Tovuq goʻshtini yashirincha qayta ishlash sexi fosh etildi

    Toshkent shahri Uchtepa tumanida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovuq goʻshtini muomalaga kiritilishining oldi olindi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, Sh.K., J.M., J.A. va boshqalar tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan “Xamdost” MFY hududidagi binoda tovuq goʻshtini qayta ishlash sexini tashkil etgan.

    Ularning xavfsizlik talablariga javob bermaydigan 4 674 kg tovuq goʻshtini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.