Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tizimni modernizatsiya qilish, zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda yoshlarni aniq kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Endi kasb oʻrganishga nafaqat ehtiyoj, balki har bir fuqaroning munosib hayot kechirishi uchun mustahkam poydevor sifatida qaraladi.
Xususan,
Kasbiy taʼlim agentligining tashkil etilishi yoshlarda amaliy koʻnikmalar va
zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish
samaradorligini oshirish, shuningdek, kasbiy taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan
yangilashga keng imkoniyat yaratdi.
Shuningdek,
texnikumlar faoliyatini takomillashtirish, dual taʼlim tizimining joriy
qilinishi, ishlab chiqarish bilan integratsiyaning kuchaytirilishi, zamonaviy
oʻquv dasturlari va xalqaro standartlarning tatbiq etilishi ushbu yoʻnalishdagi
islohotlarning amaliy ifodasidir. Eʼtiborli jihati shundaki, kasbiy taʼlim
tizimi kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy
barqarorlikni mustahkamlashda ishonchli vositaga aylanib bormoqda. Yangi
Oʻzbekistonda “inson qadri uchun” tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etar ekan,
kasbiy taʼlim aynan shu gʻoyaning amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Chunki malakali, oʻz kasbining ustasi boʻlgan inson nafaqat oilasi tayanchi,
balki butun jamiyat va davlat taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.
Mazmun va zarurat
Bugun
mehnat bozori talablari kun sayin, soat sayin oʻzgarib bormoqda. Eskirgan,
anʼanaviy kasblar oʻrnini innovatsion, raqamli texnologiyalar va kreativ
yondashuv talab qiluvchi yangi mutaxassisliklar egallamoqda. Aynan shu tizimli
muammolarni tubdan hal qilish, taʼlim va mehnat bozori oʻrtasida mustahkam
koʻprik barpo qilish maqsadida Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga
yoʻllagan Murojaatnomasida kasbga tayyorlashning mutlaqo yangi, zamonaviy
arxitekturasini yaratish boʻyicha tarixiy tashabbuslarni ilgari surgan edi. Qabul
qilinayotgan yirik davlat dasturlari yoshlarni erta kasbga yoʻnaltirishdan
tortib, xalqaro darajadagi yuqori malakali mutaxassis qilib yetishtirish va
kafolatli ish bilan taʼminlashgacha boʻlgan uzluksiz zanjirni oʻzida mujassam
etmoqda. Kasbiy taʼlim tizimi oldidagi eng dolzarb masala bitiruvchi taqdiri,
uning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olishidir. Zero, kasbiy taʼlim natijasi
auditoriya bilan emas, balki ishlab chiqarish maydoni va real iqtisodiyotda oʻz
tasdigʻini topadi. Shu maʼnoda, mehnat bozori bilan uygʻunlik kasbiy taʼlim
sohasidagi barcha qarorlarning bosh mezoni.
Mamlakatimizda
bu borada tub burilish yuz bermoqda desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Endi
taʼlim tizimi iqtisodiyot ehtiyojlari bilan hamohang rivojlanmoqda. Har bir
yangi yoʻnalish, oʻquv dasturi va qabul kvotasi ortida aniq hisob-kitob, chuqur
tahlil va eng muhimi, mehnat bozorining real talabi turibdi. Bugungi
yondashuvning ustuvor jihati shundaki, unda ish beruvchi oddiy kuzatuvchi emas,
balki jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqda. Bu esa kadrlar
tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. Qaysi
sohada qanday mutaxassis kerakligi, u qanday koʻnikmalarga ega boʻlishi
zarurligi nazariy farazlar emas, balki amaliy ehtiyojlar asosida belgilanmoqda.
Natijada kasbiy taʼlim tizimi “natija uchun taʼlim” prinsipiga oʻtdi. Eng
muhimi, bunday yondashuv taʼlim tizimiga ham moslashuvchanlik baxsh etmoqda.
Chunki bugungi mehnat bozori muttasil oʻzgarib, yangi kasblar paydo boʻlmoqda,
ayrimlari esa tarixga aylanmoqda. Bunday sharoitda faqat mehnat bozori bilan
hamnafas tizimgina samarali ishlay oladi.
