Birgina kambagʻallik muammosini olaylik. BMT maʼlumotiga koʻra, bugun­gi kunda dunyoda 1 milliard 100 million aholi kambagʻallikda umr kechirmoqda. Bu dunyoda shuncha aholi oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, tibbiy xizmat va taʼlim olish bilan bogʻliq ehtiyojini qondirish uchun yetarli daromad va resurslarga ega emasligini anglatadi. Tabiiyki, bu toʻla­qonli hayot kechirishga toʻsqinlik qiladi. Bundan, eng avvalo, aholining zaif qatla­mi — bolalar, nogironligi bor insonlar aziyat chekyapti. Yer yuzida kuzatilayotgan iq­lim oʻzgarishlari, suv tanqisligi, pande­miyalar, dunyodagi geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik bu jarayonlarni yana­da qiyinlashtirmoqda.

Ushbu holatlarni bartaraf etish, dunyoda tenglik va adolatni taʼminlash uchun BMT tomonidan Barqaror rivojlanish maqsad­lari haqida muhim hujjat qabul qilingan. Unga koʻra, 2030-yilgacha global miqyosda kam­bagʻallikka barham berish ushbu maqsadlar­ning birinchisi sifatida belgilab olingan. Mazkur tamoyillarni roʻyobga chiqarish barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, jahon hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qoʻyib, ularga yechim topish boʻ­yicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida kechayotgani har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishga koʻmak berish, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qi­layotgani bilan ahamiyatlidir. Bu borada odamlarning haq-huquqini himoyalash, mu­nosib ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qa­ratilgan ulkan ishlar qilindi. Jumladan, kambagʻallikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy hara­katga aylantirildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiya­lar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻl­masligi qatʼiy belgilab qoʻyildi. “Kamba­gʻallikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilayotgani har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik olib kirdi. Yurtimizda bu yoʻnalishda ishlar boshlanganida aholimizning uchdan bir qis­mi kambagʻallik chegarasida yashagani va 2025-yil yakuniga kelib kambagʻallik darajasi 5,8 foizga tushgani islohotlar samarasini yaq­qol namoyon etadi.

Albatta, qisqa vaqtda bunday natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Oʻtgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra oʻsgani bu borada muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Bunday keng koʻlamli saʼy-harakatlar hiso­biga Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻal­likni qisqartirish boʻyicha zimmaga olingan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda 2025-yil bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil etib belgila­nib, aniq va tizimli ishlar amalga oshiril­di.

Prezidentimiz parlament va xalqimizga Murojaatnomasida bu jabhadagi islohotlar samarasi xususida toʻxtalib, “Biz kambagʻal­likni qisqartirish masalasini umummil­liy harakatga aylantirdik. Takror aytaman, oʻtgan davrda 8,5 milliondan ziyod aholini kambagʻallikdan chiqarishga erishdik. Asosiy maqsadimiz — odamlarimizni doimiy daro­madli qilishdan iborat. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish­ga, mazmunli dam olishga, bir soʻz bilan ayt­ganda, farovon yashashga intiladi”, dedi.

Kambagʻallikka barham berishda eng toʻgʻ­ri yoʻl taʼlim ekanini hayotning oʻzi yaqqol namoyon etmoqda. Bu yoʻnalishdagi tadqiqot­larga koʻra, yuqori maʼlumotlilar quyi maʼ­lumotga ega boʻlganlarga nisbatan koʻproq ish haqi oladi. Shu bois, taʼlim tizimiga inson kapitalini rivojlantirish va kamba­gʻallikni qisqartirishning asosiy drayveri sifatida ustuvor eʼtibor qaratilmoqda. Bu jabhadagi saʼy-harakatlar samarasida mak­tabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foiz­ga oshgani natijasida 1 million ayol taʼlim olish, kasb-hunar oʻrganish va daromad topish imkoniga ega boʻldi. Har bir kambagʻal oilada kamida 1 nafar oliy maʼlumotli yigit yoki qiz boʻlishi uchun imtiyozli taʼlim krediti va davlat grantlari koʻpaytirilyapti.

