Daryo va ko'llarda saqlanayotgan suv hajmi 52 kilometr kub bo'lib, uning 39 kilometr kubi qo'shni davlatlarga oqib ketadi.

Suv zaxiralari To'xtag'ul, Kampirobod, Kirov, O'rtato'qay va boshqa suv omborlarida to'planib, ulardan yiliga O'zbekiston 25 kilometr kub, Xitoy 7, Qozog'iston 5 va Tojikiston 2 kilometr kub suv oladi.

Mamlakatda bu yil oqar suvlarning keskin kamayishi oqibatida poytaxt Bishkekda ham suv tanqisligi vujudga keldi. Qirg'iz rasmiylari buni qiziq holat bilan izohlashmoqda. Butun dunyoda, jumladan, Qirg'izistonda ham muzliklar erib borayotgani tashvish tug'dirayotgan bir paytda mamlakat parlamentida suv tanqisligiga aynan muzliklar erimayotgani sabab bo'layotgani keltirildi.

Bu qirg'iz va qozoq hukumatlari o'rtasida suv masalalari doirasida ko'p marotaba tilga olinayotgan Chu havzasidagi Kirov suv omboriga quyiladigan soy oqimining keskin kamayishida ham ko'ringan. O'tgan yilning mos davrida soniyasiga 13,7 metr kub hajmda suv keltirgan mazkur soyda hozirda soniyasiga 1 metr kub suv oqmoqda, xolos. Qirg'izistonning baland tog'liklarida o'tgan iyulda muz erishi, boshqacha aytganda, daryo va soy irmoqlarida glyatsial oqim deyarli yuz bermadi.

Dengiz sathidan 3,7 kilometr balandda joylashgan Tyan-Shan qirg'iz tog' meteokuzatuv punktida 14-15-iyul kunlarini hisobga olmasa, to'liq iyul oyida tungi minimum haroratlar +0 -2 daraja sovuq atrofida bo'ldi. Natijada muzliklarning erishi juda sekinlashdi.

Norin daryosi ham iyulda To'xtag'ul suv omborini soniyasiga 600-800 metr kub suv bilan ta'minladi. Vaholanki, iyunda Norin yuqori qismida soniyasiga 1500 metr kubgacha suv oqimi shakllanib, qariyib 15 kun davomida katta suv oqimi To'xtag'ul suv omboriga quyilgan edi.

Mutaxasislar hududlarda suv tanqisligini barqaror holatga qaytishi uchun kuz-qish mavsumlarida yog'ingarchilikning ko'proq bo'lishiga umid qilishmoqda, deyiladi t.me/uzb_meteo telegram sahifasida.