Karantin choralarining yumshatilishi naqd pullar aylanmasiga ijobiy taʼsir qildi

    Moliya 6 Iyul 2020 2634

    Joriy yil mart oyining ikkinchi yarmidan eʼlon qilingan karantin talablarining may oyiga kelib biroz yumshatilishi natijasida iqtisodiyot subyektlarining faollashuvi banklar kassalari orqali naqd pullar aylanmasi dinamikasiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

    2020-yil aprel-iyun oylarida bank tizimida naqd pullar aylanmasi mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar taʼsirida shakllandi.

    Jumladan, joriy yil mart oyining ikkinchi yarmidan eʼlon qilingan karantin talablarining may oyiga kelib biroz yumshatilishi natijasida iqtisodiyot subyektlarining faollashuvi banklar kassalari orqali naqd pullar aylanmasi dinamikasiga ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatdi.

    2020-yil aprel oyida banklar kassalariga naqd pul tushumining mart oyiga nisbatan qariyb 41 foizga kamayishi kuzatilgan boʻlsa, iyun oyida aprelga nisbatan 85 foizga koʻpayib, 14,6 trln. soʻmni tashkil etdi.

    Biroq, iyun oyidagi koʻrsatkich karantin sharoitidan oldingi davrdagi holatdan (joriy yil yanvarda – 15,8 trln. soʻm ) biroz kamligicha qolmoqda. Shuningdek, bu koʻrsatkich epidemiologik holatning yaxshilanishi va karantin talablarining yumshatilishi ortidan keyingi oylarda ijobiy tomonga oʻzgarishini kutish mumkin.

    1-rasm: Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi mlrd. soʻmda

    Naqd pul tushumlarining iyun oyida aprelga nisbatan oʻsish hajmining qariyb 3,5 trln. soʻmi savdo va pullik xizmatlardan, 1,4 trln. soʻmi bank xizmatlari boʻyicha tushumlar hissasiga toʻgʻri keldi. Bu “yashil” va “sariq” hududlardagi savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyatining qayta tiklanishi hamda avtomashinalar harakatiga nisbatan taqiqlarning yumshatilishi, shuningdek, aholi tomonidan boʻsh mablagʻlarni bank omonatlariga, kreditlarning qaytarilishiga hamda naqd chet el valyutasini sotib olishga yoʻnaltirilishi hisobiga yuzaga keldi.

    2-rasm: Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi (2018-2020-yil yanvar-iyun oylari) mlrd. soʻmda

    Oʻz navbatida, 2020-yilning aprel oyida banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar mart oyiga nisbatan 35 foizga kamayishi kuzatilgan boʻlsa, iyun oyida bu koʻrsatkich aprel oyiga nisbatan 53 foizga koʻpayib, 14,8 trln. soʻmni tashkil etdi.

    3-rasm: Naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning tarkibiy dinamikasi mlrd. soʻmda

    Karantin sharoitida pensiya va nafaqa toʻlovlari, byudjet tizimi tashkilotlari, shuningdek, faoliyatini toʻxtatmagan strategik korxonalar xodimlarining ish haqlarining toʻlab borilishi natijasida banklardan ushbu maqsadlar uchun naqd pullar chiqimi nisbatan barqaror saqlanib qoldi.

    4-rasm: Banklardan naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning maqsadlari boʻyicha tarkibiy dinamikasi

    (2018-2020-yil yanvar-iyun oylari) mlrd. soʻmda

    Yana bir eʼtiborli holat, 2020-yilning iyun oyida bank kartalariga jami 15,9 trln. soʻmlik mablagʻlar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 6,1 trln. soʻm aholi tomonidan naqdlashtirib olindi.

    5-rasm: Bank kartalariga kelib tushgan mablagʻlar va ularni naqdlashtirish hajmi dinamikasi mlrd. soʻmda