Mehnat
bozori bilan uygʻunlikni taʼminlash, tabiiyki, taʼlim mazmunini qayta koʻrib
chiqishni taqozo etadi. Sababi yangi yoʻnalish va kasblarning paydo boʻlishi bozor
talabini oʻzgartirmoqda. Qolaversa, sunʼiy intellektning jadal kirib kelishi
ham bu masalalar ustida bosh qotirishga undaydi. Shu sababli zamon
ehtiyojlariga javob beradigan bilim va koʻnikmalar ham muntazam yangilab
borilishi shart. Bugun kasbiy taʼlim tizimida oʻquv dasturlarini modernizatsiya
qilish jarayoni izchil davom ettirilmoqda. Endi dasturlar eskicha yondashuv
asosida emas, bevosita soha ehtiyojlari, ishlab chiqarish talablari va
zamonaviy texnologiyalar rivojidan kelib chiqib shakllantirilmoqda.
Asosiy ustun
Kasbiy
taʼlim tizimida shakllanayotgan yangi model markazida dual taʼlim turibdi. Bu
yondashuv oʻqitish va ishlab chiqarish oʻrtasidagi anʼanaviy uzilishni bartaraf
etib, ikkisini yagona tizimga birlashtirayotgan muhim mexanizmga aylanmoqda.
Bugun
510
dan ortiq texnikum, 14 mingdan ziyod korxona va tashkilot hamda 67 mingdan
ortiq oʻquvchi “ustoz-shogird” tamoyili asosida faol hamkorlik qilayotgani dual
taʼlimning amalda keng qamrovli tizimga aylanganini koʻrsatadi. Eng
eʼtiborlisi, ishlab chiqarishning oʻzidan jalb etilgan 17 mingdan ortiq
malakali mutaxassisning ustoz sifatida ishtirok etayotgani taʼlim jarayonini
real mehnat muhiti bilan bevosita bogʻlamoqda. Bu jarayon kasbiy taʼlim
mohiyatini tubdan oʻzgartirdi. Endi oʻquvchi faqat auditoriyada oʻtirib bilim
olmaydi, balki ishlab chiqarish jarayonining toʻlaqonli ishtirokchisiga
aylanadi. Bu diplom uchun emas, aksincha, real koʻnikma uchun taʼlim tamoyiliga
asoslanmoqda. Natijada bitiruvchi mehnat bozoriga moslashish bosqichi uchun ortiqcha
vaqt sarflamaydi, tayyor mutaxassis sifatida kirib keladi. Dual taʼlimning yana
bir muhim jihati — uning iqtisodiyot bilan toʻgʻridan toʻgʻri
integratsiyalashganidadir. Hududlarda “investor — tarmoq — texnikum” zanjiri
yoʻlga qoʻyilgani va
4000
dan ortiq yirik ish beruvchining texnikumlarga biriktirilgani kadrlar
tayyorlashni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Endi qaysi hududda qanday
mutaxassisga ehtiyoj borligi aniq prognoz qilinmoqda. Kadrlar tayyorlash esa
aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib rejalashtirilmoqda. Bu esa ortiqcha yoki
talab qilinmaydigan mutaxassislar tayyorlashning oldini olib, bitiruvchilar
bandligini taʼminlashda hal qiluvchi omilga aylanmoqda. Bundan tashqari, ushbu
model korxonalar uchun ham manfaatli. Ular oʻziga zarur kadrlarni tayyorlash
jarayonida bevosita ishtirok etadi. Oʻquvchi esa oʻqish jarayonidayoq
kelajakdagi ish joyiga moslashadi. Bundan tashqari, dual taʼlimda oʻqiyotgan
yoki oʻqishni tugatganiga 3 yildan koʻp boʻlmagan mutaxassisni ishga olgan
tadbirkorlar uchun qoʻshimcha reyting ballari beriladi hamda daromad soligʻini
toʻlashda imtiyozlar davri uzaytirilishi nazarda tutilgan. Natijada “taʼlim —
ishlab chiqarish — bandlik” zanjiri mustahkamlanib, iqtisodiyotning real
sektori bilan taʼlim tizimi oʻrtasida uzviy bogʻliqlik yuzaga keladi. Shu
tariqa dual taʼlim kasbiy taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib
chiqayotgan, uni zamonaviy iqtisodiyot talablariga moslashtirayotgan va eng
muhimi, yoshlarni hayotga, aniq kasb va barqaror bandlikka tayyorlayotgan
strategik ustunga aylanmoqda.
Ijtimoiy tenglik va
inklyuzivlikni taʼminlash
Kasbiy
taʼlim tizimida ijtimoiy adolat va inklyuzivlikni taʼminlash ustuvor
vazifalardan. Tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning turli ijtimoiy
sharoitda ekani inobatga olinib, ular uchun moslashuvchan malaka oshirish
mexanizmlari joriy etilmoqda. Xususan, uch yoshgacha farzandi bor, nogiron yoki
nafaqa yoshiga yetgan pedagog va rahbar kadrlar uchun masofaviy hamda aralash
shakldagi malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Bu esa har bir
pedagogning ehtiyojidan kelib chiqib, kasbiy rivojlanishini uzluksiz taʼminlash
imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni
qoʻllab-quvvatlash maqsadida band boʻlmagan fuqarolar va ijtimoiy reestrga
kiritilgan oilalarning ishsiz aʼzolarini kasb-hunar, xorijiy tillar va
tadbirkorlik koʻnikmalari boʻyicha oʻqitish tizimi keng joriy etilmoqda. Bu
yoʻnalishda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari negizida qisqa muddatli
oʻquv kurslari tashkil etilib, ularning aniq roʻyxati shakllantirilmoqda. Eng
muhimi, ushbu jarayon vaucher tizimi asosida moliyalashtirilib, Bandlikka
koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlanadi. Natijada
umumiy hisobda 400 mingga yaqin band boʻlmagan fuqaro va kam taʼminlangan
oilalarning ishsiz aʼzolarini kasbga oʻqitish, ularga yangi daromad manbai
yaratish va ijtimoiy faolligini oshirish imkoniyati beriladi. Bu esa kasbiy
taʼlim tizimini nafaqat kadrlar tayyorlovchi, balki kambagʻallikni
qisqartirish, aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy tenglikni taʼminlashga
xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirmoqda. Kasbiy taʼlimning nufuzini
oshirish maqsadida Prezident sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari”
kasbiy mahorat milliy tanlovi tashkil etilib, unda texnikum oʻquvchilari,
yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida eng dolzarb 10 ta kasb boʻyicha musobaqalar
oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Tanlov doirasida minglab ishtirokchilar qamrab
olinib, gʻoliblar munosib ragʻbatlantiriladi hamda xalqaro musobaqalarga
tayyorlanadi.
Boshqaruv
tizimini takomillashtirish maqsadida texnikum direktori va oʻrinbosarlari uchun
menejerlik sertifikatlash tizimi joriy etilib, 600 dan ortiq rahbar kadr maxsus
oʻquv kurslarida tayyorlanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bitiruvchilarni
ish bilan taʼminlash maqsadida “Karyera” elektron platformasi ishga
tushiriladi. Ushbu tizim orqali talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar
oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatilib, sunʼiy intellekt asosida mos ish
oʻrinlari va nomzodlar tavsiya etiladi.
Mahalliy va xalqaro
integratsiya
Tizimda
mahalliy va xalqaro integratsiyaning kuchayishi bugungi sharoitda strategik
ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon, avvalo, tayyorlanayotgan kadrlarning faqat
ichki bozor talablariga emas, balki global mehnat bozori ehtiyojlariga ham mos
boʻlishini taʼminlaydi. Natijada bitiruvchilar uchun nafaqat mamlakatda, balki
xorijda ham munosib ish topish imkoniyatlari kengayadi. Shu bilan birga,
xalqaro standartlar va ilgʻor tajribalarning joriy etilishi taʼlim sifatini
oshirib, kasbiy tayyorgarlik darajasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Bugun
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorlik oʻrnatilgan
boʻlib, xorijiy mamlakatlarning ish beruvchi korxonalaridagi aktual boʻsh ish
oʻrinlari soni, shuningdek, mutaxassislarga qoʻyiladigan talablar boʻyicha
toʻliq maʼlumotlar Kasbiy taʼlim agentligiga taqdim etilmoqda. Shu orqali oʻquv
dasturlari nafaqat milliy, balki xalqaro mehnat bozori standartlariga
moslashtirilmoqda. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlik doirasida
respublikamiz boʻyicha yetakchi 125 korxona va tashkilot hamda davlat
roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlar uyushmalari bilan texnikumlarda dual taʼlim
tizimini joriy etish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur hamkorlik doirasida
oʻquvchilar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilar bandligini taʼminlash,
texnikumlardagi ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining malakasini oshirish kabi
muhim yoʻnalishlarda ishlar bajarilmoqda. Shu tariqa oʻquvchilar amaliy
koʻnikmalarni egallab, bitiruvchilar ish bozorida oʻz oʻrnini topadi,
texnikumlar esa malakali kadr tayyorlashda samarali markazga aylanadi.
Taʼlim
dasturlarini yangilash masalasi tizimning yana bir muhim yoʻnalishidir.
Prezidentimizning 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni
amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yilda 60
ta, 2027-yilda 150 ta, 2028-yilda esa qolgan barcha kasbiy taʼlim dasturlari
kasbiy standartlar va xalqaro taʼlim dasturlari asosida yangilanishi
belgilandi. Bu esa oʻquv jarayonini nafaqat milliy, balki global mehnat bozori
talablariga moslashtirishni taʼminlaydi. Hozir esa ichki va tashqi mehnat
bozoridagi kasblar tahlil qilinib, ular orasidan talab eng yuqorilari tanlab
olindi. Kasblar boʻyicha taʼlim dasturlarini ishlab chiqish jarayonida
rivojlangan davlatlarning kompetensiyaga asoslangan taʼlim standartlari
oʻrganildi. Natijada kasbiy taʼlimning barcha darajasi boʻyicha uzviylik
saqlanib, yangi modulli oʻquv dasturlar loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu modul
tizimi oʻquvchilarga nafaqat bilim, balki amaliy koʻnikmalarni
bosqichma-bosqich egallash imkonini beradi, bitiruvchilarni esa mehnat bozoriga
toʻliq tayyorlaydi.
Davlatimiz
rahbarining 2025-yil 23-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv
samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Kasbiy
taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
qaroriga muvofiq, joriy yil boshidan eng yaxshi natija koʻrsatgan pedagoglar va
ishlab chiqarish taʼlimi ustalari malakasi xorijiy va milliy platformalar
orqali oshiriladi. Shu tariqa ularning kasbiy salohiyati tizimli tarzda
rivojlantirilmoqda. Taʼlim jarayoni esa yanada sifatli va amaliy natija
beradigan tizimga aylanmoqda. Hozir respublikamiz boʻyicha kasbiy taʼlim
tashkilotlaridagi 21 ming 504 oʻqituvchi va 6531 ishlab chiqarish taʼlimi
ustasi Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti, tayanch
oliy taʼlim muassasalari huzuridagi 4 ta mintaqaviy, 15 ta tarmoq markaz hamda
4 ta ilgʻor professional tayyorgarlik markazida 85 yoʻnalish boʻyicha malaka
oshirish kurslarida oʻqitildi. Bugungacha malaka oshirish markazlarida jami
4018 oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari Italiya, Germaniya,
Belarus, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasiga asoslangan
kurslarda nazariya va amaliyot uygʻunligi taʼminlangan holda malaka oshirdi.
Bundan tashqari, eng yaxshi natija koʻrsatgan 50 nafar ishlab chiqarish taʼlimi
ustasi, umumtaʼlim va maxsus fan oʻqituvchilari malakasini oshirish uchun
xorijga yuborish imkoniyati yaratildi.
Ayollar ulushi qanday?
Hozir
respublikamiz boʻylab 595 ta kasbiy taʼlim tashkilotida 438 mingga yaqin
oʻquvchi 329 kasb va mutaxassislik boʻyicha taʼlim olmoqda. Xususan, ularning
192 ming 185 nafari xotin-qizlardir. 2025-2026 oʻquv yili uchun tasdiqlangan
qabul parametrlari doirasida 108 ming 686 ayol-qiz oʻqish uchun kasbiy taʼlim
tashkilotlariga qabul qilindi. Shuningdek, 284 kasbiy taʼlim tashkilotida
mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan 75 kasb boʻyicha 25 ming 721 yosh va
ishsiz aholiga qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. Tinglovchilardan 15 ming
772 nafari ayol-qizlardir. Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish maqsadida 495
kasbiy taʼlim tashkilotida xorijiy til kurslari ochilgan. Hozir 8063 oʻquvchi
turli tillarni oʻrganmoqda. 2024/2025 oʻquv yilida texnikumlarning qurilish,
transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha
790 ayol-qiz davlat granti asosida taʼlim olib, xarajati toʻliq davlat
hisobidan qoplandi. Shu bilan birga, “prof-emis.edu.uz” platformasi orqali 859
ayol-qiz axborot texnologiyalari sohasidagi qisqa muddatli kurslarda oʻqitildi.
Ushbu kurslarda jami 2949 ayol oʻqitilgan va oʻqish yakunida ularga davlat
namunasidagi sertifikatlar berilgan.
Raqamlashtirish — davr talabi
Mamlakatimizdagi
yetakchi tashkilotlar bilan hamkorlikda kasbiy standartlar va xalqaro taʼlim
dasturlari asosida oʻquv dasturlarini yangilash ishlari davom etmoqda.
Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor
taʼlim dasturlari joriy etilmoqda. Natijada mehnat bozorida ayni vaqtda talab
yuqori boʻlgan 60 ta kasb roʻyxati shakllantirildi. Ushbu roʻyxat nafaqat soha
ehtiyojlarini, balki kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini ham inobatga olgan
holda tuzildi. Bu esa tayyorlanayotgan kadrlar raqobatbardoshligini sezilarli
darajada oshiradi.
Kasbiy
taʼlim tizimi samaradorligini oshirish va yoshlarni mehnat bozoriga tayyorlash
borasidagi yana bir muhim qadam tizimni raqamlashtirish boʻldi. Raqamlashgan
tizimning birinchi afzalligi vaqt va resurslarni tejashda namoyon boʻlmoqda.
Endi maʼlumotlarni qogʻoz shaklida yuritish, qoʻlda hisob-kitob qilish va
murakkab hisobotlarni tayyorlashga sarflanadigan vaqt qisqardi. Shu bilan
birga, inson omili ishtiroki kamayib, qarorlar adolatli va asosli qabul qilinmoqda.
Kelgusida esa raqamlashtirish imkoniyati yanada kengayib, sunʼiy intellekt
texnologiyalarini joriy etish, mehnat bozoridagi tendensiyalarni oldindan
baholash, qaysi kasblarga talab oshishi yoki kamayishini prognoz qilish
imkoniyatlari yaratilishi ham rejalashtirilgan.
“Kasblar shaharchasi” —
yoshlarga imkoniyat
2026/2027
oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm, Buxoro,
Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlaridagi ilgʻor kasbiy
mahorat texnikumlari negizida “Kasblar shaharchalari” tashkil etilmoqda. Ushbu
tashabbus maktab oʻquvchilarini qurilish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi,
sanoat, transport va “yashil” energetika kabi zamonaviy kasblarga erta
bosqichda yoʻnaltirish imkonini beradi.
“Kasblar
shaharchalari” doirasida oʻquvchilar uchun amaliy mashgʻulotlar, ekskursiyalar
va interfaol sinovlar tashkil etilib, ular kasblar bilan bevosita tanishish,
oʻz qiziqish va moyilligini aniqlash imkoniyatiga ega boʻladi. Mazkur tizimni
qoʻllab-quvvatlash maqsadida hududlarda 24 ta malakani baholash markazini
tashkil etish, dolzarb kasblar boʻyicha sertifikatlash amaliyotini joriy etish
ham koʻzda tutilgan. Aholining ushbu xizmatlardan foydalanishi vaucher tizimi
orqali qoʻllab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, “Kasbiy rivojlanish platformasi”
orqali 100 dan ortiq kasb boʻyicha mustaqil taʼlim olish, bilim va
koʻnikmalarni baholatish hamda sertifikat olish imkoniyati yaratilmoqda.
Yangi
rivojlanish bosqichidagi kasbiy taʼlim tizimi oldidagi strategik vazifalar aniq
belgilangan. Ustuvor yoʻnalishlar dual taʼlim ulushini keskin oshirish, qisqa
muddatli kasbga oʻqitish tizimini kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot va raqamli
kasblar ulushini koʻpaytirish, hududiy ixtisoslashuv asosida oʻrta boʻgʻin
kadrlar tayyorlash hamda mehnat bozori ehtiyojlarini real vaqt rejimida
monitoring qilishdan iborat. Kasbiy taʼlim tizimining asosiy manbasi boʻlgan
texnikumlarni zamonaviy talablar darajasiga olib chiqish uchun keng koʻlamli
islohotlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar doirasida 9-sinf bitiruvchilari
fanlar va kasbiy qiziqishlarga qarab saralab olinsa, oliygohlarga kirish istagi
boʻlmagan yoshlar texnikumlarga yoʻnaltiriladi.
Umuman
olganda, kasbiy taʼlim endi faqat bilim beruvchi soha emas, balki mamlakatning
iqtisodiy taraqqiyoti, ijtimoiy barqarorligi va mehnat bozorining sifatli
rivojlanishi uchun strategik ahamiyatga ega tizimga aylangan. Izchil va
maqsadli chora-tadbirlarni davom ettirish, salohiyatli yoshlarni ish bilan
taʼminlash hamda mamlakat kelajagi uchun zarur kadrlarni tayyorlash bizning
asosiy vazifamiz boʻlib qoladi.
Azimjon HUSANOV,
Kasbiy taʼlim agentligi
direktori