Hozirgi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari zamonida hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Ayniqsa, ikki yildan beri davom etib kelayotgan pandemiya tufayli internetga ehtiyoj yanada ortdi. Bu paytda internet firibgarligi ko'payganini ham inkor etib bo'lmaydi. Bugun “o'rgimchak to'ri”ning insonlar hayotiga ko'proq kirib borishi natijasida, ayniqsa, onlayn buyurtmalar ko'rinishidagi kiberfiribgarlik soni har qachongidan-da ko'paymoqda.
Firibgarlikning bu turi har xil usul va shakllarda sodir etilishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani fishing, karding va farmingdir. Fishing “baliq ovi” ma'nosini bildiradi va banklar, to'lov tizimlari nomidan elektron xatlar yuboradi. Foydalanuvchini bank va to'lov tizimlari bilan bir xil ko'rinishda bo'lgan maxsus saytga kirishga undaydi va foydalanuvchi unda shaxsiy ma'lumotlarini qoldirish orqali kiberfiribgar tuzog'iga tushishi mumkin.
Keyingisi karding bo'lib, u fishing saytlar yaratish va unda arzon narxdagi tovlarlarni joylashtirish hamda undan xaridorlar o'zining shaxsiy ma'lumotlarini (plastik kartasi haqidagi ma'lumotlarni) kiritish orqali kiberfiribgarga plastik karta haqida ma'lumot beruvchi, ammo biror oldi-sotdini amalga oshirish imkonini bermaydigan kiberfiribgarlik turidir.
Farming ham firibgarlikning fishing saytlar orqali sodir etiladigan ko'rinishi bo'lib, unda foydalanuvchi sayt nomini to'g'ri qayd etsa ham soxta saytga kiraveradi va shu orqali shaxsiy ma'lumotini o'zi bilmagan holda kiberfiribgarning qo'liga topshiradi.
Bundan tashqari, ushbu jinoyat boshqa usullar bilan ham sodir etilishi mumkin. Hozir ko'plar qo'lidagi valyutani internet tarmog'i orqali tegishli bank saytlariga kirish yo'li bilan onlayn tarzda almashtirishga harakat qiladi. Kurslar orasidagi tafovut birmuncha arzonroq bo'lgan platformada pul almashtirishga urinib ko'rishi va shu yo'l bilan bor mablag'idan ajralishi ko'p uchramoqda. YOki soxta reklamaga uchib, aldamchi frilanserga chuv tushishi mumkin.
Statistikaga ko'ra, onlayn buyurtma orqali firibgarlik qilishning eng ko'p tarqalgan usuli xarid uchun haq to'lanib, xarid qilingan buyumning xaridorga etkazib berilmasligi natijasida mulkdorga etkazilgan zarar hisoblanadi.
Ushbu jinoyat barcha davlatlarda, xususan, mamlakatimizda ham ko'p uchramoqda. Statistik ma'lumotlarga qaraganda, firibgarlik jinoyati O'zbekistonda transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlardan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Jumladan, Respublika protsessing markazining ma'lumot berishicha, Uzcard brendidan kiberfiribgarlik maqsadida rasmiy sayt interfeysi ko'chirib olinib, bonuslar olish uchun karta raqamini kiritish taklif qilingan. Natijada shu orqali kiberfiribgarlik amalga oshirilgan.
Shuningdek, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK ma'lumotiga ko'ra, 2021 - yilda internet tarmog'ining milliy segmenti manzil maydonida 17 million 97 ming 478 ta zararli va shubhali holat, jumladan, 1 354 106 ta kiberhujum aniqlangan.
Bunday jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik yoshini belgilash haqida dunyo davlatlari turlicha yosh tsenzini taklif qiladi. Agar jinoyat O'zbekiston hududida sodir etilgan bo'lsa, ushbu shaxsga nisbatan yosh tsenzi 16 yosh deb belgilangan. Mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 17-moddasi va 168-moddasining ikkinchi qismi “v” bandiga asosan, komp`yuter texnikasi vositalaridan foydalanib firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
SHu o'rinda savol tug'iladi: bunday jinoyat ko'payishiga nima sabab bo'lmoqda va uning oldini olish mumkinmi?
Ha, albatta, mumkin. Onlayn buyurtmaga asoslangan firibgarlik jinoyati sodir etilishiga aksariyat hollarda shaxsning o'zi sababchi bo'ladi. Misol uchun, doimiy foydalanadigan onlayn do'konning domeni nomiga jabrlanuvchi etarlicha e'tibor qaratmaydi va domen nomidagi o'xshash harf yoki belgi, raqamlar orqali soxta fishing saytga kirib ketadi. Sinalmagan saytlar orqali onlayn buyurtma qilish va plastik karta haqidagi ma'lumotni o'zi bilmagan holda firibgarga berib yuborish ham uning tuzog'iga ilinishga sabab bo'ladi.
Onlayn buyurtma vaqtida plastik kartani suratga olib onlayn buyurtma oluvchi shaxsga berish va ushbu shaxs jabrlanuvchining ishonchiga kirib, uning plastik kartasidagi mablag'ni o'zlashtirib olayotganini jabrlanuvchi bilmay qoladi. Yoki turli aldov ruknidagi saytlarga kirish va unda nazarda tutilgan ketma-ket amallarni bajarish ortidan ham o'z mulkidan ajralib qolishi mumkin. Mazkur holatda onlayn buyurtma foydalanuvchilari hech qachon o'ziga berilayotgan qulaylikdan voz kechishi kerak emas, faqat ehtiyot bo'lish uchun qaysi axborot tizimi yoki platforma orqali narsa-buyum xarid qilayotgani, ehtiyoji uchun nazarda tutilgan axborot tizimiga to'g'ri kirayotgani yoki kirmayotganiga e'tibor qaratishi lozim. Shuningdek, har xil aldovlarga ishonmay, har bir reklamaning asosiga e'tibor qaratishi, o'z ehtiyoji uchun xarid qilishi maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, ba'zi hollarda xarid vaqtida onlayn suhbatdan unumli foydalanish orqali ham firibgarlar tuzog'idan qutulish mumkin. Jabrlanuvchi onlayn xarid vaqtida savdo amaliyoti qaysi hududda o'tkazilayotgani va imkoni bo'lsa, oflayn sotib olishga ehtiyoji borligi, narsa-buyum sotilayotgan joy manzilini so'rash orqali ham firibgar tuzog'idan xalos bo'lish mumkin. Agar sotuvchi halol shaxs bo'lsa, uchrashuvga rozi bo'ladi, aksincha holatda yuzlashishdan voz kechadi.
Onlayn xarid orqali firibgarlikka uchragan yoki shunday vaziyat qurboni bo'layotgan shaxs, birinchi navbatda, zudlik bilan platformani tark etishi, plastik kartasi yoki elektron to'lovi haqidagi ma'lumotlarni kiritib qo'ygan bo'lsa, operatsiyani to'xtatishi talab etiladi. Imkoni bo'lsa, darhol tegishli bankka murojaat qilib, plastik kartasidagi pul mablag'larini muzlatgan holda boshqa plastik karta yoki boshqa hisob raqamga o'tkazishi, ro'y bergan ko'ngilsizlik xususida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishi maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, kartadagi pulni zudlik bilan mobil` ilovalardagi bank omonatiga joylashtirishi yoki har bir bank operatsiyalarini bajarayotgan paytda to'lov amalga oshirilayotgan axborot tizimiga to'g'ri kirganiga ishonch hosil qilishi kerak.
Ba'zi hollarda shaxsning e'tiborsizligi, elektron to'lov vositalariga kiruvchi imkoniyatning xavfsizligi ta'minlanmagani onlayn buyurtma orqali firibgarlik sodir etilishiga sabab bo'ladi. Shu bois, xarid imkoniyatini beradigan axborot tizimi haqida dastlab batafsil ma'lumotga ega bo'lib, so'ng xarid qilish, tizimga kirishning identifikatsiya va audentifikatsiya yoki fase (qiyofa) nazorati usullaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Onlayn xarid bugun xususiy sektordan tashqari davlat sektoriga ham kirib bordi. elektron tijorat uchun mavjud imkoniyatdan davlat organlari va idoralari xizmatchilari ham foydalanayotgani ijobiy holat. Biroq yaratilayotgan va joriy qilinayotgan axborot tizimlarining axborot va kiberxavfsizligi etarlicha ta'minlanmagani islohotlarning pirovard natijasiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Shu sababli axborot va kiberxavfsizlik talab laridan kelib chiqib, nafaqat davlat sektorida, balki xususiy sektorda ham litsenziyalangan dasturiy mahsulotlardan foydalanishga o'tish va uni majburiy qoida sifatida belgilash bugunning dolzarb masalalardan. Aynan litsenziyalangan dasturiy mahsulotlardan foydalanish orqali shaxs, jamiyat va davlatning kiberxavfsizligi ta'minlanadi. Litsenziyalangan dasturiy mahsulotlarga keltirilgan zarar qoplanishini oldindan aniq bilgan holda undan foydalanuvchilar soni ko'payadi. Buning uchun esa “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonun, Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarni ko'rib chiqish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, bugun tegishli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari etarli emasligi har tomonlama noqulaylikni vujudga keltirmoqda. Shu sababli raqamli iqtisodiyot bo'yicha vakolatli organ tashabbusi bilan IT marketga o'xshagan platforma yaratish orqali tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida raqobat muhitini oshirish mumkin. Shuningdek, davlat buyurtmachisi bo'lgan idoraning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bog'liq shartnomaviy munosabatlarga kirishishiga taqiq ushbu sohada ham raqobat muhiti takomillashuviga sabab bo'ladi.
Yuqoridagi takliflarning inobatga olinishi nafaqat onlayn xarid bilan bog'liq, balki boshqa axborot tizimlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining axborot va kiberxavfsizligi ta'minlanishiga zamin yaratadi. Qolaversa, barcha foydalanuvchilarning dasturiy mahsuloti litsenziyalanishi va litsenziyalangan axborot tizimlariga keltirilgan zararning o'rni qoplanishi natijasida raqamlashtirilgan jamiyatda foydalanuvchilarning davlat organlari va idoralariga bo'lgan ishonchi yanada ortadi, xususiy sektorda ham litsenziyal angan dasturiy mahsulotlardan foydalanish amaliyoti keng yo'lga qo'yiladi.
Abdulaziz RASULEV,
yuridik fanlar doktori, professor,
Amiriddin ANORBOEV,
yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori.