“Haqiqat fikrlar almashuvining oqibatidir. Fikr fikrga doya. Inson inson bilan, suhbatu anjumanlar bilan tirik, barhayot. Baliqning vatani ummon boʻlgani kabi odamning vatani – uni tushungan, uning soʻzlariga quloq tutguvchilar orasindagi sershavq mashvarat onlaridadir. Xossatan, suhbatdoshing aytqoningni ziyrak ilgʻasa, fikr almashuvchilar posangisi teng kelsa munozara magʻzi quyuqlashar. Shu qabilda kalavaning yipi topilgani sari soʻz soʻzga, jumla jumlaga, mavzu mavzuga ulanadi. Ichingda qaynab-toshayotgan dardlaringni xumordan chiqaroq toʻkasan, sochasan! Bilʼaks tinglamoq, toʻgʻri uqmoq qasdidagi insonlar boʻlmasa aytqon soʻzlaring zoye”, deydi taniqli yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad “Umid guli” nomli hikoyasida.
Darhaqiqat, davr mezonlari va haqiqatlari fikrlashuv va qizgʻin munozaralar jarayonida oydinlashadi. Suhbatdoshimizning mutolaa zavqi, kitobxonlik borasida bildirgan mulohazalari shu mavzuda bizni oʻylantirayotgan baʼzi savollar va muammolarga javob boʻlsa, ajab emas.
– Xurshid aka, bir suhbatingizda ijodni mubtalolik, deb taʼriflagansiz. Nazarimizda, asl kitobxonlar ham mubtalodirlar. Mutolaa quvvati ijodning tani, joni, ruhi, inson yuragiga najot bagʻishlovchi shuʼlaga oʻxshaydi...
– Kitobga boʻlgan muhabbat yigit-qizlar oʻrtasidagi muhabbatga oʻxshaydi. Har bir inson oʻz kasbiga, sevgan mashgʻulotiga, sevimli insoniga mubtola boʻlgan singari chin kitobxonlik ham mubtalolikdir. Biz yozuvchilar ham chin maʼnoda kitobga ashaddiy mubtalomiz. Oʻqilmagan kunimiz umrimizning boy berilgan kunlaridir. Bir yaxshi koʻrgan sheʼrimizdan toʻrt qator oʻqib qoʻysak ham koʻngilimiz yayraydi, qalbimiz uygʻonadi, insoniy tuygʻularimiz charxlanadi, birovlarga yaxshilik qilgimiz kelib qoladi. Oʻqiyotgan odam tafakkur qiladi, insongina tafakkurga ega.
Kishi yaxshi bir kasb-kor, hunar egasi boʻlishi mumkin, moddiy boyligi yetarlidir, biroq mutolaasiz hammasi kemtik, kitob oʻqib qalbini tarbiyalamasa, mubtaloligini asrab-avaylamasa komilligiga putur yetadi. Yozuvchi Tohir Malik koʻpincha “Biz oʻquvchi emas yozuvchimiz, yozuvchi odam oʻqishi shart emas”, deya tagdor hazillashardi. Oʻqimagan odam yozadimi?! Yozuvchi hayotining yarmi yozish, yarmi oʻqishdan iborat, jiddiy oʻqish esa bu mehnat. “Oʻtkan kunlar”ni yoki “Qutlugʻ qon”ni, “Ulugʻbek xazinasi”ni oʻqish oddiy kitobxon nuqtayi nazaridan oʻqish boshqa, yozuvchi nuqtayi nazaridan butunlay boshqa mutolaa. Shu kunlarda Abdulla Qahhorning hamma asarlarini ikki karra qayta oʻqib chiqdim. Hayotim davomida qayta-qayta oʻn besh martalab oʻqigan kitoblarim bor. Hozir Abdulla Qahhorning uy muzeyidan kelayapman. Ikki soatdan ortiq oʻsha yerda oʻtirdim, oʻqidim. Oʻzimizcha Abdulla Qodiriyni, Abdulla Qahhorni yaxshi bilaman, deb oʻylaymiz. Bundan yigirma yil, oʻttiz yil oldin “Oʻtkan kunlarni”, “Sarob”ni oʻqiganlarimiz butunlay boshqacha taassurotlar taqdim etgan boʻlsa, bugungi kun odamlari koʻzi bilan qarasak, yangi bir asar oʻqiyotgandek boʻlamiz. Hayotimiz oʻzgaryapti, odamlar oʻzgarmoqda, lekin bundan bir necha yillar oldin yozilgan asarlarning mohiyati oʻzgarmagan, taʼsir kuchi, zamon bilan hamqadamligi oʻzgarmagan, moʻjiza bu.
Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfilarni sevib oʻqimaslikning iloji yoʻq. Bu esa mubtalolikka qoʻyilgan birinchi qadamlar, mutolaaga oshiqlikning boshlanish nuqtasi boʻlsa, ajabmas. Ikki misra bir qadam, u yogʻi endi kitobsevarlik... Mahmudxoʻja Behbudiy ziyoli boʻlishni orzu qilgan inson kamida toʻrtta tilni bilishi kerak, degan ekan. Hozirgi kunda oʻnta tilni bilsangiz ham kamlik qilyapti. Yuz yil oldin Behbudiy bugunimiz haqida bilgan ekan-da. Oʻz ona tilimizda, rus tilida oʻqiganimiz oz, asarlarni originalda oʻqigimiz keladi. Nashr etilayotgan kitoblarning sanogʻi yoʻq, misoli cheksiz ummon, tubsiz dengiz. Qani edi odam ming yil yashasa, xudo ming yil umr bersa-yu, oʻsha umrning sakkiz yuz yilini kitob mutolaasiga bagʻishlasang. Ojiz va osiy bandaning ushalmas orzusi bu.
Eng yaxshi kitobxonni qanday tasavvur qilasiz...?
Men oʻzimni soʻzga, kitobga, adabiyotga munosabat borasida Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovning shogirdiman deb bilaman. Umrim davomida bu insonga teng keladigan kitobxonni koʻrmadim. Eng nufuzli adabiyotshunoslar ham jahon adabiyotini asosan Gʻarb va Sharqqa boʻlib tadqiq etganlar. Ibrohim Gʻafurov esa Gʻarbu Sharqning benazir oʻquvchisi, har ikki tomon asarlarini yurak tomiridan oʻtkazib his etuvchi bilimdon kitobxon. Ustoz Dostoyevskiy, Xeminguey, Joys, Markes, Mopassan, Turgenev, Aytmatov singari daho ijodkorlarning eng sara asarlarini xalqimizga yaqindan tanishtirdi. Joysning “Ullis” asarini oʻqishning, tushunishning oʻz har qanday yozuvchiga oson boʻlmaydi. Uning ruhiga kirish uchun oʻn martalab oʻqish kerak, jahon adabiyotidagi eng murakkab asar tarjimasini haqiqiy maʼnoda maʼnaviy jasorat desak mubolagʻa boʻlmas. Ibrohim Gʻafurovning “Mangu latofat” kitobida “Millatning billurlanishi” degan sarlavhali maqola bor. Bu billurlanishning bosh mezoni kitobxonlik va mutolaadir....
Ustozning kitobga, mutolaga tashnaligi, eng sara kitoblarni topib oʻqishga doʻstlari, umuman barcha kitobxonlarni muntazar undar edi.
... SUMning yonidagi doʻkonga Bekketning esselari keladigan, shundan xabardor boʻlib turaylik... Veresayevning Gogolga, Pushkinga bagʻishlangan tadqiqot-asarlarini oʻqish kerak... Talabalar shaharchasi yaqinidagi eski kitoblar doʻkonida Nabokovning “Drugiye berega”si chang bosib yotibdi, oʻqishni tavsiya qilaman... Mishel Uelbekning toʻrtta romanini oʻqidim, tafakkur sarhadsizligi, uslub xilma-xilligini koʻrishni istasangiz oʻqing.., degan daʼvatlari bilan qanchadan-qancha kitoblarni oʻqishimga sababchi boʻlgan. “Meni kitob tarbiyalagan, birinchi ustozim kitob. Men kitobga ishonaman, kitobga boʻlgan muhabbatimni hech qachon oʻzgartirmayman”, degan qatʼiy qarori bor. Bu ishonch eʼtiqod bilan chambarchas bogʻliq.
Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Temur Poʻlatovdek benazir kitobxonlar bilan suhbatlashib dunyoni kezib chiqqandek boʻlardim. Ular sizni katta aql egalari bilan, isteʼdodlar bilan tanishtiradi. Istagan kutubxonasiga, istagan xonadoniga olib kirib doʻstlashtiradi. Men Ryunoske Akutagavaning kimligini qayerdan bilar edim, mana shunday ulugʻ kitobxonlar tanishtirganlaridan soʻng uning muxlisiga aylandim qoldim. Kendzaburo Oening ijodiy labarotoriyasini, Kobe Abening uslub va tafakkur dunyosini, Yasunari Kavabata ilhom asrorlarini mutafakkir oʻquvchilar taʼsirida angladim. Markes, Kortasar bilan shunchaki qadrdon boʻlib qolmaganman, bunga ham sababchilar boʻlgan. Mening eng yaqin doʻstlarimdan biri Fyodor Dostoyevskiy. Uning olamdan oʻtganiga ham yuz yillardan oshib ketdi, lekin u qadrdon ogʻaynim. Dostoyevskiy istagan odam bilan doʻst boʻlaman, deb qoʻllarini choʻzib turibdi. Buyuk inson yozganlarimni oʻqisang oʻzingni bilasan, xalqingni taniysan, demoqda. Oʻzbeklarni bilmoqchi boʻlsang Lotin Amerikasi xalqlari yozuvchilarini oʻqigin. Azaliy savollarga javobni ularning yozganlaridan topasan...
Davlatimiz rahbari yillar davomida islohotlar uchun intilayapti. Eng katta islohot odamning qalbidan, ongidan, tafakkuridan boshlanadi. Avvalo, insonning ruhi yangilanishi kerak. Kitob oʻqimagan odamning ruhi qanday yangilansin axir. Shuning uchun kitob tanlovlari oʻtkazilib gʻoliblarga katta-katta sovgʻalar berilayapti. Men ham oʻsha tanlovlarda jyuri aʼzosi sifatida ishtirok etdim, ochigʻi havasim keldi. Oʻn toʻrt, oʻn besh yoshli yigit-qizlar 400 ta 500 ta kitob oʻqiganman demoqda. Ana shunday ilmli yoshlarni koʻrsak dilimiz yorishib ketadi, boshimiz osmonga yetadi, koʻnglimiz oʻsadi.
— Siz nafaqat taniqli yozuvchi, shu bilan birga yaxshi kitobxonsiz. Shu maʼnoda haqiqiy kitobxonda ularni xarid qilish, noyob asarlarni topib mutolla qilish, ayni paytda uni qizgʻonish bilan bogʻliq kechinmalar ham boʻladi.
— Ish yuzasidan taniqli faylasuf olim, jamoat arbobi Sulaymon Azimovning kutubxonasida boʻlib, oʻzimni xuddi kitoblarning moviy dengiziga tushib qolgandek his etganman. Kitoblarga liq toʻla javonlar, qadimgi yunon tarixidan tortib mamlakatlar tarixi, adabiyot, falsafa, sanʼat, pixologiya, siyosatshunoslik, huquq, notiqlikka oid kitoblar, qomuslar hammasi chinakam moʻjiza boʻlib koʻringan. Domlaning zich qilib taxlangan kitoblari orasidan Aleksey Losevning “Estetika Vozrojdeniya” kitobini sugʻurib olib varaqlay boshlaganman. Bir-ikki jumla oʻqiboq kitobga shunchalar sehrlanib qolganmanki, qani edi shu kitob sizga, deb yuborsalar degan ilinj vujudimni egallab olgan. Qiziqishim zoʻrligidan xayolimdagi shumlikni tilimga ham chiqarganman, domla, kitobni oʻqishga berib turish madaniyatiga qandaysiz, degan savolimga “menda unday madaniyat shakllanmagan”, deya keskin javob bergan. Mana sizga kitobga muhabbat va kitobni qizgʻonish tuygʻusi. Domlaning yana bir gapi hech esimdan chiqmaydi, oʻshanda u kishi men kitoblar bilan tirikman, degan edi. Javonidagi kitoblarning deyarli hammasining hoshiyasiga qoralama belgi-alomatlar, luqmalar, taʼkidlar, tahliliy fikrlar, tanqidiy mulohazalar yozib chiqqan ediki, mana shu bitiklarning oʻzi kitob haqida kitob boʻlgudek edi. Keyinchalik bu uchrashuvimiz haqida maqola ham yozganman. Navbatdagi safar koʻrishganimizda domla “Estetika Vozrojdeniya”ni menga oʻz dastxati bilan sovgʻa qildi.
