Qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasi (1 odam oʻqiydigan kitob soni)ni yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga yetkazish etib belgilandi.

Qarorga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi.

Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi belgilandi:

  • tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratish va asarlarini nashr etish, bolalar adabiyoti yoʻnalishidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
  • tanlov orqali isteʼdodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida 1-yilgacha BHMning 50 baravari miqdorida har oy haq toʻlash;
  • eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
  • vasiylik kengashi aʼzolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot toʻlash.

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-fevraldan:

  • aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha “Kitob – maʼrifat manbai” dasturi amalga oshiriladi;
  • davlat organlarining kitob va kitobxonlik haqidagi reklamalari ijtimoiy axborot (reklama) sifatida tan olinadi;
  • transportlarida (avtobus, metro, samolyot, poyezdlar) simsiz yoki mobil internet tarmogʻi orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi, qulaylik uchun QR kodlar oʻrnatiladi.

Umumtaʼlim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tashkil etiladi:

  • klub aʼzolari oʻrtasida kitob tahliliga bagʻishlangan debatlar oʻtkaziladi;
  • maktablarda klub aʼzolariga yiliga kamida 20 ta kitob oʻqitib boriladi;
  • har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari aʼzolari ragʻbatlantiriladi.