Kelgusida jahon brendlarining boshqa moddellarini ham ishlab chiqarishi kutilayotgan ADM-Jizzakh zavodining ishlab chiqarish quvvati birinchi bosqichda yiliga 25 000 avtomobilni, keyinchalik esa 100 000 avtomobilni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Jizzax erkin iqtisodiyot zonasidagi ADM-Jizzakh zavodi noyabr oyidan boshlab eng yangi modellardan boʻlgan — KIA Seltos va KIA K5 avtomobillarini yigʻishni boshlaydi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” Roodell kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib.
Zavod avval-boshdanoq multibrendli xususiyatga ega boʻlishi koʻzda tutilgan — kelgusida u yerda jahonga mashhur qator brendlar avtomobillarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar hamkor dilerlik tarmoqlari orqali MDH davlatlariga eksport qilinadi.
KIA Seltos. Foto: KIA Motors.
«Mutlaqo yangi boʻlgan xususiy avto ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi — Oʻzbekiston bozori uchun shunchaki tijorat yangiligi emas, balki olib borilayotgan yangi islohotlar, ham investorlar, ham isteʼmolchilar uchun yangi sharoitlarning yaratilishi natijasidir, — taʼkidladi Roodell bosh direktori Daniyar Davletiyarov. — Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, mamlakatda haqiqatan ham avtomobil tarixining yangi davri boshlanmoqda, u biratoʻlasi bir nechta global avtomobil brendlarining ishlab chiqarila boshlashi, yaʼni oʻzbek bozoriga kirib kelishi bilan bogʻliq. Biz yangi investorlar uchun makon, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va distributsiyalash bozorini shakllantirish, dilerlik va logistika markazlarini qurish uchun sharoit yaratmoqdamiz. Faoliyatimizning dastlatki yilida turli uchta mashhur avtobrendlarning avtomobillarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz».
Ayni paytda Jizzax EIZda zavod qurilishining yakuniy bosqichi davom etmoqda va turli konfiguratsiyaga ega boʻlgan avtomobillarni ishlab chikarish uchun moʻljallangan ikkita texnologik liniyasini oʻrnatish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming donani tashkil etadi. Ikkinchisida — 2022-yil yakuniga qadar payvandlash, kuzovni boʻyoqlashva yigʻuv sexlari ishga tushirilganidan keyin ushbu koʻrsatkich 100 mingtaga koʻpayadi.
Avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda mahalliy, xorijiy korxonalar uchun yangi istiqbollarni yaratish va ishlab chiqarilgan avtomobillarni eksportini taʼminlash ham Roodellkompaniyasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Avtomobillarni ishlab chiqarishga moʻljallangan texnologik liniyasi, KIAMotorsning Rossiyadagi mintaqaviy bosh vakolatxonasi ishtirokida yaratildi. Kompaniya oʻz tajribasi va ekspertizasini Roodell rahbariyati bilan oʻrtoqlashdi va hamkorlikni muvaffaqiyatli davom ettirishni kutmoqda.
«MDH bozori katta salohiyatga ega, KIA avtomobillariga qiziqish tobora ortayotganini koʻrib turibiz, - dedi KIA Motors Rus & CIS HQ prezidenti janob Chjin-Xa Kim. — Bu KIA Motors Russia & CISning mintaqaviy vakolatxonasini bosh raxbari sifatida dastlabki yirik loyihalaridan biridir. Yangi zavodda KIAning eng soʻnggi va yuqori texnologik modellari ishlab chiqariladi, chunki biz Oʻzbekistonga va hamkorlarimizga ishonamiz. Yangi zavod rahbariyati va butun jamoasiga muvaffaqiyatlar tilaymiz».
2020-yil noyabr oyida “Jizzax” EIZda biznes-klass sedanining yangi global nomiga aylangan KIA K5 avtomobili va dunyoda sensatsiya hisoblangan hamda koʻplab bozorlarda eʼtibor qozongan KIA Seltos ixcham krossoveri ishlab chiqarila boshlanadi. Ikkala model ham oʻz segmentlarida yuqori raqobatbardoshligi, ajoyib dizayni, dinamik xususiyatlari va qulay yuqori texnologik funksiyalari bilan ajralib turadi.
Maʼlumot uchun, Roodell — 2014-yildan buyon avtomobil bozorida faoliyat koʻrsatib kelayotgan milliy kompaniyalardan biridir.