Kitobsevar-kitobyigʻarlardan biri Murod Xidirning uyi bamisoli kutubxona edi. Ularni koʻrib koʻzingiz quvonadi. Biroq kitobga oʻta qizgʻonchiq boʻlgan Murod Hidir hech kimga kitob bermas ekan. Bir kuni uyiga borganimizda Sartrning “Slova” deb nomlangan yupqagina kitobini oʻqishga berib turing, deb soʻraganman. U qatʼiy ohangda, yoʻq deb turib olgan. Avvaliga hazillashayapti deb oʻyladim, qarasam jiddiy, bir haftada aniq qaytarishimni aytsam ham kunmadi. Qattiq xafa boʻlganman. Doʻstlar bilan bir gurungda astoydil ranjiganimdan mana shu qizgʻonchiqligini aytib yuboribman. Bir kuni ishdan qaytib kelsam och qizgʻish muqovali “Slova” ni kimdir uyimizga tashlab ketibdi. Bu kitob oʻsha voqeani kimdandir eshitib qolgan yozuvchi doʻstimiz Olim Otaxonning sovgʻasi edi.
Kitobga boʻlgan ishonch yoʻqolsa, kitob mutolaasiga boʻlgan muhabbat yoʻqolsa bu dunyo gʻariblashib qoladi. Baʼzi bir odamlar istehzo bilan, kulimsirab bizni “kitobiy” deyishadi. Bizning kitobiy fikrlarimiz ularning “hayotiy” fikrlaridan ming karra hayotiyroq, jozibaliroq. Marhamat qilib kitob oʻqigin, qalbing zarralarini chertib, ruhingni uygʻotib yuborsin rohat qilasan, oʻzingni boshqa odam deb his etasan.
– Agar bir kitobxon kuniga 50 sahifadan oʻqisa, 50 yil davomida oʻrtacha 300 betli kitobdan 3 mingta mutolaa qilarkan. Birgina Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonamiz 7,3 million kitob fondiga ega. Kutubxonada kuniga oʻntadan kitobni koʻzdan kechirib chiqsak ham ularning hammasini varaqlab koʻrish uchun 2000-yil vaqt sarflashga toʻgʻri kelar ekan. Inson umri kitoblar sanogʻi oldida qanchalar qisqa. Onore de Balzak har qanday romanni yarim soatda oʻqib tugatgan ekan. Sizning oʻqish tezligingiz va uslubingiz qanday?
– Doimo yonimda kitob yuradi, bir yoʻla ikki-uchta kitob oʻqiyman. Ming afsus, boshqalardek tez oʻqish sir-asrorlarini oʻrganmadim. Oʻqigan har qanday kitobimga chizib, belgilar qoʻyib, taassurot va fikrlarimni qogʻozga tushirib oʻqishga harakat qilaman. Bolalik yillarimda, yoshligimdan qanchadan-qancha asarlar oʻqimay, haqiqiy jiddiy kitob oʻqishni oʻttiz yoshlarimda oʻrgangandekman. Hayotimda jiddiy oʻzgarish yasagan kitob “Estetika povedeniya” (“Hulq-atvor nafosati”) maqolalar toʻplami boʻlgan desam xato qilmayman. Bu kitobni uch marta qayta-qayta oʻqiganman. Mening feʼlimni, dunyoqarashimni tubdan oʻzgartirgan kitob shu. Hatto jurnalistika fakultetidagi saboqdosh doʻstlarimni ham shu kitobni oʻqishga majburlagan paytlarim boʻlgan. Men bu kitobni “Farosat kitobi”, “Nazokat kitobi” degan boʻlardim, uni oʻzbek tiliga tarjima qilib, har bir kelinning sepiga qoʻshib qoʻyishni taklif etardim.
