Kelajak odamining yangi qadriyatlari

    Insonning butun umri shaxsiy qadriyatlarni takomillashtirish, jamiyat, zamon va sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar qiymatini anglashga intilish jarayonidan iboratligini inobatga olsak, qadriyatlar jamiyat va odam faoliyatida katta taʼsir kuchiga ega ekanini sezamiz.

    Qadriyat axloqiy talab sifatida odamlarning xatti-harakati va turmush tarzi, intilish va ehtiyojlarini belgilaydi, maʼnaviy mezon boʻlib toʻgʻri yoʻlga solib turadi. Ularni barqarorlashtirish butun xalq, davlat yoki qavmlarni uzoq vaqtga qadar aniq maqsadlar yoʻlida birlashtiradi, faoliyatining yoʻnalishini belgilaydi. Mana nima uchun kattagina davrni qamrab oluvchi milliy strategiyalar ishlab chiqiladi!

    Qadriyatlar muayyan davr ehtiyojining mahsuli boʻlish bilan birga uning koʻzgusi hamdir. Ular ijtimoiy taraqqiyot jarayonida namoyon boʻladi. Iqtisodiy, siyosiy, madaniy munosabatlarni oʻzida aks ettiradi. Oʻzgarib, takomillashib boradi. Tarixiy taraqqiyot jarayonidagi oʻzgarishlar, rivojlanishlar qadriyatlar mazmunida oʻz ifodasini topadi.

    Jamiyatda yuz berayotgan hodisalar shaxs ongida yangilanishni keltirib chiqaradi. Yangilanish esa qadriyatlarning tub mohiyati bilan bogʻliq. Agar ular sayqallanib, boyib bormasa, u tez orada eskirib, taraqqiyotga toʻsiq boʻladigan hodisaga aylanib qoladi.

    Oʻtgan mingyillikning har asrida xalqimizda qanday milliy qadriyatlar shakllanmadi deysiz. Shu bilan birga, tariximiz magʻzi puch chiqqan yuzlab gʻoya va maqsadlarga ham guvoh boʻldi. Sulolalar almashinuvi davriga toʻgʻri kelgan XI asr boshini olaylik. Fan va madaniyat gullab-yashnashi, oʻziga xos Sharq tamadduniga asos solgan somoniylar saltanatidek kuchli davlat qulash arafasida edi. Shimoldan qoraxoniylar, janubdan gʻaznaviylar somoniylar va xorazmshohlar davlatiga hujum uyushtirayotgandi. Gʻaznaviylar davlati asta-sekin kuchayib bordi. Koʻp oʻtmay, qoraxoniylar Buxoroda hokimiyatni butunlay qoʻlga oldi. Shunday qilib, kuchli somoniylar davlati batamom quladi. Xalq hammasini qaytadan boshlashiga toʻgʻri keldi. Bor narsani yangilash bilan qaytadan boshlashning farqi katta. Bir uydan ikkinchisiga koʻchib oʻtishning oʻzida qancha tashvish bor — bir qadriyatdan boshqasiga oʻtishni tasavvur qilavering.

    XIII asrning uchinchi oʻn yilligiga kelib yov qoʻliga oʻtgan, XIV asr boshlarida ham moʻgʻullar hukmron boʻlgan yurt Amir Temur va uning rahnamoligida qoʻlga kiritilgan ozodlik, buyuk sohibqiron barpo etgan markazlashgan va oʻta qudratli davlat bilan putur yetgan qadriyatlarini tiklab oldi.

    XV asrning ikkinchi yarmida esa jahon tafakkur olamida Alisher Navoiydek daho paydo boʻldi. U xalq baxti va kelajagini temuriylar saltanati ravnaqi bilan bogʻlab, chinakam yuksak qadriyat yaratdi. Shoir merosini hech ikkilanmay milliy qadriyat deb aytayotganimizga sabab shuki, bobomizning serqirra ijodi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy va hatto ijtimoiy-iqtisodiy qarashlarning muayyan va mukammal tizimga solingan majmuidan iborat. Oʻz davrida Navoiy aytmagan gap qolmagandi. Bu ijod namunalarida umuminsoniylik bilan milliylik shu qadar uygʻunlashib ketganki, aynan shuning uchun asrlar oʻtgani sari u ilgari surgan gʻoyalar ahamiyati aslo kamaymaydi, aksincha, ortib boraveradi.