Kambagʻal aholini shunchaki ishga joy­lashtirish emas, balki doimiy ish oʻrinla­rini koʻpaytirib, odamlar barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratilyapti. Oʻzbekiston dunyoga ochilgani va faol investitsiya siyosati tufayli iqtisodiyoti­mizga jalb etilayotgan sarmoya oshib, yuqori daromadli ish oʻrinlari koʻpaymoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga tadbir­korlar barqaror biznesiga ega boʻlmoqda. Eʼtiborlisi, davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa oʻziga ijtimoiy masʼuliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishga koʻmaklashyapti.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2025-yil 1-noyabr holatida 1 million 540 mingta oila oʻrganilib, shundan 717 mingtasi, yaʼni 3 million aholi “Kambagʻal oilalar reestri”­ga kiritildi.

Har bir oila boʻyicha individual yonda­shuv asosida muammolar oʻrganilib, ularni kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Individual rejalar asosida qariyb 2 milliondan koʻproq aholi­ga 791 mingdan ortiq turli xizmat koʻrsatil­di. Jumladan, 323 ming fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi, 124 ming nafariga kre­dit va subsidiyalar ajratildi, 296 ming na­fari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi hamda 48 ming kishi kasb-hunarga oʻqitildi. Natijada reestrdagi 311 mingta kambagʻal oila yoki 1,3 million aholi rasmiy daromad­ga ega boʻlib, moddiy ahvoli yaxshilangani sababli kambagʻallik holatidan chiqarildi. Bu reestrga kiritilgan oilalarning 43 foi­zini tashkil etadi.

Yaxshilanayotgan infratuzilma aholi daromadini oshirmoqda

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” das­turi doirasida oʻtgan yil ogʻir toifadagi 1024 ta mahallada infratuzilmani yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu maqsadlar uchun respublika byudjetidan 3,2 trillion soʻm yoʻnaltirilib, uning samarali oʻzlashtirili­shi qatʼiy nazoratga olindi. Xususan, sugʻorish tarmoqlari qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha 1 trillion 394 milliard soʻmlik ish bajarildi. Natijada 448 ta sugʻorish nasosi, 862 ta quduq va 2629 kilometr sugʻorish tar­mogʻi barpo etilib, 77,5 ming gektar tomorqa yerlarini sugʻorish imkoni yaratildi. Bu esa 2,3 million aholining daromad manbaini kengay­tirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, elektr energiyasini barqaror yetkazib berish maqsadida 959 ta mahallada elektr infratuzilmasi loyihalariga 928 milliard soʻm ajratildi. Bu loyihalar doi­rasida mahallalardagi eskirgan transfor­matorlar yangilandi, yangi simyogʻochlar oʻrna­tildi, toʻrt yarim ming kilometrdan uzunroq elektr tarmogʻi tortildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada 3,7 million aholi barqa­ror elektr taʼminoti bilan qamrab olindi.

— Aholini kambagʻallikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning oʻz tajribasi paydo boʻlmoqda, — deydi Oʻzbe­kiston mahallalari uyushmasi Jizzax viloya­ti boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Soatov. — Jumladan, viloyatimizda ham bu borada har bir hududning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqildi. Shahar va tumanlar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylanmoqda. “Kambagʻal oilalar reestri”ga kiritilgan oilalar bilan individual ishlandi. Nati­jada oʻtgan yili oʻn uch mingdan koʻproq oila daromad manbaiga ega boʻlgani uchun ushbu roʻyxatdan chiqarildi.

Davlatimiz rahbarining “Kambagʻallik­dan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 100 milliard soʻm hi­sobiga “ogʻir” toifadagi 58 ta mahallaning suv taʼminoti yaxshilandi. Natijada 47 ming xonadonning tomorqasida daromad olish im­koni yaratildi.