Oʻzbek adabiyotiga oid hamma kitoblarni bitta qoʻymay oʻqiganman desam ishoning. Moskvada, shuningdek, Boltiqboʻyi Respublikalari, Gruziya, Ozarbayjonda nashr etiladigan adabiy-badiiy gazeta-jurnallarga obuna boʻlar edim. Ayrim maqolalarni erinmay daftarga koʻchirib yozib chiqqanman. Meni haqiqiy maʼnoda aqldan ozdirgan asarlar F.Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba” romanlari. Adibning “Bechora kishilar”, “Oʻlik uydan maktublar” romanlari badiiy asar haqidagi tushunchalarimni ustin-ustun qilib yuborgan. Leonid Andreev, Andrey Platonov, Akutagava Ryunoske, Kendzaburo Oe, Stefan Sveyg yana keyinroq Frans Kafka, Alber Kamyu, Lotin Amerikasi adabiyoti namoyondalarining betakror asarlarini saboqdosh tengqurlarim bilan talashib-tortishib oʻqiganmiz. Dogʻistonliklarning Rasul Hamzatovi, qirgʻizlarning Chingiz Aytmatovi, ozarlarning Anori, armanlarning Grant Matevoyasani, gurjilarning Nodar Dumbadzesi safida qaddini gʻoz tutib turadigan adibimiz Temir Poʻlatov nasridan ham koʻp taʼsirlanganman. Bir vaqtlar uning har bir asaridagi voqeliklar, qahramonlar tasvirini yoddan aytib bera olardim. Umrning har bir lahzasidan unimli foydalanish, qimmatli fursatlarni mutolaaga bagʻishlash ogʻrigʻi hamisha qiynaydi.
Nashriyotlardan birida hali dunyo yuzini koʻrmagan, oʻzining chop etilish muddatini toqat bilan kutib yotgan bitiklar orasidan Najmiddin Komilovning “Tasavvuf” deb nomlangan qoʻlyozmasini topib olganman. Chang bosib yotgan asarni katta qiziqish bilan oʻqib chiqdim, tasavvurimdagi dunyo tamomila oʻzgardi. Qaytadan tugʻilgandek, oʻqishni, harflarni qaytadan oʻrgangandek, kitob oʻqish mashqini qaytadan kashf etgandek edim. Komillik sirlarini oʻrganish orzusi qalbimni butunlay ishgʻol etgan edi. Oradan bir necha yil oʻtib oʻsha qoʻlyozma kitob holida chop etilgach yana qayta oʻqidim va angladim tasavvuf taʼlimoti butun insoniyat tafakkurini ilohiy neʼmat sifatida bir nuqtada jamlaydi. Odamlarni dunyoviy nafs zanjirlaridan ogoh etib ilohiy Uygʻonish choʻqkilariga yetaklaydi…Oʻsha kezlar tasavvuf ilmiga doir N.Komilovning ikki jildlik kitobidan boshqa hech narsa topolmas edik, hozir allomalarning qator-qator bitiklari, koʻplab tarjima asarlar mavjud, ularning hammasini oʻqiging keladi. Yana bir narsani aytishim kerak, adiblarning besh jild, oʻn jild, oʻttiz jildlik saylanma asarlari bor, haqiqiy kitobxon shularning hammasini bir boshidan qoldirmasdan oʻqishga odatlanishi kerak. Shunda yozuvchi dunyoqarashining evolyutsiyasi aniqlashadi. Onore de Balzakning mutolaasini boshladikmi 30 tomini erinmasdan oʻqish kerak. Lev Tolstoyni oʻqishni boshlasangiz 90 jildigini diqqat-eʼtibor bilan koʻzdan kechirib chiqish uchun qancha vaqtingiz ketsa ham ayamasligingiz, chidam va zavqni uygʻunlashtirib oʻqishingiz lozim. Hali bir martalik oʻqish haqida gapirayapmiz. Ikki marta oʻqish uchun umrimiz vafo qilarmikin? Dunyoda kitoblarning sanogʻi yoʻq, lekin bir vaqtlar oʻqigan asarlaringizni yana sogʻinasiz, qayta oʻqishni istaysiz, oʻsha qahramonlar xayoli bilan yashagingiz, sevimli yozuvchingiz bilan suhbatlashgingiz keladi. Hayotning juda katta paradoksi bu. Bir umrda qancha kitob oʻqish mumkin, mutolaaning oxiri yoʻq, ulgurish kerak, ulgurish...
– Ayni lahzalarda yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammadning shaxsiy kutubxonasini xayolan tasavvur qilishimiz uchun imkon berib, u haqda oʻzingiz soʻzlab bersangiz?
– Shaxsiy kutubxonanimning eng katta muammosi joy masalasi. Har kuni koʻchadan uyga kirib borishimizda, albatta qoʻlimizda ikkita kitob boʻladi. Umr yoʻldoshim qoʻlimdagi kitoblarni koʻrib endi bularni qayerga joylaysiz, deb taajjublanadi. Xonadonimizda cherdak ham, bolaxona ham, yoʻlak, yertoʻla ham, mehmonxona, yotoqxona ham kitob bilan toʻla. Bular mening hayotda topgan eng katta mulkim, boyligim. Orasida oʻqimaganlarim ham bor boʻlishi mumkin. Asqad Muxtorning yaxshi gapi bor. Sotib olgan kitoblaring emas, oʻqigan kitoblaring seniki, deydi adib. Kutubxonamda Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovlarning dastxat yozib bergan kitoblari bor. Erkin Vohidovning deyarli barcha kitoblarida dastxat bitilgan. Rahmatli Ozod Sharafiddinovning uyidagi yuzlab kitoblarda dastxat boʻlardi, koʻrib havas qilardim. Shunday paytlar boʻladiki, bir kitobni toʻrt-besh marta oʻqishga toʻgʻri keladi. Agar Erkin Vohidovni sogʻinsam u kishining kitoblarini, Halima Xudoyberdiyevani sogʻinasam opaning sheʼrlarini bir varaqlab qoʻysam ham koʻnglim taskin topadi. Rauf Parfi, Asqad Muxtor iztiroblarga toʻla sheʼrlarini qay holatda yozgan boʻlsa oʻsha holatga yaqin kechinmalar qalbimdan oʻtadi. Omon Matjonning falsafalari osmondan tushmagan, tasodif emas. Bir insonning butun vujudi bilan oʻqigan, oʻrganganlarining mahsuli, xulosasi, hosili. Kitob bilan ishlash eng huzurli ish. Yaxshiyam insonga shu baxt ato etilgan. Men kitobsevar odamlarni yaxshi koʻrib ketaman. Bagʻrimga bosib quchgim keladi. Kitobni yaxshi koʻrman, desa ol deyman, xohlaganingni olib oʻqi. Baʼzisi qaytadi, baʼzisi qaytmaydi. Qaytmagan arzanda kitoblarim ham bor. Nachora, qismat ekan, chidayman, alamimdan tilimni tishlayman. Baribir uyimga kimdir kitob soʻrab kelsa yoʻq, deya olmayman. Shunday tanishlarim, qarindoshlarim borki, muntazam kitob almashib oʻqib turishadi, men ularni nihoyatda hurmat qilaman. Mutolaasiz insonning hayoti nihoyatda zerikarli, tasavvur qilib boʻlmas darajada gʻaribdir. Odamlar mana shu haqiqatni his etsalar, anglasalar edi. Eng katta kashfiyot nima boʻlardi, bilasizmi? Insonlarda kitobga muhabbat uygʻotadigan bir eleksir ishlab chiqarilsa edi, boshqa hamma muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻlib ketar edi.
Bugun yoshlarimizning qoʻlidagi telefonda butun dunyo kaftdek namoyon. Ochigʻi, telefon orqali oʻqish ham kerak, lekin bu jiddiy mutolaa emas. Uyali aloqa vositalarini cheklashning imkoni, iloji, hojati ham yoʻq, u ham oʻz vazifasini oʻtashi shart. Qoʻliga kitob olib, iloji boʻlsa tagiga chizib, alohida bir daftarga yozib oʻqish bu mutloqo boshqa taassurot. Hozir dunyoda elektron nashrlar bilan bosma nashrlarning qaysidir darajada raqobati kechayapti. Bizning avlod vakillari bosma nashr, gazeta, jurnalsiz hayotlarini tasavvur eta olishmaydi. Gazeta, jurnal oʻqigan va oʻqimagan odamlarning madaniyati, ichki dunyosi, qarashlari, fikrlashida keskin farq bilinadi. Oʻqimaganlarning oʻzlari bu kamchiliklarini bilmasliklari mumkin, chunki ular oʻz ayblarini anglamaydigan odamlar...
– Xalqimizga tortiq etgan asarlaringiz va bugungi samimiy suhbat uchun tashakkur.
Dildora MARDIYEVA suhbatlashdi.