    Taassufki, tarix sahifalarida qonli izini qoldirgan ikki betayin urush muqaddas qadriyatlarning muhtasham obidalar kabi nurashiga sababchi boʻldi. Kutilmagan qatagʻonlar, surgunlar, qoʻzgʻalonlarning shafqatsizlarcha bostirilishi asr odamlarini yashash emas, omon qolish ilinjida hayot kechirishga majbur qildi. Oʻtmish uchungina muhim ahamiyat kasb etib qolmay, hozirgi va kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadigan, kishilar shuuriga singib, ijtimoiy ahamiyat kasb etadigan moddiy, maʼnaviy, tabiiy, diniy, axloqiy, falsafiy va boshqa boyliklar majmui — qadriyat oʻrnini juda kam resurs bilan kulrang hayotini iloji boricha boshogʻriqsiz davom ettirishning arzon istaklari, koʻnikishlari, taslimlari egalladi.

    Bu ruhiy jarohatlar insoniyatni kelajakdagi yomon kunlarga, fojialarga tayyor boʻlishga oʻrgatdi. Istalgan vaqtda qoʻrqinchi hodisa yuz berishi mumkinligi, kimdir qamalishi, ­kimdir umuman aloqasi yoʻq ishda aybdor deb topilishi, kimdir qoʻqqisdan yoʻq boʻlib qolishi — bularning hamma-hammasi odamlarni doimiy zoʻriqishda, bosim ostida ushlab turdi. Bundan tashqari, shoʻro zamonida odamlarning har doim mehnat bilan band boʻlishi, charchoq tufayli farzandlariga eʼtibor bera olmasligi, bolalarning oʻz holicha, urilib-surilib katta boʻlishi kabilar himoyasizlik hissini kuchaytirdi.

    Pandemiyaning bir necha oylik yoki yillik vahimasi bizni mavhumlik qoʻrquvi ichida yashashga oʻrgatib qoʻygandi. Endi urush yillarida yashagan odamlarning holatini bir oʻylang: bir necha yillik urush oddiy choʻponning ruhiyatini qay darajada zoʻriqtirgan?! Yaqin odamlaridan birini yoʻqotish, ertaga nima boʻlishi noaniqligi qoʻrquvi odamlar ongostida yillab saqlanib turgan.

    Oʻzini doim ikkinchi darajaga qoʻyish, xohishlarini himoya qilish befoydaligini his qilish, holdan toygan boʻlsa-da, boshqalarga kuchli boʻlib koʻrinish istagi, bir soʻmni ham tejash, qora kunga yigʻish, qulash dahshatli boʻlmasligi uchun baland parvoz qilmaslik, istalgan muammo qarshisida yolgʻiz oʻziga, oʻzining kuchiga suyanish, yashalmagan hayotining yukini farzandlarga ortish, ularning ehtiyojlari va istaklari, kuchi namoyon boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik kabi xususiyatlar, feʼl-atvorlar urush va urushdan keyingi avlodning ruhiy ogʻriqlari, qadriyat atalmish kemtigini vahima bilan toʻldirgan quruq, sovuq odatlar, amallardir. Natijada ular ham oʻz salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarishga qiynaldi. Boisi, omon qolish rejimi ijodkorlikka oʻrin qoldirmadi. Millat uchun qilinadigan ishlar, shonli maqsadlar esa, shubhasiz, qoʻrquv taʼsirida amalga oshmaydi.

    Mustaqillikka erishilganidan soʻng jamiyat taraqqiyotidagi burilish, islohotlar rivoji qadriyatlarning oʻzgarishiga turtki boʻldi. Oxirgi sakkiz yilda qadriyatlarning yangilanish surʼati oshdi.

    Bugun inson huquqlari va erkinligining toʻla-toʻkis taʼminlanishi nazarda tutilayotgan huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, qonunlar, Prezident qarorlari va farmonlarini amaliyotga tatbiq etish va bajarish samarasini oshirish, bu boradagi ­vazifalarga yanada masʼuliyatli yondashish yangi qadriyatlar tizimini takomillashtirish jarayonining ijtimoiy-siyosiy sohadagi asoslari boʻlib xizmat qilmoqda.

    Mamlakatimiz aholisi koʻp millatliligi va asosiy tarkibini yosh avlod tashkil etishi, ularda umuminsoniy, milliy qadriyatlar uygʻunligini taʼminlash va shaxs qadrini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olib, oʻzaro hamjihatlikni qoʻllab-quvvatlovchi qadriyatlarga alohida eʼtibor berish dolzarblashib bormoqda.

