Qarorga koʻra, Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga oʻzgartirishlar kiritildi va pasportni tayyorlash muddati uzaytirildi.
Xususan, u obyektning murakkabligiga qarab:
- koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar uchun — 5 ish kunigacha (avval 3 ish kunigacha edi);
- yakka tartibdagi uy-joy uchun — 8 ish kunigacha (avval 5 ish kunigacha edi) boʻlgan muddatda tayyorlanadi.
Koʻchmas mulk obyektlarining yashash uchun moʻljallanmagan qismi va umuman koʻp kvartirali uy boʻyicha:
- umumiy maydoni 100 kv. metrgacha — 8 ish kuni;
- 100 dan 1000 kv. metrgacha — 10 ish kunigacha;
- 1000 dan 5 000 kv. metrgacha — 15 ish kunigacha;
- 5000 dan 15 000 kv. metrgacha — 20 ish kunigacha;
- 15000 dan 50 000 kv. metrgacha — 26 ish kunigacha;
- 50 000 kv. metrdan ortiq boʻlganda — 35 ish kunigacha muddatda tayyorlanadi.
Koʻp yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi boʻyicha quyidagi muddatlarda tayyorlanadi:
- umumiy maydoni 1 gektargacha — 15 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 1 gektardan 5 gektargacha — 20 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 5 gektardan 10 gektargacha — 26 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 10 gektardan 100 gektargacha — 35 ish kunigacha;
- umumiy maydoni 100 gektardan ortiq — 40 ish kunigacha.
Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilanishicha, Kadastr agentligi tegishlicha ijara va mulk huquqini eʼtirof etish maqsadida koʻrib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yigʻmajild hujjatlarini ushbu yer uchastkasi bino va inshootlar bilan band boʻlgan taqdirdagina avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtiradi. Bunda yer uchastkasining chegarasi koʻchmas mulk obekiga kirish qismidan boshlab aniqlanadi.