— Oʻttiz sotixga yaqin tomorqa yerimiz bor, lekin shu vaqtgacha undan yaxshi daromad olishni tasavvur ham qilolmasdik, — dey­di Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi Birlik mahallasida yashovchi Arslon Bara­tov. — Chunki sermahsul ekin turi va navi­ni tanlash, ekish, parvarishlash boʻyicha taj­ribamiz yetishmasdi. Boz ustiga suvsizlik tufayli bor ekinlar ham nobud boʻlardi. Suv taʼminoti yaxshilanishi va mahalla faolla­ri tomonidan tomorqadan unumli foydala­nish boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatish tizimli yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi.

Bundan unumli foydalanib, xonadon ega­lari tomorqa maydonida kichik issiqxona tashkil qildi va bir mavsumda ikki marta hosil olmoqda. Sugʻorish imkoniyati yaxshi­langanidan keyin tomorqaning qolgan qis­midan ham bir mavsumda uch martagacha hosil olinyapti. Shu tariqa ushbu oilaning yillik daromadi qariyb 80 million soʻmga yetdi. Qishloq sharoitida bu mablagʻ bir oilaning toʻkis va farovon yashashi, farzandlarini oʻqitishi va orzu-niyatlarni roʻyobga chiqarishi uchun katta imkoniyatdir.

Viloyatda bunday ishlar oʻziga xos yonda­shuvlar asosida davom ettirilib, kambagʻal­lik darajasini 3 foizga hamda ishsizlikni 3,4 foizga tushirish maqsad qilingan. Umu­man, 2026-yilda viloyat boʻyicha 5 ta hudud kambagʻallik va ishsizlikdan xoli boʻladi.

Bu borada ishlar barcha hududlarda izchil davom etyapti. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga katta mablagʻ yoʻnaltirilyapti. Qishloq aholisini daromadli qilish uchun paxta va gʻalla maydo­ni qisqartirilib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy etil­di. Bu ishlar 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam boʻldi. Yetakchi tad­birkorlar koʻmagida tomorqada serdaromad ekinlar ekish va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli sotib olish yoʻlga qoʻyildi. Nati­jada birgina oʻtgan yilning oʻzida aholi to­morqasida yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 465 million dollar­ga yetdi.

Ayni paytda tomorqa egalari va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash davom etmoqda. Shu maqsadda mahallalarda meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlari barpo etildi. Natijada odamlar tomorqadan 2-3-marta hosil olib, bir so­tixdan 15-20 million soʻm daromad topyapti. Bunday ishlarni muttasil rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilyapti.

Insonparvarlik siyosati

samarasi

Umr yoʻllari inson uchun doim sinovli. Bugun soppa-sogʻ yurgan inson biror baxtsiz tasodif yoki ogʻir xastalik tufayli bexosdan ijtimoiy-tibbiy koʻmakka muhtoj boʻlib qo­lishi mumkin. Aynan shunday ogʻir vaziyatda davlatning insonparvarlik siyosati yaqqol namoyon boʻladi.

Zimmasiga ijtimoiy davlat maqomini olgan mamlakatimizda aholining bunday toifasiga koʻmak koʻrsatish davlat siyosati­ning ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Soʻnggi yillarda bu jabhadagi ishlar nati­jasida ijtimoiy himoya tizimi yangi bos­qichga olib chiqilib, yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirildi. Tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, har bir mahallada ijtimoiy xo­dimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mahalla darajasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatilmoqda. Nogironli­gi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortope­diya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼ­minlash tizimi takomillashtirildi.

Prezidentimiz mustaqilligimizning 34 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim­dagi nutqida bu yoʻnalishdagi keng qamrovli islohotlarning oʻziga xos ahamiyati va sama­rasi haqida toʻxtalib, bitta boʻlsa ham qi­yin ahvolga tushib qolgan hamyurtimizning taqdiri barchamizni birdek tashvishga soli­shi, zero, xalqimizning eng katta qudrati mehr-oqibat, saxovat va birdamlikda ekani­ni alohida taʼkidladi. Bu soʻzlar zamirida xalqimizning insonparvarlik, ezgulikka yoʻgʻrilgan qadriyatlari, inson qadrini koʻz­lab amalga oshirilayotgan islohotlarning asl maqsad-mohiyati oʻz aksini topgan.

