pichoqni uning koʻkrak qafasiga urdim. Bu holat bir necha marotaba takrorlandi. Xolam kresloga oʻtirib qoldi. Shu payt uydan kelinoyim chiqib, “Nima qilib qoʻydingiz?” deb baqirdi. Uning bu gapidan keyin pichoqni yerga tashlab, koʻchaga chiqib ketdim. Koʻchada hudud profilaktika inspektorini koʻrib qolib, unga boʻlib oʻtgan voqeani roʻy-rost aytib berdim. Xolamni oʻldirish niyatim yoʻq edi, hozirda qilgan ishimdan chin koʻngildan pushaymonligimni hisobga olib qonuniy yengillik berishingizni soʻrayman..."

Mastura xola ham saratondan vafot etgan singlisining farzandlarini oʻz qaramogʻiga olganda hech qachon mehr berib, boshini silagan jiyani Zafarning bir kun kelib umriga zomin boʻlishi yetti uxlab tushiga ham kirmagan edi...

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, ibtidosi boʻlgan har bir ishning intihosi ham boʻladi. Sud majlisi davomida sud taraflarni fikrini eshitib, jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan dalillarga asoslanib, sudlanuvchi Karimboyev Zafarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 12 (oʻn ikki) yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Qachon, qayerda va qanday sodir etilganidan qatʼi nazar, jinoyat uchun jazo muqarrar.

Akramjon ARIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi
katta konsultanti