“Kimyoni ahamiyatlilik jihatidan bemalol IT sohasiga tenglashtirish mumkin!..”  Shveysariyadagi kimyogar magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

    Suhbat 14 Iyul 2020 7369

    “Yangi Oʻzbekiston” nashri xorijdagi hamyurtlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Shveysariyaning Jeneva universiteti bioorganik kimyo yoʻnalishi boʻyicha magistratura bosqichida tahsil olayotgan yurtdoshimiz Jaloliddin Xushvaqtov boʻldi.

    M.: Jaloliddin suhbatimizni nima uchun kimyo sohasini tanlaganingiz mavzusida boshlasak.

    J.X.: Bolalikdan ota-onam oʻqish qatori, hunar oʻrganish, tajriba toʻplash va muomala madaniyatini egallashimizga alohida eʼtibor qaratishgan. Shu boisdan, dadamlar kichikligimizdan oylik bermasada, turli joylarga ish oʻrganishimiz uchun shogirdlikka berardi. Masalan, oʻquvchilik yillari maktabdan boʻsh vaqtlarim bir muddat kafeda, soʻng novvoyxonada ishlaganman.

    Keyin adashmasam, maktabda 8 sinfni tugatib, yozgi taʼtilda soch shampuni ishlab chiqaradigan korxonada ish oʻrganuvchi boʻlgandim. U yerda Muxtor aka degan kimyogar-texnolog xodim boʻlardi. Ularni vazifasi soch boʻyoqlari va gellarini laboratoriyada tayyorlash hisoblangan. Qolaversa, ular rus, ingliz va turk tillarini ham bilardi. Xorijiy davlatlarga ham xizmat safari bilan koʻproq ular borishiga guvoh boʻlganman. Oʻsha paytlar kimyogar-texnolog boʻlsam, til oʻrgansam men ham Muxtor akaga oʻxshab dunyo kezaman degan havas uygʻongan.

    Umuman, oʻsha payt korxona laboratoriyasidagi kimyoviy portlash reaksiyalari, kimyoviy jarayonlar qiziq tuyilgan. Shu tufayli bakalavr bosqichini Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo yoʻnalishida oʻqidim. Hozir Islom Karimov fondi granti gʻolibi sifatida Shveysariyaning Jeneva universiteti bioorganik kimyo yoʻnalishi boʻyicha magistratura bosqichini davom ettiryapman.

    M.: Nima uchun aynan Shveysariyada oʻqishga qaror qildingiz?

    J.X.: Bakalavrni oʻqib yurgan kezlarimdayoq xorijning nufuzli oliygohlaridan birida oʻqish niyatim boʻlgan. Lekin, boshida Shveysariya varianti boʻlmagandi.

    Islom Karimov fondi granti tanlovida ishtirok etish jarayonida fond maʼmuriyati tomonidan Shveysariya taʼlim imkoniyatlari haqida tavsiya berishgan. Oʻsha vaqtda 7 ta oliygohga hujjat topshirdim. Ulardan bittasi Erasmus dasturi, bittasi Shveysariya va beshtasi Germaniyadagi universitetlar edi. Ochigʻi, Jeneva universitetiga qabul qilinishni orzu qilgan boʻlsam-da, koʻp ham kirishga koʻzim yetmagan. Chunki, yutuqlarim u darajada koʻp emasdi.

    Ammo Jenevadan oʻqishga qabul qilinganligim toʻgʻrisida xat kelganida juda ham xursand boʻlganman.

    M.: Sizningcha, mutaxassisligingizning jahondagi ahamiyati qay darajada?

    J.X.: Kimyo sohasini yaxshi bilmagan odamlarning aksariyati fanimizning kelajagini yoʻq, deb oʻylashadi. Hatto, oʻzimga ham kimyoga doir deyarli barcha narsa oʻrganilgan, endi yangi kashfiyotlar qilish qiyin mazmunida koʻp bor gapirishgan. Aslida unday emas. Kimyo fanida hali oʻrganilmagan narsalar bisyor. Oʻylashimcha, kimyoni ahamiyatlilik jihatidan bemalol IT sohasiga tenglashtirish mumkin. Masalan buni birgina bugungi kunda dunyodagi global muammolar sirasiga kirib ulgurgan koronavirus misolida ham aytsa boʻladi. Aynan koronavirusga qarshi kurashda tabiiy fanlar vakillari, xususan tibbiyot xodimlari birinchi qatorda turib xizmat qilishmoqda. Shuningdek, virusga qarshi vaksinani yaratish ham tabiiy fanlar sohasi vakillari zimmasida.

    Shu nuqtayi nazardan, kimyo sohasiga eʼtiborni har qachongidan koʻra koʻproq kuchaytirishni davrning oʻzi koʻrsatib turibdi.

    M.: Boʻsh vaqtlaringizda nimalar bilan shugʻullanasiz?

    J.X.: Boʻsh vaqtlarimda albatta yangi narsalarni oʻrganishga harakat qilaman. Bu borada onlayn darslar, xususan Yutub platformasidagi foydali videolar katta yordam berib keladi.

    Ikki oy oldin boʻsh vaqtlarimdan samarali foydalanish maqsadida, Telegram messenjerida kimyo sohasiga doir blog yurita boshladim. Bunga sabab mutaxassisligimga doir yangiliklarni asosan ingliz va rus tillarida oʻqib kelish boʻldi. Oʻz navbatida kimyoga oid yangiliklarning oʻzbek tilida eʼlon qilinishi, oʻzbekzabon auditoriyaga yetib borishi ham ancha vaqt talab qilardi.

    Blogim orqali esa, men kimyo sohasiga doir yangiliklarni va oʻzim uchun qiziq tuyilgan maʼlumotlarni oʻzbek tilida ulashib boryapman.

    M.: Yangi Oʻzbekistonni qanday tasavvur qilasiz?

    J.X.: Tasavvurimdagi Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan sohasi yuksak taraqqiy topgan boʻlishi va yangi kashfiyotlar markazi sifatida ham mamlakatimiz eʼtirof etilishini xohlayman. Umid qilamanki, albatta ilm-fan sohasida katta natijalarga erishamiz.

    Nurillo Toʻxtasinov

    suhbatlashdi