Shu bois, aholining muhtoj qatlamiga yoʻnaltirilgan ijtimoiy koʻmak tobora ken­gaymoqda. Bu borada Hamrohlik dasturiga muvofiq ota-ona mehridan mahrum boʻlgan 11 ming bolaning taʼlim, kasb-hunar, sport ti­zimiga qamrab olingani muhim natija boʻl­di. Ehtiyojmand oilalarning 2,5 milliondan ziyod aʼzosiga 110 turdagi yordam va xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Umuman, 2025-yilda yordamga muhtoj aholini ijtimoiy himoya qi­lishga 19 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

Bu jabhadagi islohotlar izchil davom etyapti. Jarayonda professional ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtiri­lyapti. Barcha hududlarda nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish markazlari, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun reabilitatsiya xizmatlari tashkil etilmoqda.

Aholining ijtimoiy muhofazasi haqida gap ketganda, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvat­lash va bandligini taʼminlash masalasiga alohida toʻxtalish joiz. Zero, ayol oila chi­rogʻi, farzand tarbiyachisidir. Ayolga eʼti­bor oila farovonligi va barqarorligini taʼminlash va farzandlar kamolotiga xizmat qiladi. Shu bois, yurtimizdagi ijtimoiy himoya tadbirlarida xotin-qizlarning huquq va manfaatini himoyalash, ularni har tomon­lama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻziga xos ti­zim yaratildi. Bu borada “Ayollar daftari” yuritilayotgani oʻz samarasini bermoqda.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi maʼ­lumotiga koʻra, 2025-yilda “Ayollar dafta­ri”ning oltinchi bosqichi doirasida bir milliondan ziyod kishiga amaliy yordam koʻrsatilgani quvonarlidir. Bu jarayonda ishsizlarning bandligi taʼminlandi, tad­birkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻl­ganlarga imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, uy-joyga muhtoj toʻrt mingga yaqin ayolga koʻmak berildi. Ularning 230 nafari uy-joy bilan taʼminlandi. 2828 nafariga 5,1 milliard soʻm miqdorida ijara kompen­satsiyasi toʻlab berildi. Bir qancha ehtiyoj­mand oilalarning uy-joyi taʼmirlandi. Ikki yuz mingdan ziyod ona va bola tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Huquqiy yordamga muhtoj ayollarga yordam koʻrsatildi. Jumladan, qariyb 150 ming xo­tin-qizga tugʻilganlik haqida guvohnoma yoki fuqarolik pasporti olish uchun 1,2 milliard soʻm toʻlab berildi. Dehqonchilik bilan shu­gʻullanish istagidagi ayollarga 46 gektar yer ajratildi.

Xotin-qizlarning oliy taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlar ham yil sayin kengaymoqda. Bu borada “Ayol­lar daftari” doirasidagi chora-tadbirlar ham opa-singillarimizga yelkadosh boʻlmoqda. Bu gal oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan 70 qiz hamda ijtimoiy daftarda turgan ayollar­ning farzandiga kontrakt toʻlovining bir qismi toʻlab berildi.

Ijtimoiy himoya sohasida ishlar izchil davom ettirilib, joriy yildan “Teng im­kon — inklyuziv bandlik” loyihasi doira­sida nogironligi boʻlgan 40 ming odamni ishli qilish koʻzda tutilmoqda. Bandlik jamgʻarmasidan ularga 30 million soʻmga­cha foizsiz ssuda ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Kambagʻallikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saq­lab qolinadi. Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi toʻlanishi davom ettiriladi, bogʻcha va toʻgarak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ij­timoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qoʻshimcha foydalanish imkoni beriladi.

Bundan tashqari, ogʻir hayotiy vaziyat sa­babli kambagʻallikka tushib qolishi xavfi yuqori oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Kasb-hunar —

tuganmas xazina

Kambagʻallikni faqat pul tarqatish, nafa­qa toʻlash bilan hal qilib boʻlmaydi. Buning uchun kambagʻal oila aʼzolarini oʻqitish, kasb­ga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi kasbiy koʻ­nikmalar markazlari hamda xususiy taʼlim tashkilotlarining samarali faoliyati tufay­li kambagʻal va ishsiz aholini kasb-hunar, tadbirkorlikka oʻqitish oxirgi 8 yilda 25 ba­robar oshirildi. Xususan, 2017-yilda 7 ming kishi kasb-hunarga jalb qilingan boʻlsa, 2025-yil ushbu raqam 230 mingni tashkil etdi.

Taʼlim sifatiga alohida eʼtibor qarati­lib, oʻtgan yilda vazirlik tizimidagi kasbiy koʻnikmalar markazlarining 200 nafarga yaqin oʻqituvchisi zamonaviy texnologiyalar asosida xorijiy davlatlarda malaka oshirdi. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) koʻma­gida oʻquv markazlari soni koʻpaydi. Ularning bitiruvchilarida 95 foiz ish topish va 97 foiz ish beruvchilar tomonidan qanoatlanti­rish darajasi qayd etilmoqda.

Shuningdek, Jahon banki bilan ham­korlikda avtomobillarga, shu jumladan, elektromobillarga texnik xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 10 ta viloyatdagi kasbiy koʻnik­malar markazlari oʻquv jihozlari bilan taʼ­minlandi. Mehnat bozori talablari asosida 12 ta yangi kasbga oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda hududlarda kambagʻal oilalar aʼzolari uchun axborot texnologiyalari yoʻ­nalishida oʻquv kurslari tashkil etildi. 4 ta yoʻnalish boʻyicha 168 ming yosh, shundan kamba­gʻal oilalarning 36 ming farzandi oʻqitildi. Kelgusida kambagʻal oilalar aʼzolarini qam­rab olish ulushi 40 foizga yetkaziladi. Bu bo­radagi ishlar yanada kengayib, poytaxtimizda Kreativ sohalar klasteri tashkil etilmoqda. Bu yerda 32 turdagi xalqaro standartga mos kreativ soha mutaxassislari tayyorlanadi.

Ushbu yoʻnalishdagi xayrli ishlar koʻ­lamini muttasil kengaytirib borish uchun dunyodagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish, mam­lakatimizda erishilayotgan yutuqlarni keng ommalashtirish insoniyat taraqqiyotiga xiz­mat qiladi. Shu maqsadda yurtimiz koʻplab xalqaro forumlarga mezbonlik qilmoqda va barqaror rivojlanishga erishish borasida Oʻzbekiston ochiq muloqotlar maydoniga ay­landi.

Xususan, 2025-yil may oyida boʻlib oʻtgan ana shunday yirik xalqaro forumda dunyo­ning barcha mintaqalaridan koʻplab olimlar va yetakchi ekspertlar ishtirok etib, bu bora­dagi global muammolar yechimi xususida fikr almashdi. Ushbu tadbir jarayonida dunyoda kambagʻallikni qisqartirish orzu emas, qoʻ­limiz yetadigan maqsad ekani, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar bu bo­rada oʻrganish va oʻrnak olishga arzirli yaxshi tajriba boʻlishi eʼtirof etildi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston ortga qaytmas tus olgan ana shunday muhim islohotlar yoʻ­lidan qatʼiy borib, kambagʻallikni qisqar­tirish borasida va Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq erishish boʻyicha barcha majburiyatlarini bajarishda yangidan yangi marralarni koʻzlab ilgarilamoqda. Bu jabha­da orttirilayotgan har bir ijobiy tajriba va qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar nafaqat xal­qimiz, balki dunyo ahlining farovon jamiyat barpo etish va adolatli dunyoni qaror topti­rishga oid ezgu orzu-umidlari roʻyobi yoʻlida muhim qadam boʻlishi shubhasiz.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri