баннер
25 Apr 2025
06:47

    10 milliondan ziyod aholi hayotiga daxldor hujjat

    Fuqarolarning oʻz mulkiga egalik huquqini bera boshladi

    Yurtimizda fuqarolarning oʻziga tegishli, ammo hujjatsiz yoki oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirilgan minglab yer maydoni va unda qurilgan uy-joy mavjud. Odamlar oʻzi foydalanib kelayotgan xususiy mulkni rasmiylashtirib olishi yillar davomida eng katta muammolardan biri boʻlib keldi. Bunga uy-joy yoki yerga oid hujjatlar yoʻqolib ketgani yoki notoʻliq ekani, fuqarolarning oʻz vaqtida murojaat qilmagani, qolaversa, ushbu yoʻnalishda tizimli ishlar bajarilmagani kabi koʻplab omillar sabab. Qolaversa, bu borada aniq huquqiy asos mavjud emas edi.

    Shu jihatdan davlatimiz rahbari 2024-yil 5-avgustda imzolagan “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun minglab yurtdoshlarimiz kutayotgan tarixiy hujjat boʻldi. Oʻtgan yili noyabrdan kuchga kirgan qonun asosida qisqa muddatda Kadastr agentligi masʼulligida mamlakatimiz boʻylab oʻrganish ishlari boshlab yuborildi. Dastlabki natijalarga koʻra, huquqiy hujjati yoʻq yoki notoʻliq 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkasi mavjudligi aniqlangan edi. Shundan soʻng Kadastr agentligi tomonidan viloyat hokimliklari taklifiga koʻra tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkilot xodimlari joylarga chiqib, xatlov jarayonini boshlab yubordi.

    Odamlar bu jarayonda katta qiziqish bilan ishtirok etyapti, minglab yurtdoshimiz oʻz mulklarini qonuniy rasmiylashtirish ishtiyoqida. Nihoyat saʼy-harakatning dastlabki ijobiy natijalari haqida xabarlar tarqaldi. Shu yil 1-aprelda Buxoro viloyati Jondor tumanida 5 fuqaroning uy-joy va yer uchastkasiga egalik huquqi rasman eʼtirof etilib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Bu boʻyicha Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining qarori qabul qilinib, kadastr hujjatlari oʻz egalariga tantanali topshirildi.

    Bu nafaqat mulk egalari, balki boshqa yurtdoshlarimizni ham quvontirdi. Xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, koʻpchilik “Mana buni yangilik desa boʻladi! Endi hamma oʻz uyiga egalik qiladigan boʻlibdi. Shunday xushxabarni boshqa hududlardan ham kutib qolamiz”, degan izohlar qoldirmoqda.

    — 2005-yildan buyon oilamiz bilan birga shu xonadonda yashab kelamiz, — dedi Jondor tumani “Oqtepa” MFYda yashovchi Ozod Hakimov. — Uyimiz borligiga qaramay, unga egalik huquqimiz yoʻq edi. Shu bois, 20 yildan buyon uy-joyimiz, tomorqamizning xat-hujjati yoʻqligidan qiynalib kelayotgandik. 2019-yilda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan turar joy va yerlarga kadastr hujjati berish boʻyicha aksiya oʻtkazilgandi, bundan foydalana olmadik. Keyinroq Prezidentimiz tomonidan qonun imzolanib, kuchga kirdi. Kadastr xodimlarining oʻzi xonadonimizga kelib, xatlov ishlarini bajardi. Buning uchun biz hech qayerga yugurib, ovora boʻlmadik. Bir muddat oʻtib, 396,25 kvadrat metr bino-inshoot maydoni uchun mulk huquqi eʼtirof etilgan qaror qoʻlimizga topshirildi. Yigirma yillik niyatimiz amalga oshganidan juda quvondik.

    Boshqa hududlarda jarayon qanday?

    Endi bu fuqarolar oʻz mulkining qonuniy egalariga aylandi. Shu bilan birga, ularda oʻz uy-joyini boshqa shaxsga hadya qilish yoki sotish, oila aʼzolarini doimiy roʻyxatga qoʻyish kabi huquqlar ham paydo boʻldi. Qolaversa, uyini taʼmirlash yoki qoʻshimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilsa, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin.

    Minglab yurtdoshimiz ana shunday huquqqa ega boʻlish istagida. Qonunda ham bu jihat nazarda tutilgan boʻlib, 2028-yilga qadar hujjatlashtirish ishlarini toʻliq yakunlash belgilangan. Buning uchun Kadastr agentligi xodimlari mahallalarda boʻlib, har qanday ob-havo sharoitiga qaramay, xatlov ishlarini bajaryapti. Qonun bilan 8 toifadagi obyektlar uchun mulk huquqini rasmiylashtirishga ruxsat berilgan. Ular 2018-yil 1-mayga qadar oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlar, maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan uy-joylar, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan mulklar va hokazoni oʻz ichiga oladi.

    Qonunda “oʻzboshimchalik bilan egallangan” degan jumla alohida qayd etilgan boʻlib, bu koʻpchilik tushunganidek, noqonuniy egallab olingan yer yoki uy-joyni anglatmaydi. Gap shundaki, qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “oʻzboshimchalik bilan egallangan” degan taʼrif qoʻllanadi. Masalan, oʻtgan asrda ajratilgan yerning koʻpi shunday holatda, yaʼni qaysidir sababga koʻra hujjati saqlanib qolmagan, butunlay yoʻq boʻlib ketgan. Ularning barchasi tegishli tartibda oʻrganilib, qonuniy yechimlari beriladi.

    Biroq bu barcha hujjatsiz mulkka egalik huquqi eʼtirof etiladi, degani ham emas. Bu boʻyicha qonunda asosiy shartlar va talablar aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan boʻlishi, yer boʻyicha nizo boʻlmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.

    Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar hamda hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Bu tizimga 18 ta vakolatli tashkilot ham tegishli maʼlumotlarni kiritadi. Toʻplangan hujjatlarning toʻliqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijasi mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Ijobiy xulosa chiqqan fuqarolarga SMS xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik toʻlov toʻlaganlarning egalik huquqi har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori asosida eʼtirof etiladi.

    Hujjatsiz mulkka kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish aniq tartib asosida oʻrganilib, bir necha bosqichda koʻrib chiqiladi. Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda muhokamadagi hujjatlar soni 59 ming 30 ta, jamoatchilikka eʼlon qilinganlari 11 ming 56 ta, koʻrib chiqilayotganlari 438 ta, jarayondagi yerlar soni 637 ta, eʼtirof etilganlari esa 5 ta.

    — Qonun asosida yurtimiz boʻylab xatlov ishlari muntazam va faollik bilan bajarilyapti, — deydi Kadastr agentligi direktorining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Neʼmatjon Otamurodov. — Buning uchun 4 mingdan ziyod kadastr xodimi jalb qilingan. Xatlov natijasi barcha davlat idoralari integratsiya qilingan yagona platforma — etirof.kadastr.uz saytiga kiritib borilmoqda. Yurtdoshlarimiz mazkur ochiq tizim orqali jarayonni bevosita kuzatishi mumkin. Agar fuqaroning mahallasida xatlov oʻtkazilgan boʻlsa, ana shu jarayon va bu boʻyicha davlat idoralarining xulosalari, ochiq xaritadan yer maydonining chegarasini koʻrib, hatto oʻz eʼtirozini roʻyxatdan oʻtgan holda yoki elektron kalit orqali kirib qoldirishi uchun imkoniyat yaratilgan. Boisi, xatlov jarayoni oʻz muddatida oʻtishi nafaqat kadastr xodimlari, balki yurtdoshlarimizga ham bogʻliq. Ulardan jarayonda faol ishtirok etish soʻraladi. Jumladan, xatlov oʻtkazilayotgan mahallalardagi xonadonlarda yoshi katta, kadastr hujjatlaridan xabardor odamlar boʻlsa, maʼlumotlarni toʻgʻri va toʻliq olishda kadastr xodimlariga yordamlashsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Sababi, bir mahallani tugatmay turib, boshqasiga xatlovga oʻtilmaydi. Maʼlumotlar qancha tez toʻplansa, ish shuncha tezlashadi. Jarayonda minglab yurtdoshimizning oʻz mulkiga egalik huquqi qonuniy eʼtirof etilib, xalqimiz xatlov natijalaridan mamnun boʻladi.

    Bu amaliyotning qiymatini yillar davomida oʻz uyida yashab turib, mulkning egasi ekanini tasdiqlovchi hujjatlarga ega boʻlmaganlar yaxshiroq anglaydi. Eʼtiborlisi, yurtimizda bunday odamlar oʻn yoki yuz kishi emas, balki minglab ekani hisob-kitob qilingan. Buning ortidan boshqa yoʻnalishlarda ham yuzaga kelgan muammolarning oxiri koʻrinmaydi.

    Mazkur qonun ijrosi qatʼiy nazoratga olingani, maqsad aniq natijaga erishish ekani boisi shunda. Mazkur tarixiy harakat ortidan fuqarolar va tadbirkorlarning mulkka egalik huquqi tan olinadi. Bozorda qonuniy kapital aylanmasi paydo boʻladi. Odamlar oʻrtasidagi mulkiy nizolar, jumladan, meros bilan bogʻliq nizolarga yechim topiladi. Shuningdek, doimiy roʻyxatga qoʻydirish, moddiy yordam olish, maktab, bogʻchaga joylashtirish kabi ijtimoiy muammolar hamda bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash boʻyicha masalalar ham hal boʻladi. Bunda adolat va shaffoflikni taʼminlashga birlamchi vazifa sifatida qaralmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech