Samarqandda “Ikki eshik orasi”dan yana noqonuniy foydalanishdi

    Murojaat asosida olib borilgan o'rganishlar chog'ida mazkur qonun buzilishi o'z tasdig'ini topgan.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga kelib tushgan navbatdagi murojaat yozuvchi Oʻtkir Hoshimovning asarlari boʻyicha boʻldi.

    Yozuvchining merosxoʻri hisoblangan fuqaro F.Xoshimov meros huquqi boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan “Ikki eshik orasi” kitoblarining kontrafakt nusxalari sotilayotgani yuzasidan murojaat yoʻllagan.

    Maʼlum boʻlishicha, yakka tadbirkorga tegishli savdo shoxobchasida mazkur asarning “Ilim-ziyo-zakovat” hamda “Meriyus” nashriyotlarida chop etilgan kontrafakt nusxalari sotilib kelingan. Murojaat asosida olib borilgan oʻrganishlar chogʻida mazkur qonun buzilishi oʻz tasdigʻini topgan.

    Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tadbirkorga ushbu asarning kontrafakt nusxalarini sotuvdan olib tashlash haqida taqdimnoma kiritdi va koʻrilgan taʼsir choralari natijasida murojaat qanoatlantirildi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra, yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.

    Adliya organlarining bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalari ijrosini taʼminlamaslik, shu jumladan, oʻz vaqtida yoki toʻliq bajarmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1984-moddasiga binoan maʼmuriy jarima solishga sabab boʻladi va taqdimnomani bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.