Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi tizimli transformatsiyalar davrining fundamental dasturini belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining “Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va gʻururi baland millatmiz” degan soʻzlari yangi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlida oʻz oldiga ulkan maqsad va vazifalar qoʻyganini anglatadi.
Murojaatnomada bevosita taʼlim sohasi bilan bogʻliq koʻplab tashabbuslar ilgari surilgan. Bu jamiyatimizda inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylanganini koʻrsatadi. Shuningdek, oliy taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan har bir professor-oʻqituvchi, tadqiqotchi va taʼlim menejeri zimmasiga ulkan akademik va maʼnaviy masʼuliyat yuklaydi. Zero, 2026-yilda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot, ayniqsa, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat hamda ekologiya sohalarida kutilayotgan islohotlar aynan intellektual salohiyatga asoslangan yangicha tafakkurni talab etadi.
Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudrati ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollardan oshgani, kambagʻallik darajasining 5,8 foizga tushgani va eksport qiymatining 33,4 milliard dollarga yetgani bilan asoslanar ekan, bu oʻsishning barqarorligi faqat yuqori texnologik bilimga ega kadrlar orqali taʼminlanadi.
Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida 4 ta yirik data-markaz, yaʼni ulkan hajmdagi maʼlumotlarni xavfsiz saqlaydigan, yuqori tezlikda qayta ishlaydigan va uzatadigan “raqamli ombor” hamda 2 ta superkompyuter ishga tushirilishi, shuningdek, 15 ta nufuzli oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi mamlakatimizda “bilimlar iqtisodiyoti” poydevorini mustahkamlaydi. Bu infratuzilma tibbiyot, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya va bank-moliya kabi hayotiy muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Minglab iqtidorli yoshlarimizning kvant texnologiyalari, dronlar va robototexnika yoʻnalishidagi konstruktorlik ishlanmalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etilishi yosh avlodning intellektual faolligini yangi bosqichga koʻtaradi.
Eng hayratlanarli voqea — mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va mamlakatimiz fuqarosi boʻlgan birinchi oʻzbek kosmonavtining fazoga uchirilishi boʻyicha ishlar boshlanishidir. Bu nafaqat texnologik yutuq, balki butun taʼlim tizimi uchun kuchli ilmiy katalizator boʻlib xizmat qiladi. Koinot darajasidagi tadqiqotlar aniq va tabiiy fanlar oʻqitilishini tubdan yangilash, talabalarda murakkab ilmiy tizimlarni boshqarish va tahlil qilish koʻnikmalarini shakllantirishni taqozo etadi.
Murojaatnomada belgilangan toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishga koʻra, professional taʼlim tizimidagi islohotlar, xususan, 100 ta texnikumning Germaniya, Janubiy Koreya va Shveysariya modellari asosida modernizatsiya qilinishi oʻrta boʻgʻin kadrlarining professional darajasini xalqaro standartlarga tenglashtiradi. Dual taʼlim tizimini joriy etgan korxonalarga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar berilishi va ilk bor 100 ming nafar texnikum oʻquvchisiga davlat stipendiyalari tayinlanishi taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etadi.
Shu bilan birga, oliy taʼlimda sifat nazoratini kuchaytirish maqsadida nufuzli xalqaro boshqaruv tizimlarining joriy etilishi, masalan, Jizzax politexnika institutining Vengriyaning Obuda universiteti boshqaruviga oʻtkazilishi hamda Yaponiyaning Sukuba milliy universiteti bilan hamkorlikda yangi muassasa tashkil etilishi milliy OTMlar uchun xalqaro akademik sifat andozasi boʻlib xizmat qiladi. Har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan 300 ming oliy maʼlumotli yigit-qiz uchun yaratilayotgan raqamli ekotizim talabalarning kognitiv salohiyati va akademik yutuqlarini ish beruvchining real ehtiyojlari bilan bogʻlovchi intellektual platforma boʻlib xizmat qiladi. Bu platforma taʼlimning shaffofligi va natijadorligini taʼminlashda muhim instrument vazifasini oʻtaydi.
Sogʻliqni saqlash tizimida ham xalqaro sifat nazorati oʻrnatilishi, xususan, “Pearson” kompaniyasi bilan hamshiralar malakasini baholash tizimi yoʻlga qoʻyilishi tibbiy taʼlim nufuzini oshiradi. Tibbiyot sohasiga ajratilayotgan 3,5 trillion soʻm mablagʻ va transplantologiya kabi murakkab yoʻnalishlardagi yangi texnologiyalar faqat eng zamonaviy bilimga ega mutaxassislar qoʻlida samarali vosita boʻla oladi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yangi Oʻzbekistonning bosh yutugʻi faqat iqtisodiy raqamlar emas, balki jamiyatimizda shakllangan yangicha tahliliy tafakkur va rivojlanish madaniyatidir.
Maʼrifatli jamiyatgina yuksak masʼuliyatni his eta oladi va rivojlanish madaniyatini oʻz hayot tarzi darajasiga koʻtaradi. Taʼlim tizimidagi barcha islohotlar — kelajakka yoʻnaltirilgan eng samarali sarmoya. Chunki zamonaviy bilim va yuqori texnologik koʻnikmalar bilan qurollangan inson Uchinchi Renessans poydevori bunyodkori va taraqqiyot drayveri boʻla oladi.
Murojaatnomada keltirilganidek, ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish ham tubdan yangi taʼlimiy yondashuvni talab qiladi. Kelgusi besh yilda mamlakatimizda kamida 30 ming ekologiya menejeriga talab paydo boʻlishi ilmiy prognoz qilinmoqda. Shu bois, 2026-yilda har bir hududda tashkil etiladigan “yashil” texnikumlar dual taʼlim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlashni zimmasiga olishi kerak boʻladi.
Murojaatnomada belgilangan kosmik loyihalar, sunʼiy intellekt laboratoriyalari, “yashil” texnikumlar va yangi universitetlar mamlakatimizni jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqadigan intellektual poydevordir.
Shohruxbek QODIROV,
Fargʻona davlat universiteti
katta oʻqituvchisi
Hamkorlik materiali