Natijada XX asr boshlaridan Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasi hududini mahalliy aholi toʻliq oʻzlashtirishga kirishdi. Odamlar xom gʻisht va paxsadan uy-joylar qurib oldi.

Oʻtgan asrning 50-yillariga kelib, yer ostida qolib ketgan tarixiy obyekt tasodifiy bir voqea tufayli ochilib qoladi. Bunga bir qizaloq sababchi boʻlgan. Aytishlaricha, Oqsaroy yaqinida uy-joy qurib yashayotgan mahalliy aholi vakillaridan birining qizchasi hovlida oʻynab yurganida yerning bir qismi oʻpirilib, u pastlikka tushib ketadi. Kutilmagan holatdan ota-onasi shoshib qoladi. Tezkor saʼy-harakatlar tufayli odamlar toʻplanib, qizchani qutqarib oladi. Lekin shu jarayonda oʻpirilib tushgan joy oddiy chuqurlik emasligini yigʻilganlar tushunib qoladi. Koʻrinishidan inshootga oʻxshash bu joy ancha keng ekani maʼlum boʻladi. Sarosimaga tushib qolgan xonadon egasi mahalladoshlarining maslahati bilan mutaxassislarga xabar berish harakatiga tushadi. U oʻsha paytda yaqindagina akademik etib saylangan Yahyo Gʻulomovga murojaat qiladi.

Shu yilning oʻzida akademik Yahyo Gʻulomov boshchiligidagi arxeologlar bu yerda oʻrganish olib boradi. Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida bu inshoot bir paytlar koʻmilib ketgan yer osti daxmasi ekani aniqlanadi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻz davrida Shahrisabzda boʻlgan Ispaniya elchisi Klavixoning esdaliklarida ham yozib qoldirilgan ushbu inshoot Amir Temur oʻzi dafn etilishi uchun qurdirgan yer osti daxmasi ekani maʼlum boʻladi.

Daxma deyarli toʻrtburchak shaklda boʻlib, oʻlchami 6,4x6,1 metr. Sagʻananing sathi, devorlari va bostirmasi pardozlangan, marmarsimon ohaktosh bilan qoplangan. Shifti esa chodirsimon gumbaz koʻrinishida qurilgan boʻlib, yuqori qismi naqshinkor kvadrat shaklida bunyod etilgan. Sagʻananing markazida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi, balandligi 0,73 metr, boʻyi 2,5 metr, eni 1,4 metr oʻlchamdagi tosh tobut joylashgan. Uning ustiga esa 11 santimetr qalinlikdagi, xiylagina ogʻir marmar plita qopqoq oʻrnatilgan. Sagʻana bilan tanishish jarayonida uning sirtida, ravoqlari hoshiyasida va taxmonlarda suls xatining turli usullarida bitilgan Qurʼon oyatlari hamda duolarga koʻzingiz tushadi.

Sagʻanani mukammal tadqiq qilgan qadimshunoslar fikricha, Amir Temurning ushbu maqbarasi meʼmoriy jihati va ichki bezaklari boʻyicha Markaziy Osiyoda shu turdagi eng nodir va yirik obidalar, qolaversa, musulmon Sharqidagi eng hashamdor daxmalar qatoridan joy oladi.

Manbalarga koʻra, 1980-yildan boshlab xalqaro sayyohlik markazlari qatoriga qoʻshilgan Shahrisabzga dunyoning turli joylaridan sayyohlar kela boshlagan. Shunday boʻlsa-da, turistlar tomosha qilishi zarur boʻlgan tarixiy obidalar roʻyxatida Amir Temur sagʻanasi yoʻq edi. Boisi, hatto yozning chillasida ham uzoq yillar daxma zaxobga toʻlib yotardi. Biror kishining bu yerga kirishga yuragi dosh bermasdi. Daxma, umuman olganda, eʼtiborsiz holatda saqlab kelingan.