    Ushbu qadriyat tizimlarining moddiy asosi iqtisodiy jarayonlar, ularda roʻy berayotgan qalqishlar bilan bogʻliqligini, albatta, inkor etmaymiz. Iqtisodiyot, mehnat va ishlab chiqarish sohasidagi oʻzgarishlarni tadqiq qilish iqtisodiy islohotlarning qaysi qadriyatlarga qaratilgani, ularning istiqboli qanday qadriyatlarni barqarorlashtirishi va kelajakda qay tarzdagi qadriyatlar tizimini vujudga keltirishi mumkinligini oʻrganish imkonini beradi.

    Iqtisodiy islohotlar orqali qadriyatlar taʼsiri oshadi. Natijada kelajak odami yangi mezonlarga moslashadi. Oʻz ehtiyoj, qadriyat va intilishlarini zamon talablariga moslab oʻzgartiradi. Buning uchun muayyan vaqt ajratiladi.

    Yangi qadriyatlarni shakllantirish vositasi boʻlgan bozor munosabatlari hozirning oʻzidayoq iqtisodiy jarayonlarni boshqarishning zamonaviy usullarini samarali qoʻllash imkonini berdi. Ishlab chiqarishda faollik, ijodiy yondashuv va ochiq raqobat paydo boʻlishiga olib keldi. Tashabbuskorlikni rivojlantirdi va boqimandalik kayfiyatini keskin kamaytirib, shaxsning iqtisodiy sohadagi imkoniyatlarini kengaytirdi.

    Mahsulot ishlab chiqaruvchilarning narx-navo belgilashdagi monopoliyasini butkul yoʻqotish, ishlab chiqarishni isteʼmolchilar talabiga moslab oʻzgartirishga urinish jarayonlarga sunʼiy idrok texnologiyalarini qoʻllashni tezlashtirdi. Mehnat bilan mashgʻul kishilarni bu yangiliklar talabiga monand oʻz iqtidori, koʻnikmalarini takomillashtirishga undadi.

    Bugun iloji boʻlsa, barchani iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, oʻzgarishlarning istiqboliga koʻproq ishontirish, odamlarning ruhiyatida, qarashlarida, iqtisodiy tafakkurida tub burilish yasash yangi qadriyatning asosiy vazifalaridan biri boʻlib qoladi. Shunday ekan, biz shitob bilan kirib borayotgan yangi dunyoga nisbatan xavotirimiz ancha kamayadi, yangi toʻlqin tamadduniga ishonch uygʻotadi. Ushbu tamaddunga qoʻshilarkanmiz, shunchaki bir quvvat tizimidan ikkinchisiga yoki bir texnologik asosdan boshqasiga oʻtmayotganimizni anglaymiz. Biz ayni chogʻda ichki olamimizga ham inqilobiy ruh olib kirayotganimizni his qilamiz.

    Ertangi shaxslar bir-biridan, shubhasiz, bugungidan koʻra koʻproq farq qiladi. Ularning koʻpi tezroq balogʻatga yetadi, zimmasiga masʼuliyatni ertaroq oladi, tez oʻzgaruvchi muhitga tuzukroq moslashadi va oʻziga xos jihatlarini koʻproq namoyon qiladi. Ular pulga muhtoj boʻladi. Oʻsha pulni ishlab topadi ham, biroq faqat pul uchun mehnat qilmaydi.

    Kelajak odamlari har narsadan avval hayotda muvozanatga intiladi — mehnat bilan koʻngilxushlik, ishlab chiqarish bilan isteʼmol, aqliy va jismoniy harakat, mavhumlik bilan muayyanlik oʻrtasidagi muvozanat katta ahamiyat kasb etadi. Ular oʻtmish odamlariga qaraganda oʻzini murakkab tushunchalar orqali tahlil qiladi va tavsiflaydi. Nihoyat insoniy deb atashga munosib tamaddunni yaratadi.

    Biroq eng soʻnggi bir zaruratni qabul qilmas ekanmiz, bunday munosib tamaddunga eson-omon oʻtib olishda qiynalamiz. Bu zarurat dunyoqarash, saviyaning butkul oʻzgarishi va sunʼiy intellekt bilan uygʻun yangi qadriyatlarning rivoj topishidir. Chunki kelajak qadriyati kelajak odamiga mos kelishi kerak.

    Azizbek YUSUPOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri