Kir yuvish kukunlarini qoʻlbola usulda tayyorlab sotish holatlari fosh etildi

    Xavfsizlik 19 Noyabr 2022 2283

    Yashirin sexda “PERSIL” “ARIEL” “MIF” “TIDE” kabi savdo belgilaridan foydalangan holda kontrafakt kir yuvish kukunlari qoʻlbola usulda tayyorlangan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulugʻbek tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar P.U. va A.Oʻ. “ARIEL”, “PERSIL” va “TIDE” nomli taniqli savdo belgilaridan foydalangan holda har biri 3 kg boʻlgan qoʻlbola usulda qadoqlangan 3 149 dona kontrafakt kir yuvish kukunlarini fuqaro U.P.ga 5 300 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

    Shu kabi, Departamentning Zangiota tuman boʻlimi tomonidan DSI xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar M.X. va D.X. “A.K.” MCHJga tegishli noturar binoning bir qismini oʻzaro kelishuv asosida ijaraga olib, yashirin sex tashkil qilib, “PERSIL” “ARIEL” “MIF” “TIDE” kabi savdo belgilaridan foydalangan holda kontrafakt kir yuvish kukunlarini savdosi bilan shugʻullanib kelganliklari aniqlanib, ushbu sexdan 13 050 kg tuz, 2 653 kg qoʻlbola usulda tayyorlangan kir yuvish kukuni, 2 157 dona idish va boshqa tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.