Oradan yillar oʻtib, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, daxmani tozalash ishlari boshlandi. Jumladan, Sohibqiron tavalludining 660-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish jarayonida qadimgi Keshdagi boshqa meʼmoriy obidalar qatorida Amir Temur daxmasi ham taʼmirdan chiqarildi. Zax suvni chiqarib yuborish uchun quvurlar oʻtkazildi. Mehmonlar bu joyni tomosha qilishi uchun zarur choralar koʻrildi.

Nega Keshda emas?

Tarixchilarning yozishicha, oʻsha davrda Amir Temur Keshdagi meʼmor va muhandislarni chaqirtirib, oʻgʻli Jahongir Mirzo maqbarasidan oʻttiz-qirq qadam narida oʻzi uchun moʻljallangan maqbara loyihasini tayyorlashni buyurgan. Bu borada koʻrsatma va maslahatlar bergan. Loyiha tayyor boʻlgach, koʻzdan kechirgan Sohibqiron unga bir oz oʻzgartirishlar kiritib, maqbara qurilishini darhol boshlashga farmon beradi. Shu tariqa qurilish ishlari 1394-yilda boshlanadi.

Sarkarda har safar harbiy yurishdan qaytishda, albatta, Shahrisabzga kirib, maqbaraning qurilish jarayonidan xabardor boʻlib turgan. Ammo koʻrkamlikda shahardagi boshqa mahobatli binolardan qolishmaydigan bu maqbara chala qolib ketadi. Buning ustiga Xitoyga yurish qilgan hukmdorning toʻsatdan tobi qochib, vafot etadi. Uning jasadini hech kimga bildirmay, shoshilinch Samarqandga olib kelishadi.

Vafotidan olti kun oʻtgach, jahongir tuproqqa qoʻyiladi. Buning besh kuni Oʻtrordan poytaxtgacha yoʻlga ketgan. Oʻsha yili qish qattiq kelgan edi. Samarqand bilan Shahrisabzni bogʻlovchi Taxtiqoracha dovonini esa qalin qor bosib qolgandi. Bunday sharoitda Sohibqironning jasadi solingan tobutni Shahrisabzga eltish uchun yana bir-ikki kun zarur boʻlardi. Islom shariati esa mayitni tezroq qabrga qoʻyishni taqozo qiladi. Bundan tashqari, Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, dushmanlar xabar topib qolmasligi uchun sohibqironning vafoti qattiq sir tutilgan. Izgʻirin qish pallasida Amir Temurning jasadini shuncha uzoq yoʻldan Samarqandga olib kelish va dafn qilish bilan bogʻliq barcha ish oʻta maxfiy bajarilganining sababi ham shunda boʻlsa, ajab emas.

Yana bir jihati, Samarqand Amir Temur asos solgan ulkan saltanat poytaxti edi. Buyuk sarkarda poytaxtda bir-biridan chiroyli binolar qurdirib, goʻzal bogʻlar barpo etgan. Samarqandni dunyoning eng goʻzal va obod shaharlaridan biriga aylantirish uchun koʻp kuch-gʻayrat sarflagan. Shu bois, Amir Temurning Samarqandda dafn etilishi shaharning jahonaro nufuzi va ­obroʻ-eʼtibori yanada oshishiga ham xizmat qilardi.

Koʻrkam qiyofaga kirayotgan kent

Saroyning qurilishi 1380-yilning bahorida boshlanib, 1404-yilga qadar davom etgan. 1404-yili Shahrisabzda boʻlgan ispan elchisi Klavixo Oqsaroyni tomosha qilar ekan, oʻsha vaqtda ham binoning ichki qismida bezash ishlari bajarilayotganini kundaliklarida qayd etgan. Uning maʼlumotlariga koʻra, Oqsaroy balandligi va kattaligi jihatidan oʻsha davrda yagona boʻlgan. Portallarining balandligi 71, kengligi esa 125x250 metr (yaʼni umumiy maydoni 4 gektar)ni tashkil etgan. Saroyda barcha shart-sharoit, xususan, mehmonxona, qabulxona, kanizaklar turarjoyi, masjidlar, mehmonlar uchun maxsus xonalar va ayvonlar boʻlgan. Xonalarning bezaklari bir-biridan ajralib turgani hamda saroyning ichki qismida hovuzlar boʻlgani haqida ham ispan sayyohi yozib qoldirgan. Ichki imoratlar ikki qavatdan iborat, 1000 ga yaqin xonasi boʻlgan. Hozir esa binoning faqat kirish qismi, yaʼni portallari saqlanib qolgan. Ularning ayni paytdagi balandligi 38 metr. Ravogʻi eni esa 22,5 metr boʻlib, mutaxassislarning fikricha, bu koʻrsatkich boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona. Portallar oʻz davrida faqat gʻishtlar yordamida arka orqali tutashgan boʻlib, yuqori qismi bundan 200-yil muqaddam buzilib ketgani aytiladi. Qiziqarli jihati shundaki, ustalar mahorati tufayli binoning qurilish jarayonida biror joyda taxta, yogʻoch yoki temirdan umuman foydalanilmagan. Saroyning kirish qismi oʻsha vaqtdagi poytaxt Samarqandga qaratib qurilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, sohibqiron saroy qurilishida meʼmorlik borasidagi mahoratini ham namoyon etgan.

Saroydagi bizgacha saqlanib qolgan mozaikalar oʻz tarovatini yoʻqotmay, asl holatini saqlab kelmoqda. Bino devorlaridagi naqshlar xilma-xil boʻlib, ular orasida Qurʼon oyatlari, hadislar, Amir Temurning hikmatli soʻzlari hamda oʻsha davrda ishlagan usta-hunarmandlarning ismlari yozib qoldirilgan. Xususan, portalning minora qismidagi ikki metr joyda arabcha soʻzlar bitilgan boʻlib, u “Sulton — Allohning yerdagi soyasi (elchisi)” degan mazmunni aks ettiradi. Shuningdek, peshtoqda Sohibqironning “Qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” kabi soʻzlari naqshlangan.

Manbalarga koʻra, Oqsaroy qurilishida Xorazm, Eron, Ozarbayjon hamda Hindistondan kelgan ustalar qatnashgan. Inshootning bosh meʼmori eronlik Muhammad Yusuf Tabriziy boʻlgan. Oqsaroy asosan Amir Temurning yozgi qarorgohi hisoblangan. Oʻsha vaqtda saroyga Taxtiqoracha dovonidan sopol quvurlar orqali suv keltirilgan. Quvurlar orqali muntazam oqib turgan zilol suv saroy hududining obod va yashil makonga aylanishida muhim oʻrin tutgan.

Ovoz kuchaytirgich oʻsha vaqtda ham boʻlgan

Oqsaroy yaqinida joylashgan Dorut-tilovat majmuasi saroyning shundoqqina roʻparasidan koʻrinib turadi. Majmuadan Koʻkgumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi hamda Gumbazi Sayidon maqbaralari oʻrin olgan.

Ushbu majmua XIV asrning oxiri va XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. “Dorut-tilovat” — Qurʼon tilovat qilinadigan joy maʼnosini anglatadi. Maʼlum boʻlishicha, oʻz davrida bu yerda qorilar muntazam Qurʼon oyatlarini tilovat qilgan.

Koʻkgumbaz masjidini yetuk olim hamda davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek 1434-1435-yillarda qurdirgan. U masjidni otasi Shohrux Mirzo nomidan bobosi Amir Temur sharafiga bunyod ettirgan. Masjid peshtoqining ravogʻi va ichkarisida ularning nomi hamda masjidning qurilgan vaqti yozilgan. Shuningdek, ravoqda bino jome masjidi ekani, yaʼni har juma kuni bu yerda jamoat namozi oʻqilishi taʼkidlangan. Masjid ikki gumbazli boʻlib, ostki va ustki gumbazlar oraligʻi oʻn metrni tashkil etadi. Tashqi gumbaz doirasidagi oddiy sopol gʻishtlarga pastidan ustigacha sirkor moviy, koʻk va oq tus berilib, Qurʼon oyatlari yozilgan parchalar saqlanib qolgan. Peshtoqning old tomonida ham geometrik serjilo bezaklar koʻp ishlatilgan, ularda ayrim soʻzlar mohirona bitilgan. Maʼlumotlarga koʻra, gumbazning ikki qavatliligi ichkaridagi ovozni aks sado orqali kuchaytirib berish vazifasini oʻtagan. Yaʼni imomning ovozi baland koʻtarilib, tashqaridagi jamoatga ham eshitilishi inobatga olingan. Bundan koʻrinib turibdiki, ajdodlarimiz oʻsha paytdayoq hech qanday elektr tokisiz ishlaydigan ovoz kuchaytirgichni oʻylab topgan.

Gumbazi Sayidon maqbarasini ham 1434-1435-yillarda Mirzo Ulugʻbek qurdirgan. Uning ikkinchi nomi “Avlodi muborak” deb ataladi. Maqbarada ­termizlik sayyidlarning qabrtoshlari mavjud. Sohibqiron va temuriylar davrida yashab oʻtgan termizlik sayyidlarning yirik vakili Abulmaoliy boʻlgan. Kesh shahrida yashagan olim mahalliy xalq orasida katta obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan. Shuningdek, oʻsha vaqtda sayyidlarning koʻpiga “amir” unvoni berilgan. Bu atama islom dinini mustahkamlovchi rahbar degan maʼnoni ham anglatgan.

Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida qurilgan. Shayx Shamsiddin Kulol Amir Temurning hamda otasi Taragʻay Bahodirning ustozi va piri boʻlgan. U 1370-yili vafot etgan. Manbalarga koʻra, Sohibqironning barcha muvaffaqiyati bevosita shayxning duolari bilan bogʻliq. Shu sababli ham Amir Temur Shayx Shamsiddin Kulol qabri uzra maqbara qurdirish haqida farmon bergan. Ushbu maqbara Koʻkgumbaz masjidining sharqiy tomonida joylashgan. Shuningdek, Amir Temur 1360-yilda vafot etgan otasi Taragʻay Bahodirning jasadini uning vasiyatiga binoan, 1374-yilda koʻchirib keltirib, shayxning poyiga dafn ettirgan.

Oqsaroy majmuasi qurilishi davrida bunyod etilgan Dorus-saodat meʼmoriy obidasi ham shu hududda qad rostlagan. Binoning yuqori qismi saroy oldidan ham yaqqol koʻrinib turadi. Manbalarda keltirilishicha, uning qurilishi 1379-yili boshlangan. Obidani tiklashda mahalliy ustalar bilan birga Xorazmdan keltirilgan tajribali meʼmorlar ham ishtirok etgan. Maʼlumotlarga koʻra, Sohibqironning 1376-yili erta olamdan oʻtgan sevikli oʻgʻli Jahongir Mirzoning qabri ham shu majmuaga koʻchirib kelingan. Shuningdek, keyinchalik yana bir oʻgʻli Umarshayxning jasadi ham shu yerga keltirilib, dafn etilgan.

Binoning yuqori qismi Oqsaroydagidek peshtoqli qilib qurilgan boʻlib, har bir asosida maqbaralar joylashgan. Markaziy peshtoq orqali moʻjazgina hovliga kirilgan. Uning qarama-qarshisida, markaziy oʻq boʻylab qachonlardir baland gumbazli maqbara boʻlgan. Hozir esa uning faqat daxmasigina saqlanib qolgan. Arxeologik qazishmalar natijasida uning ikki yonida keng xonalar boʻlgani aniqlangan. Ulardan birining ostidan yana bir daxma topilgan boʻlib, ustida ham maqbara boʻlgan. Keyingi qazishmalar hovli maqbara va xonalarni oʻzaro bogʻlovchi vazifasini bajarganini koʻrsatdi.

Yurtimiz mustaqillikka erishgach, Oqsaroy majmuasining qaddi va qadri tiklandi. Majmuaga davlat miqyosida katta eʼtibor qaratildi. U yana obod va goʻzal maskanga aylantirildi. Hududdagi barcha madaniy meros obyektlari tiklanib, munosib sayqal berildi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri