“Katta orzular qilishdan qo‘rqmayapman”

    "Yangi O‘zbekiston" gazetasining shu yil 8-sentabr sonida jurnalist Kumush Abdusalomovaning “Katta orzular qilishdan qo‘rqmayapman” sarlavhali maqolasi chiqdi. Quyida maqolani e'tiboringizga havola etyapmiz.

    Biz ilgari yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga imkoniyat yaratish haqida gapirganda, albatta, safning oldida turgan, qator-qator medallarni, yutuqlarni qoʻlga kiritgan yoshlar haqida gapirar edik. Maydonga faqat ularni olib chiqardik, koʻrsatuvlar qahramoni ham ular edi. Ammo soʻnggi yillarda yoshlarga chinakam sharoit yaratish aslida qanday boʻlishini har birimiz oʻz hayotimiz misolida koʻrib turibmiz.

    Jamiyatda oʻz oʻrnini topolmagan, aniq maqsadi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan odami boʻlmagan yoshlarning muammolari kun sayin ulkanlashib boraverishi hayotiy haqiqat. Davlatimiz rahbari oʻz chiqishlarida yoshlar muammolarini hal qilish har bir rahbarning asosiy vazifasi ekanini alohida taʼkidlaydi. Shunga asosan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida alohida tizimli loyihani yoʻlga qoʻydi. Unga muvofiq, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan yangi ish oʻrinlari yaratishga shay tadbirkorlarga turli miniuskunalar, inventarlar qulay shartlar asosida ijaraga beriladi.

    Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan tadbirkorlarning ehtiyojidan kelib chiqib, asosan, tikuv mashinasi, dazmol, payvandlash apparati, motokultivatorlar ijaraga berilmoqda. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida shu yilning oʻtgan yetti oyi davomida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ish joyiga ega boʻlmagan 44 ming 785 nafar yigit-qizning bandligi taʼminlandi. Jumladan, bu borada Forish tumanida ham muayyan ishlar bajarilyapti.

    — Ish soʻrab kelgan ayollarga nima deb javob beraman, degan savol qiynardi. Hududimizda dehqonchilik bilan shugʻullanish biroz qiyin. Suv bilan bogʻliq muammo bor. Mahallabay yurib oʻrganganimizda, aholini qiynaydigan eng muhim masala ham ishsizlik ekani maʼlum boʻldi. Koʻpi ayollar, qizlar. Shunday paytlarda ularning bandligini taʼminlash uchun nima qilsam boʻladi, deb oʻzimga oʻzim savol berardim, — deydi Forish tumani hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Gavhar Aliyeva. — Mana, endi yuzimiz yorugʻ. Tumanimizda 48 mingdan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi. Kasbga oʻqigan ayollar, qizlarga “mana sizga ish joyi, marhamat ishlang”, deyishimiz mumkin. Bugun tuman aholisining eʼtibori “Texnotronik tekstil” korxonasiga qaratilgan. Tumandagi 300 dan ortiq xotin-qiz shu yerda ishlayapti.

    — Tumanimizning avvalgi hokimi bilan Forishda yangi ish oʻrinlari ochish boʻyicha maslahatlashdik. U “Biz rahbarlar ketadigan odammiz, siz esa shu yerning farzandisiz. Ota-bobolaringiz shu yerda yotibdi, ish oʻrni oching. Sizga qanday yordam kerak boʻlsa beramiz”, dedi. Shu dalda sabab boʻlib anchadan beri koʻnglimga tugib yurgan niyatimni amalga oshirishga qaror qildim. Mana, shukrki, oradan bir yil oʻtib, korxonamiz biz istagan koʻrinishga keldi. Turkiyadan mutaxassis chaqirdik. Barcha tajribasini oʻrgatyapti, — deydi “Texnotronik tekstil” korxonasi rahbari Gʻofur Rajabov. — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan 200 ta tikuv mashinasi qulay ijara shartlari asosida berildi. Endi tejalgan pulga gazlama sotib olamiz. Xorijga mahsulot eksport qilishni boshladik. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotganimga ancha yillar boʻldi. Bu sohada oʻziga xos tajribam bor. Ammo tadbirkorlar uchun bu darajada eʼtibor, bunday gʻamxoʻrlik boʻlishini tasavvur ham qilmaganman. Har bir tadbirkor bu imtiyozlardan unumli foydalanib, qoʻrqmasdan oʻz ishini yuritsa boʻladi. Har gal yangi ishchini ishga olganimda bu dunyoda umrim bekor oʻtmayotganidan xotirjam boʻlaman. Odamlar oʻz ish joyiga, doimiy daromad manbaiga ega boʻlganda, ularning oʻynab-kulib yurgan farzandlari koʻz oldimga keladi. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni xorijga eksport qilganda esa, oʻzimda gʻurur tuyaman.

    Tadbirkorlik subyektlarida yoshlar va ayollar uchun yangi ish oʻrni va doimiy daromad manbai koʻpaymoqda. Bularning hammasi haqida ularning oʻzidan eshitamiz.

    Surayyo Jumanazarova, 21 yosh (Urganch tumanidan):

    — Maktabda aʼlo baholarga oʻqidim. Ammo oilaviy sharoitimiz koʻtarmagani bois, oliy maʼlumot ololmadim. Hayotda yaxshi yashashning yagona chorasi oliy maʼlumotli boʻlish emas ekan. Buni yaqin yillarda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibordan angladim. Kasb-hunar egallashni juda istardim. Mahalla fuqarolar yigʻinidan mutasaddilar kelib, “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olishdi. Ulardan kasb-hunar egallashim mumkinligini eshitib juda sevindim. Hozir qoʻlimda sertifikat bor, soʻnggi rusumdagi tikuv mashinasida liboslar tikyapman. Tikkan buyumlarimizni chiroyli, mukammal holatda koʻrsata olyapmiz. Ishimizga xaridor bor, roʻzgʻorimizga baraka kirib, oilamga nafim tegyapti. Kimgadir kulgili tuyulishi mumkin, ammo bu men uchun baxt.

    Roʻza Keldibekova, 23 yosh (Forish tumani):
    — Biz ishlayotgan toʻqimachilik korxonasi oʻrni biyday adir edi. Esimda, bolaligimizda shu yerlarda qoʻy boqib yurardik. Bir paytlar kelib, bu joyda zamonaviy korxona quriladi, unda ishlaysan, desa, rosti, ishonmasdim. Hozir biz tikayotgan kiyimlarni uzoq yurtlarda kimlardir kiyib yurishini tasavvur qilish men uchun juda hayratli. Bozorda turli xorijiy soʻzlar yozilgan futbolkalarni koʻrganimda, shu kiyimlarni kim tikkan ekan, dizaynini kim oʻylab topgan ekan, deb qiziqardim. Endi oʻzim shunday ishlarning tepasida turibman. Ertalab ishga kelayotganimda har bir bosgan qadamim uchun shukrlar aytaman. Ishdan uyga qaytayotganimda ham oʻzimdan koʻnglim toʻlib, oilam, bolalarim bagʻriga qaytaman. Bir ayol uchun bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.

    Yulduzxon Eshmurodova, 27 yosh (Xiva shahri):
    — “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edim. Ishsiz, bekorchi yurgan tengdoshlarim bor edi. Qizlar asosan, kunlik ishlarga, dalaga — yigʻim-terimga chiqib yurardi. Yigitlar esa ilojini topsa, chet elga borib ishlab kelishni maʼqul koʻrardi. Shu daftarga roʻyxatga olish boshl angandan keyin hammasining fikri oʻzgardi. Qizlar oʻzi istagan kasb-hunarni egallay boshladi. Yigitlar chet elga ketmay, yer olib dehqonchilik qilyapti yo tadbirkorlik bilan shugʻullanyapti. Men oʻzim qiziqqan tikuvchilikni oʻrganib, ishga kirdim. Orzularim ushalishiga, doimiy daromadga, hayotda oʻz oʻrnimga ega boʻlishimga sababchi boʻlgan davlatimiz rahbariga rahmatlar aytaman.

    Rushana Ashurova, 25 yosh (Forish tumani):
    — Televizorda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” deyilsa, avvaliga tushunmadim. Keyin mahalla fuqarolar yigʻinidan kelib meni ham “Yoshlar daftari”ga kiritib qoʻyishdi. Shunchaki roʻyxatga olyapti, deb oʻyladim, boshida hech narsani tushunganim yoʻq-da. Ammo bu daftarga kirishning foydasini, natijasini keyin angladim. Men kabi tengdoshlarim, dugonalarim nomidan bemalol ayta olaman: “Yoshlar daftari” biz uchun chinakam baxt daftari, maqsad daftari, orzular ushaladigan daftar boʻldi. Qoʻlimdan ish kelayotganidan, tikishni oʻrganib, shunday tikuv korxonasida ishlayotganimdan mamnunman. Tikuvchilikning barcha sir-asrorlarini puxta oʻrganyapman. Mutasaddilarni mahallabay, xonadonbay yurib, dardu tashvishlarimizni eshitishga undagani, bizga nima kerak boʻlsa, muhayyo qilayotgani uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman. Endi hayotga boshqacha koʻz bilan qarayapman. Katta orzular qilishdan qoʻrqmayapman. Chunki bu yurtda har qanday orzu oʻz ijobatini topadi.