Kelasi oʻquv yilidan barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari bepul ovqat bilan taʼminlanishi mumkin

    Mamlakatimizda 7 Fevral 2023 6154

    Prezidentning “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni va Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Hujjatga koʻra:

    - 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi;

    - 2023-yil 1-apreldan boshlab 27 ta professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, oʻrtacha 3 mln soʻmga teng boʻladi;

    - 2023-yil 1-iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi;

    - tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida 2023-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy oʻrnatiladi;

    - 2023-yilda 53 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi;

    - 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqarolarga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablagʻlar yoʻnaltiriladi;

    - 2023-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trln soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trln soʻm yoʻnaltiriladi;

    - 2023-yil 1-iyuldan boshlab, “Mahalla byudjeti” tizimini barcha tumanlar va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga oʻz muammosini mustaqil hal etish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 mlrd soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi;

    - quvvati 20 kVt va undan past boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanmoqda;

    - 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini oʻrnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026-yilga qadar ularning binolari energiya isteʼmolining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich oʻtkaziladi.

    Jamoatchilik muhokamasi 17-fevralgacha davom etadi, siz ham unda oʻz takliflaringiz bilan faol ishtirok eting: http://2023.strategy.uz/ ;