Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, dori-darmonlarga chidamli mikroblar har yili jahon bo‘yicha 5 million insonning hayotiga zomin bo‘ladi. Ularning yarim milliondan ziyodi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo 53 davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu safda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bor.

Ana shu jo‘g‘rofiy kenglikda joylashgan 14 davlatda o‘tkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha, bu hududda yashovchi aholining uchdan bir qismi antibiotiklarni shifokor reseptisiz qabul qiladi.

Dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal ko‘payishi va keng tarqalishiga imkon bermoqda. Oqibatda infeksiyalarni samarali  davolash jarayoni qiyinlashyapti.

Xavotirli jihati, bu holat zudlik bilan tartibga solmnmasa, 2050 yilga borib, dorilarga chidamli bakteriyalardan yillik o‘lim ko‘rsatkichi 10 millionga yetishi mumkin. 

Gʻarbiy Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi 14 mamlakatni qamrab olgan tadqiqotga jalb etilgan 8221 nafar respondentning yarmi o‘tgan yili antibiotiklardan foydalanganligini tan oldi. Eng yomoni, ularning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor reseptisiz sotib olgan. Hatto ba’zi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan yuqori.

Ishtirokchilarning 67 foizi antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish zararli ekanligidan xabardor. Ammo ularning deyarli yarmi bunday dorilar viruslarga qarshi kurashda samara beradi, degan yanglish xulosada.

— Ushbu o‘rganishlar aholining bunday preparatlar haqida xabardorligini yanada oshirish qanchalar dorzarb ekanligini anglatib turibdi,  —deydi JSST eksperti Robb Batler. — Qolaversa, mintaqamizdagi barcha mamlakatlarda antibiotiklarni shifokor reseptisiz sotishni taqiqlashga doir qonun-qoidalar mavjud. Faqat ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish lozim.